12:38 Ro‘za tutish COVID-19 bilan kasallanish xavfini oshiradimi? | |
Ramazon ro‘zasini tutish odamning immun tizimiga ta’sir qiladi va shu sababdan koronavirus yuqtirish ehtimolligi ortadimi? Kun davomida ro‘za tutish oqibatida odamning immuniteti zaiflashadi, bu esa virus yuqqanda salbiy holatlarga olib keladimi?.. Xuddi shu kabi savollarni menga juda ko‘p marotaba berishyapti. Men biolog sifatida ro‘za tutish va immun tizimining pasayishi orasidagi munosabatlarga oid o‘ndan ortiq ilmiy ishlarni ko‘rib chiqdim. Shular asosida Sizga quyidagilarni aytishim mumkin. Xulosa qilish o‘zingizdan. Odamning immun tizimi asosan qon plazmasidagi immunoglobulinlar va qonning shaklli elementlaridan bo‘lgan oq qon tanachalari (leykotsitlar)ga bog‘liq. Mana shularga Ramazon ro‘zasining ta’siri qanday bo‘lishi to‘g‘risida juda ko‘plab ilmiy tadqiqotlar olib borilgan. Jumladan, hayvonlarda o‘tkazilgan tadqiqotlarda ro‘za tutish paytida immunoglobulin A (IgA)ning ichak shilliq qavatidagi ekspressiyasi (faoliyati), monotsitlarning mikroblarni o‘ldirish xususiyati, tabiiy qotil-hujayra (limfotsitlar) va makrofaglarning faolligi oshganligi aniqlangan. Odamlarda o‘tkazilgan tajribalarda 35 nafar sog‘lom erkakda Ramazon ro‘zasining immun tizimiga ta’siri kuzatilgan. Bunda ro‘zadan avvalgi va ro‘zadan keyingi immun tizim ko‘rsatkichlari solishtirib tekshirilgan. Aniqlanishicha qon plazmasi tarkibidagi IgG miqdori kamaygan, lekin normadan tushib ketmagan. So‘lak tarkibidagi IgA ning ham miqdori kamaygan, plazmadagi IgMning miqdori esa umuman o‘zgarmagan. Limfotsitlar soni esa aksincha ko‘paygan. Makrofaglarning faolligi oshgan. Neytrofillarning sonida hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan. Umumiy holdagi tana bo‘ylab aylanib yuruvchi immun tizim kompleksida ham hech qanday o‘zgarish kuzatilmagan. Mutaxassislar tajribalar natijasida ramazon ro‘zasi odam immun tizimiga hech qanday jiddiy salbiy ta’sir ko‘rsatmaydi deb xulosa qilishgan. Immun tizimidan tashqari organizmning boshqa xususiyatlariga ro‘zaning ta’siri haqida ham o‘nlab tadqiqotlar qilingan. Bular haqida ham batafsil yozgim kelmoqda, lekin sizlarning vaqtingizni olib postni cho‘zmayman. Xulosa sifatida tibbiyot yo‘nalishidagi mashhur ilmiy jurnallardan biri bo‘lgan «Frontiers in Neuroscience»da 2019 yilda avstriyalik olimlar ro‘za tutishning salomatlikka ta’siri haqida yozgan maqolalaridagi ushbu gap bilan yakunlayman: «Bizning natijalarimiz uzluksiz ro‘za tutish organizmda virusli kasallik yuzaga kelgan vaqtda immun tizimi va kasallikka reaksiya berish xususiyatini susaytirmasligini, aksincha oshirishini ko‘rsatib berdi».
Manba: "xabar.uz"
| |
|