00:36 Ro‘za tutish qoidalarini bilasizmi? | |
Muqaddas Ramazon oyi ham kirib keldi. Bu oy o‘zi bilan tinchlik-omonlik, qut-baraka, fayz va go‘zallik olib keladi. Ramazon ro‘zasini tutishning ham bir qancha qoidalari borki, uni ado etish barobarida savob va yaxshilik olinsa, ikkinchidan Muqaddas oyning hurmati ham joyiga qo‘yiladi. Saharlik Ro‘za lug‘atda – “siyom” deb atalib, o‘zini bir narsadan tiyishni bildiradi. Shariat istilohida esa: “Tong otgandan to quyosh botgunicha niyat bilan ro‘zani buzuvchi narsalardan o‘zini tiyishdir”. Ya’ni, kishi saharlik vaqtidan to shom vaqtiga qadar yemay, ichmay, jufti haloli bilan jinsiy aloqa qilmay turadi. Subhi sodiq kirishi bilan saharlik vaqti tugab, ro‘za vaqti boshlanadi. Ikkisining o‘rtasini ajratib turadigan uchinchi bir vaqt yo‘q. Saharlik o‘z vaqtida bo‘lgani afzal. Lekin subhi sodiq kirgan-kirmagani borasida ikkilanadigan darajada kechiktirish makruh. Ro‘za tutish niyatsiz bo‘lmaydi, albatta, niyat qilinib, saharlik duosi o‘qilishi lozim. Og‘iz yopish duosi quyidagicha: “Navaytu an asuma sovma shahri ramazona minal fajri ilal mag‘ribi, xolisan lillahi ta’ala. Allohu akbar”.
Iftorlik va taroveh Iftorlik ham, albatta, niyat va duo ila qilinadi. Iftorlik (og‘iz ochish) duosi: “Allohumma laka sumtu va bika amantu va a’layka tavakkaltu va a’la rizqika aftartu, fag‘firli ya g‘offaruma qoddamtu va ma axxortu birohmatika ya arhamar rohimiyn, Allohu akbar”. Ana shu duo ila ro‘zador og‘zini ochadi, halol taomlar bilan taomlanadi. Ovqatlanishda shoshma-shosharlikka yo‘l qo‘yilmaydi. Chunki bu holat mo‘min odobiga to‘g‘ri kelmasligi bilan birga salomatlikka ham zararlidir. Shundan so‘ng taroveh namoziga chiqiladi. Ro‘zadorning odoblari Kim ro‘za tutib, Allohning ibodatini amalga oshirsa, u o‘zini boshqalarga o‘rnak bo‘lishi uchun ham odobli, bosiq va xushmuomala tutishi lozim. Ro‘zadorning tilidan har xil keraksiz gaplar chiqmasligi, ro‘za tutgan kishi g‘iybat, chaqimchilik kabi ishlardan uzoq bo‘lishi, haqoratli gap-so‘zlarni, umuman, gapirmasligi lozim. O‘zga ro‘zadorlarni ham hurmat qilishi, ularga shirin so‘zlashi, mushkullarini oson qilib berishi kerak. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ro‘za va Qur’on qiyomat kunida banda uchun shafoat so‘raydilar. Ro‘za: «Robbim, men uni taom va maylliklardan to‘sdim, mening u haqidagi shafoatimni qabul qil!», deydi. Qur’on: «Men uni tunlari uyqudan to‘sdim, mening u haqidagi shafoatimni qabul qil!», deydi. Shundan so‘ng ularning shafoatlari qabul qilinadi» (Imom Ahmad rivoyati).
Ramazon oyida ro‘za tutmaslik oqibati Abdulloh ibn Mas’ud roziyallohu anhu dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Islomning asosi va dinning poydevori uchta bo‘lib, ular ustiga Islom tiklangan. (Ular): «Allohdan o‘zga iloh yo‘q» deb guvohlik berish, farz qilingan namozlar va Ramazon oyining ro‘zasi» (Abu Ya’lo, Daylamiy va imom Zaxabiy rivoyatlari). Abu Hurayra raziyallohu anhu dedi: «Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ramazonning bir kunida Alloh izn bermagan ruxsatsiz (qasddan) ro‘za tutmagan odam hayoti davomida ro‘za tutsa-da, qazo o‘rniga o‘tmas» (Imom Abu Dovud, Imom ibn Mojja, imom Termiziy rivoyatlari). Ro‘zador unutib biron narsani yeb-ichsa, ro‘zasi buzilmaydi, balki Allohning mehmoni bo‘ladi. Rasululloh sollallohu alayhi va sallam dedilar: «Ro‘zadorligini unutib yegan yoki ichgan odam, ro‘zasini yetkazsin. Chunki uni Alloh yedirib, ichirgandir» (Imom Muslim rivoyati). Ammo ro‘zani qasddan ochish gunoh hisoblanadi. Umuman olganda, Ramazonni munosib o‘tkazish, uning odoblariga, qoidalariga rioya etish har bir mo‘min-musulmonning farzidir. Ramazon ro‘zasini besabab qoldirish va uni tutmaslik kishini gunohkor etadi. Hayotidan baraka ko‘tariladi. Chunki Ramazonning har bir daqiqasida baraka yashiringan. Saytimiz tahririyati jamoasi O‘zbekiston ahlini, barcha mo‘min-musulmonlarni muqaddas Ramazon oyi bilan qutlaydi. Bu oyni munosib o‘tkazishni va amallarimizni Alloh dargohida qabul qilib, o‘ylagan barcha ezgu niyatlarning ro‘yobini Yaratgandan so‘rab qoladi.
Manba: "kun.uz"
| |
|