08:58 Rayhon: Farhod aka bilan birga keksalik gashtini surishni istayman | |
O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan artist Rayhon G‘aniyevaning uch farzandning otasi bo‘lgan Farhod Alimov bilan hayot yo‘lini bog‘lashi ijtimoiy tarmoqlarda keng muhokamalarga sabab bo‘ldi. Ayrimlar Farhod Alimovning oilasi buzilishida Rayhonni aybladi, deb yozadi “Darakchi.uz”. Xonanda “Sayyod.com” nashriga bergan intervyusida chindan ham mana shunday ayblovlar ko‘p bo‘lganini aytdi va ularga quyidagicha munosabat bildirdi: “Farhod aka bilan bir-birimizni 20 yildan beri bilamiz. Lekin munosabatlarimiz yaqin bo‘lmagan. Salomlashishdan nariga o‘tmaganmiz. Menga unga turmushga chiqishni taklif qilishganida u ikki yildan beri rafiqasi bilan birga yashamasdi. Ya’ni u o‘sha paytda bo‘ydoq edi. Uning ajrashishiga, oilasi buzilishiga mening umuman aloqam yo‘q. Shuningdek, Yigitali va mening munosabatlarimiz buzilishiga Farhod akaning umuman aloqasi yo‘q. Umuman olganda, men bu haqda gapirishni umuman istamagandim. Biroq, ijtimoiy tarmoqlarda menga nisbatan ko‘p ayblovlar bo‘ldi. Hatto haqoratomuz ma’nodagi shaxsiy xabar yo‘llaganlar ham bo‘ldi. Bunday xulosaga kelishlariga nima sabab bo‘lganiga tushunmayman. U menga turmushga chiqish taklifini bildirganda biz ikkimiz ham oilamizdan ajrashgan edik. Shuning uchun biz turmush qurdik. Biz ikkalamizning ham Yaratgan oldida vijdonimiz pok. Odamlarning gapiga kelsak, umid qilamanki intervyudan keyin ular bu boradagi fikrlarini o‘zgartirishadi”. “Ikki san’atkorning birdaniga bir-biriga ko‘ngil qo‘yib, to‘ylari bo‘lib ketishi qanday kechdi?”, degan savolga Rayhon quyidagicha javob berdi: “O‘ylashimcha, hamma nikohlar samoda yaratiladi. Bizning turmush qurishimizda Farhod akaning yaqin do‘sti Rashid Xoliqovning o‘rni katta. Yaratgan bizni bekorga birlashtirmaganiga juda katta umid qilaman va o‘ylaymanki bu butun umrga. Men bu inson bilan birga keksalik gashtini surishni istayman”.
Manba: "daryo.uz"
| |
|