Главная » 2017 » Январь » 17 » Qovoq yeng, shamollamaysiz, anemiya bo‘lmaysiz!
16:53

Qovoq yeng, shamollamaysiz, anemiya bo‘lmaysiz!


Taom, dori, ro‘zg‘or uchun idish va musiqa asbobi... Agar buni dam olishga otlanayotganda tuziladigan ro‘yxat deb o‘ylasangiz, adashasiz. Bularning hammasi o‘zingiz bilgan qovoq! Ha, ha u hayotning turli jabhalarida doim yordamga shay ko‘makchi. Ayniqsa, salomatlikni asrash borasida uning oldiga tushadigan sabzavot kam topiladi. Bugun siz bilan qovoqning foydali xususiyatlari haqida gaplashamiz. Mutaxassis — Nodira HAMROYEVA.

Hamma meva va sabzavotlar vaqt o‘tgani sari tarkibidagi foydali moddalarni yo‘qota boshlaydi. Faqat qovoqqina bundan mustasno. Uni +8...+12 daraja harorat ostida 30-40 kun saqlaganingizdan keyin ham tarkibi yaxshilansa yaxshilanadiki, foydali moddalarini yo‘qotmaydi. Shuning uchun ham uni qish bo‘yi saqlash imkoniyati mavjud.

Shamollashdan himoyalaydi

Bejizga kuz keldi deguncha momolarimiz oshqovoqdan mantiyu somsalarni ko‘p-ko‘p qilib pishirib berishmas ekan-da. Axir qovoq tarkibida kuzgi shamollashlardan asraydigan S darmondorisi bisyor. Bundan tashqari, barcha sabzirang sabzavotlar tarkibida temir moddasi mavjud bo‘lib, bu modda kamqonlikni bartaraf etadi. Shuning uchun qovoq tanlayotganda imkon qadar qizg‘ishrog‘iga ixtiyor beravering.    

Uyqingiz qochdimi? 

Yotish oldidan yarim piyola qovoq sharbatiga bir osh qoshiq asal solib ichsangiz, surunkali uyqusizlikdan xalos bo‘lasiz. Chunki bunday sharbat asab tizimini tinchlantirib, organizmga huddi uyqudoridek ta’sir ko‘rsatadi.  

Sistit bezovta qilsa...

Ushbu  tabiat in’omini chinakam dorixonaga qiyoslasak, sira mubolag‘a qilmaymiz. Ayniqsa, peshob haydash xususiyati tufayli turli shishlar, sistit, pielonefrit va uretritning ba’zi ko‘rinishlarida oshqovoqqa murojaat qilsangiz yanglishmaysiz. Uni xomligicha, aytaylik salatlarga qo‘shib, yoki bug‘da pishirib tanovul qilsangiz, muammolar sizni birin ketin tark eta boshlaydi.  

Urug‘i erkaklar salomatligi uchun!

Erkaklarda yosh o‘tishi bilan prostata bezi adenomasi xastaligi yuzaga kelishi mumkin. Haftada bir piyola qovoq urug‘ini iste’mol qilib yuradigan insonlarda bu xastalik deyarli uchramas ekan. Shuningdek bu tabiiy shifobaxsh ne’mat tarkibidagi ruh (sink moddasi) urug‘ hujayrasi faolligini oshirib, farzand ko‘rish ehtimolini orttirish xususiyatiga ham ega.

Gijjada foyda?!

Qadim qadimdan xalq tabobatida qovoq urug‘i bolalar va kattalarda uchraydigan gijjaga qarshi vosita sifatida keng qo‘llanib kelingan. Chunki uning tarkibida gijjaning ba’zi turlarini falaj qilib qo‘yuvchi toksik moddalar mavjud. Biroq u gelmintni butunlay zararsizlantirish xususiyatiga ega emas. Shuning uchun tabiblar qovoq urug‘ini iste’mol qilgandan so‘ng tabiiy surgi dorilardan ham foydalanishni tavsiya qilishadi.

Go‘zalligimiz uchun

Hatto, Ibn Sino ham qovoq po‘stidan tayyorlangan damlamada yuz chayilsa, quruq yuz yumshab, yog‘li terini tinchlanishini yozib qoldirgan. Bugungi kun olimlari esa qovoq po‘sti tarkibida zamburug‘larni bartaraf etuvchi moddalar borligini aniqlashgan. Bundan tashqari bir choy qoshiqdan maydalangan qovoq, suli yormasi va yangi siqilgan olma sharbatiga bir dona tuxum sarig‘ini qo‘shib tayyor niqobni 10-15 daqiqa yuzga surtsangiz, natijasini birinchi muolajadan keyinoq seza boshlaysiz. Bunday niqobni haftada ikki marta bajarish tavsiya etiladi. Turli dog‘lardan xalos bo‘lishga esa qovoqli tonik yordam beradi. Uni tayyorlash uchun bir osh qoshiqdan qovoq va bodring sharbatlarini aralashtirib, bir osh qoshiq yog‘siz sut qo‘shasiz-da, paxtali disklar yordamida 20 daqiqaga yuzga surtasiz. So‘ng iliq suv bilan chayib tashlasangiz kifoya. Qolgan tonikni esa muzlatkichda 1 hafta davomida saqlasangiz bo‘ladi.

Qarshi ko‘rsatmalar ham mavjud

Oshqovoq juda foydali sabzavot bo‘lishiga qaramasdan, gastrit va oshqozon-ichak xastaliklari, qandli diabet, qorin dam bo‘lganida iste’mol qilish mumkin emas. Bundan tashqari, oshqovoq tarkibidagi kislotalar tish emaliga ziyon yetkazishi mumkinligini inobatga olish tavsiya etiladi.

MAFTUNA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: anemiya, shamollamaysiz, foydali, Qovoq, bo‘lmaysiz | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz