22:09 Saida Mirziyoyeva: «Ancha budjet mablag‘i sovurilibdi», degan gaplar ham bo‘ldi | |
Xudo xohlasa, bugun, 14-fevral kuni soat 20:30 da «Milliy» telekanalida uzoq kutilgan «Mendirman Jaloliddin» serialimizning premerasi bo‘ladi, deb yozadi Saida Mirziyoyeva o‘zining Telegram kanalida. Serial efirga uzatilmasdanoq odamlarda katta qiziqish uyg‘otdi va qizg‘in bahs-munozaralarga sabab bo‘ldi. Bu — tabiiy. To‘laqonli kino ko‘rinishidagi tarixiy serial olish amaliyoti bizda deyarli yo‘lga qo‘yilmagan. Demak, bu — biz uchun yangilik. Yangi havo esa har qanday jamiyatni doim to‘lqinlantiradi. Serialimiz kimgadir yoqishi, kimgadir ma’qul kelmasligi ham tabiiy holat. Biz premeradan so‘ng fikrlar turli-tuman bo‘lishga tayyormiz. Odamlar o‘z mulohazasini erkin bildirishi jamiyatning ochiqligi belgisidir. Masalan, eng ko‘p savol filmda nega bosh rolga turk aktyori taklif etilgani haqida bo‘ldi. Asosiy maqsad serial orqali aktyorlarni tanitish emas, balki taniqli aktyorlar orqali jahonga millatimiz qahramonlarini namoyon qilishdir. Serial to‘qima obrazlar va voqealar bilan boyitildi. Seriallarning asosiy maqsadi — tomoshabinlarda tarixiy qahramonlarga, tarixiy voqealarga qiziqish uyg‘otish. Odamlar o‘zimizning boy tariximizga qiziqib, uni o‘rganishlari — serialning eng katta maqsadi. Serial, hujjatli filmlardan shunisi bilan farq qiladi. «Ancha budjet mablag‘i sovurilibdi», degan gaplar ham bo‘ldi. Ammo bu ta’na asossiz. Serial to‘liq homiylar ko‘magida ishlandi. Buning uchun bosh homiy «Orient Finans Bank»ga minnatdorlik bildiramiz. Azizlar, bugun «Mendirman Jaloliddin» filmi ijodkorlari va bu loyihani qo‘llab-quvvatlagan barcha uchun uzoq kutilgan bayram! Keling, maza qilib serialni tomosha qilaylik. Serialimiz sizga yoqadi, degan umiddamiz.
Manba: "xabar.uz"
| |
|