09:35 Саратонга қарши универсал вакцина синовдан ўтказилди | |
Stenfordlik shifokorlar immunoterapiyaning immun hujayralarini muayyan o‘simtalarga yo‘llash va sanoqli kunlar ichida ularni to‘liq yo‘q qilish imkonini beruvchi yangi turini ishlab chiqishdi hamda buni sichqonlarda sinovdan o‘tkazishdi. Science Translational Medicine jurnali shu haqida xabar berdi. "Bu antijism va molekulalar o‘z-o‘zidan saratonga hech qanday ta’sir ko‘rsata olmaydi, biroq ularning kombinatsiyasi mutlaqo o‘zgacha ta’sirga ega. Biz ularning aralashmasi bemorlarni davolashda, shuningdek saratonning boshqa turlariga qarshi kurashda ham xuddi shunday samarali natija berishini taxmin qilyapmiz", - deydi Stenford universiteti olimi Ron Levi. So‘nggi yillarda molekulyar biolog va shifokorlar saraton, allergiya, diabet va boshqa bedavo kasalliklarga qarshi kurashda immunoterapiyaga alohida e’tibor qaratishmoqda. U o‘z mohiyatiga ko‘ra juda oddiy – olimlar inson immunitetini saraton hujayralariga qarshi yo‘naltirishga harakat qilishmoqda, buning uchun turli antijismlar, tirik mikroblar va qator boshqa noodatiy "o‘ljalar"dan foydalaniladi. Bugunga kelib immunoterapiyaning klinik sinovlardan muvaffaqiyatli o‘tgan va AQSh hamda qator mamlakatlarning nazorat organlari tomonidan tasdiqlangan bir necha turi mavjud. Levi va uning hamkasblari immunoterapiyaning juda samarali versiyasini ishlab chiqishdi. Bunga qadar bu kabi g‘oyalarni amalga oshirish muvaffaqiyatsiz yakunlangandi, zero aksariyat saraton hujayralari yo immunitetga ko‘rinmaydi, yoki uning faoliyatiga faol to‘sqinlik qiladi. Tajribalar davomida olimlar atigi ikki molekuladan foydalanib, kerakli natijaga erishish mumkinligini aniqlashdi. Biologlar preparatlarning bu kombinatsiyasini ko‘krak bezi saratoniga moyil bo‘lgan sichqonlarda sinab ko‘rishdi. Tadqiqotlar natijasiga ko‘ra, bu aralashmaning kiritilishi atigi 10 kunda o‘simtaning to‘liq yo‘q bo‘lishiga olib kelgan. Shunisi diqqatga sazovorki, unga qo‘shni bo‘lgan yangi hosil bo‘layotgan o‘simtalar ham kichraya boshlagan, holbuki olimlar ularga qarshi maqsadli kurash olib borishmagan. Bundan tashqari, keyingi kuzatuvlar bunday vaksina sichqonlarni yangi saraton o‘choqlari paydo bo‘lishidan himoyalashini, shuningdek jarrohlik yo‘li bilan ularning tanasiga implantatsiya qilingan boshqa turdagi saraton o‘simtalarini yo‘q qilishini ko‘rsatgan. Bularning bari, Levining so‘zlariga ko‘ra, bunday immunoterapiyaning katta klinik istiqbolga ega ekanidan dalolat beradi. Manbada aytilishicha, yaqin yillarda qator ko‘ngillilar ishtirokida klinik tajribalarning samarasi o‘z isbotini topadi.
Manba: "kun.uz"
| |
|