Bugun, 26 avgust kuni Madridning “Real” klubining Twitter ijtimoiy tarmog‘idagi sahifasiga xakerlar tomonidan hujum uyushtirildi.
Sahifani buzib kirishni uddalagan “kompyuter qaroqchilari” “Real” klubi “Barselona” hujumchisi Lionel Messini sotib olgani haqida yolg‘on xabarni qoldirishgan. Shuningdek, xabarga Messi tomonidan “Real” darvozasiga urilgan so‘nggi golning videosi ham “tirkab” qo‘yilgan. Ushbu yangilikni bir soat davomida 28 ming nafar internet foydalanuvchilari o‘qishga ulgurishgan.
Xabar joylanganidan so‘ng oradan ikki soat o‘tib, mazkur ma’lumot “Real” sahifasidan o‘chirildi. Hujum javobgarligini “Our–Mine” xakerlik guruhi o‘z zimmasiga oldi. Eslatib o‘tamiz, avvalroq Saudiya Arabistonining “Our–Mine” xakerlik guruhi “Barselona” jamoasining Twitter sahifasini buzib kirib, “PSJ” yarim himoyachisi Anxel Di Mariyani kataloniyaliklar safiga qo‘shilgani haqidagi xabarni joylashtirgandi.