13:25 Rashkning 5 sababini aniqlab, davosini topamiz! | |
Maqtang! Sabab: Sevgan insonini yo‘qotishdan qo‘rqish. «Agar u meni tashlab ketsa, hech kimga kerak bo‘lmay qolaman», deb hisoblaydi va tashlab ketmasliklarining chorasini oldindan ko‘rmoqchi bo‘ladi. Yechim: Bu toifa kishilarning o‘ziga ishonchini oshirish kerak. Ya’ni uning dunyodagi eng mehribon turmush o‘rtoqligini aytib, maqtab turilsa, rashk xuruji chekinadi. Ularning ataylab rashkini keltirish yaramaydi, unutmang. Ochiqcha gaplashing! Sabab: Arzimgan narsada ham xiyonat soyasini ko‘radi. Na ishonadi, na tinch qo‘yadi. Har daqiqada noroziligini bildirib turish u uchun odatga aylangan. Yechim: Ochiqchasiga gaplashib oling, uning shubha-gumonlari siz uchun xaqoratomuz tuyulishini tushuntiring. Lekin eng asosiysi, o‘zingiz ham uning rashk qilishi uchun sabab bo‘la oladigan vaziyatlarga tushmaslikka harakat qiling.
E’tiboringizni qizg‘anmang! Sabab: Juftingizning sizga bee’tiborligi yoki sizning unga befarqligingiz. Yechim: Hamisha sevgan insoningizning e’tiborida bo‘lishga erisha olish katta san’at va yutuq! Faqat oshirib yuborilmasa bo‘lgani. Bu e’tibor rashk asorati sifatida nazoratu shubhaga aylanib qolmasin tag‘in?!
Sukut saqlang! Sabab: Beruxsat qilingan kichkina ishni ham o‘ziga qarshi ko‘tarilgan isyondek qabul qiladi. Bo‘ysindirish uchun tilini qisiq qiluvchi bahonalar qidirishdan charchamaydi. Yechim: O‘zingizni oqlashga urinmang. Bu janjalni avj oldiradi. Jim eshitib, bir-ikki kun o‘tgach, vaziyatga oydinlik kiriting.
Qasdma-qasd ish tutmang! Sabab: Zerikish, maqsad yo‘qligi, ishsizlik (ayniqsa, erkaklarda) behuda rashkka sabab bo‘ladi. Yechim: Avvalo xizmatlaringiz, topayotgani pulingiz, ishdan charchashingizni minnat qilmang. Turmush o‘rtog‘ingizni ruhlantiring. U bilan kelajak haqida rejalar tuzing. Bu bilan uning ishonchini oshirasiz.
Manba: "http://darakchi.uz"
| |
|