18:33 “Rayhonni urib baloga qoldim”. Karen Gafurjanov filmlarda suratga tushmayotganiga oydinlik kiritdi | |
Xonanda va boshlovchi Karen Gafurjanov nima uchun aktyorlik faoliyatida anchadan buyon yangilik yo‘qligi, asosan boshlovchilik qilib, kliplarda suratga tushayotgani, filmlarda rol ijro etish takliflarini rad qilayotganligiga oydinlik kiritdi. Ijodkor bu haqda jurnalist Feruz Muhammad bilan bo‘lib o‘tgan suhbatida ma’lum qildi. — Menimcha xonanda Rayhon bilan birgalikda “Kechir” deb nomlangan filmdan so‘ng boshqa filmlarda suratga tushmay qo‘ydingiz. Bu taklif yo‘qligidanmi yoki boshqa bir sabab bormi? — Rayhon prodyusserligida suratga olingan “Kechir” filmidan oldin ham ko‘plab “Tohir va Zuhra”, O. Genri asari asosida yaratilgan va boshqa bir qancha qisqa metrajli filmlarda rol ijro etganman. Biroq, Rayhon bilan birgalikda ijro qilgan rolimdan so‘ng bunday salbiy rollardan yiroqroq yurish kerakmikan degan fikrga to‘xtaldim (kuladi). — Buning sababi nima? — Ko‘pchilik filmda ijro qilgan salbiy rolim qolib, o‘zimda ham o‘sha qahramon obrazini qidira boshladi. Albatta mutaxassislar obrazni mahorat bilan ijro qilinganligini e’tirof etishsa-da, biroq oddiy tomoshabin bu rolim uchun “dakki” ham berdi. Bir kuni yo‘lakda ketayotsam, har doim men bilan so‘rashib ketadigan qizcha dadasiga qarab “Rayhonni urgan yomon odam”, deya qo‘li bilan meni ko‘rsatgani hali hanuz esimda. (Kuladi) Xullas, Rayhonni urib baloga qoldim. To‘g‘ri, filmlarda boshqa o‘ynamasligimga faqat bu sabab bo‘ldi deb ayta olmayman. Bundan tashqari boshqa taklif qilingan filmlar ham o‘sha film negizidagi rollardan, unday rollar esa menga hech narsa bermasdi. Shu sababli barcha takliflarni rad qilgan edim. Bilasizmi, tarixiy asarlarni o‘qish jon-u dilim. Shuning uchun ham Shiroq, Spitamen, yoki Manguberdi kabi obrazlarini aks ettiruvchi rollarni ijro qilish butun umrlik orzum. Biroq, hali bu kabi takliflar bo‘lgani yo‘q. Bugungi kunda asosiy e’tiborimni asosan xonandalik faoliyatimdan tashqari, barcha uchun sevimli bo‘lib ulgurgan “Milliy TV” telekanalining “Shirchoy” dasturidagi boshlovchiligimga qaratganman. Bilasizmi, axil jamoa muhiti, telekanalda ijod qilish uchun yaratilgan sharoitlar doimo har bir loyiha va efirga kreativ yondashishga undaydi. Qolaversa, kliplar, ijtimoiy va boshqa reklama roliklarida suratga tushayapman. Masalan, yaqinda xonanda Hadichaning “Aldama” klipi, “O‘zbekinvest” eksport-import sug‘urta kompaniyasi, “Myday.uz” sayti va boshqalarning bir qancha roliklaridagi ijrolarim shular jumlasidan. Albatta, ijodkor odam uchun bu kabi muhitdan nafas olib yashash juda muhim. Umid qilamanki, tez kunda o‘z qo‘shig‘imga ham klip olaman va yangidan yangi rejadagi g‘oyalarimga eng asosiysi vaqt topib, o‘z muhlislarimni yanada shod etaman.
Manba: "daryo.uz"
| |
|