Главная » 2016 » Октябрь » 28 » Shahzodaning sanamay aytgan 8 haqiqati
19:48

Shahzodaning sanamay aytgan 8 haqiqati


Hayotni sayohat deydilar. Biz umr yo‘llaridan asta odimlar ekanmiz, o‘zimizning noma’lum qirralarimizni kashf etamiz, yangi haqiqatlarni anglab yetamiz. Sahifamizning ilk qahramoni Shahzoda o‘ttiz yetti dovonni oshib o‘tdi. Yo‘llar va yillar aro uning yo‘qotganlari-da, topganlari-da ko‘p. Anglaganlarini esa qog‘ozga tushirdik… 

«Hayotning o‘zi katta mukofot»
— Hamma narsaga ijobiy qarashga harakat qilaman. Muammolar kimda bo‘lmaydi, deysiz? Biroq bu ruhiyatni alamlar girdobiga cho‘ktirish kerak degani emas-ku! Qanday hodisa ro‘y berishiga qaramay, hayot aslida shodlik va uning har onidan zavqlanish kerak. U men uchun ulkan baxt, mukofotning o‘zginasi. 

Hozir 36 yoshdaman. Shu paytga qadar ikki o‘g‘illi bo‘lishga, baxtli oila qurishga ulgurdim. Shuningdek, sevimli kasbim bilan shug‘ullanish nasib etdi. Axir kasbingiz ishtiyoq, quvonch bag‘ishlasa, umringiz nuru ziyoga to‘laveradi. Inson zaruriyat sabab emas, balki ko‘ngli zavqqa to‘lishi maqsadida ishlashi kerak. Hunarim daromad olib kelgani yaxshi, albatta. Chunki men azaldan mustaqil ishlashga odatlanganman. Hatto kichikligimda ota-onamdan qarz olardim-u, so‘ng o‘zim pul topib, qaytarib berardim. 

 «Sinovlar o‘tkinchi…»
— Umrim davomida turli sinovlarga duch keldim. Qanday qiyinchiliklarga ro‘baro‘ kelmang, uning yaxshilikka yetaklashiga ishonsangiz, maqsadingiz sari intilishda davom etaversangiz, ijobiy natijasini ko‘raverarkansiz. Axir sinovlar o‘tkinchi, faqat ulardan to‘g‘ri xulosa chiqarish kerak. Nolib yashashdan hech qanday foyda yo‘q. Men katta o‘g‘limga muammolar qarshisida kuchli bo‘lish kerakligini uqtiraman. Masalan, bugun hammasi yetarlidir, ertaga bunday bo‘lmasligi mumkin. Shunday kezlarda inson darhol o‘zini qo‘lga olib, olg‘a odimlashda davom etishi zarur. Ijodimda 6 yillik tanaffus bo‘lganiga ham achinmayman, chunki u davr meni yanada sabrli, yanada kuchli bo‘lishga o‘rgatdi.

«Oilada do‘stlik muhim!»
— Oila mustahkamligida ikki tomonning o‘zaro hurmati muhim ahamiyatga ega. Juftliklarning bir-birini tushunishi, muammolarni birgalikda kelishib hal etishi, muntazam ravishda suhbatlashishi zarur. Bizda shunday. Turmush o‘rtog‘im uchun avvalo do‘st bo‘lishga urinaman. U kishidan biror ishni boshlashdan avval har tomonlama o‘ylab chiqish kerakligini, bosiqlikni, chuqur mulohaza qilishni o‘rganganman. Hatto tanishlarim ham turmushga chiqqanimdan keyin ancha o‘zgarganligimni ko‘p ta’kidlashadi. Umr yo‘ldoshimdan behad minnatdorman!

 «Bo‘lar bola boshidan…»
— To‘ng‘ichim Solihning menga nisbatan hurmati baland. Farzandlarga do‘stona munosabatda bo‘lish shart, deb o‘ylayman. To‘g‘ri, uning biror noma’qul ishidan yo sinf rahbarining tanbehli qo‘ng‘irog‘idan darrov jazavaga tushaman, so‘ng o‘zimga kelgach, bosiqlik bilan suhbatlashib, sabablarni aniqlayman. Tushuntirish ishlarini olib boraman. Nima bo‘lishidan qat’i nazar o‘g‘limga ovozimni balandlatib gapirmaganman. U ham o‘z navbatida meni nima demoqchiligimni tushunadi. O‘n ikki yoshidan boshlab ovqat tayyorlaydi, uydagi yumushlarni bajaradi. Kenjamga homilador bo‘lganimda hech idish-tovoq yuvganimni eslolmayman. Hammasini o‘zi qilardi. Farzandlarimga hali kichik bola-ku deb emas, balki o‘z dunyoqarashi, istaklari, qiziqishlariga ega alohida shaxs deb qarayman. Solihim juda mehribon. Kichkintoyim Xolid ham akasiga o‘xshashini istardim. 

 «Baxtni his qilmoq baxti»
— Kun davomida bajarishim zarur bo‘lgan ishlar ko‘p. Yangi taronalar ustida ishlaymiz, klip suratga olamiz, tadbirlarda ishtirok etishga shoshilaman. Tinimsiz harakat, yugur-yugurlar bilan goho ovqatlanishga ham ulgurmayman. Kechga yaqin oyoqlarimda charchoqni sezaman, ruhan toliqqanimni his etaman. Uyga kelganimda Xolidni ko‘raman-u, butun charchoqlarim izsiz yo‘qoladi. Qalbimni qamraydigan go‘zal tuyg‘ularni ta’riflab ham berolmayman. Menimcha, onalargina meni tushunsa kerak. Farzandlarim bilan haqiqiy baxtni his qilaman! Barcha dardimizga eng yaxshi darmon, bu kichkintoylarimizning tabassumi… 

 «Ona bo‘lib onamni tushundim…»
— O‘smirligimda ota-onamga nimanidir isbotlash uchun tortishgan, ulardan biror sabab tufayli arazlagan damlarim bo‘lgan. O‘sha paytlarda o‘zimni kattalardek his etib, men haqman deb o‘ylaganman-da. Lekin vaqt, yillar o‘tgan sari ancha ulg‘ayib, o‘zim ona bo‘lganimdan so‘ng ko‘p narsani angladim. Ularni yanada ko‘proq qadrlashni boshladim. Ota-onam hayot ekaniga behisob shukr! 

«Yuragimga yaqinlarim…»
— Insonlarning faqat yaxshi tomonlarini ko‘rishga harakat qilaman. Quvnoq, suhbatga tez kirishib ketadiganlarni xush ko‘raman. Biroq do‘stlik men uchun jiddiy mavzu. Ota-onangiz, turmush o‘rtog‘ingiz, farzandingiz do‘st. Bir paytlari umuman tanimagan insoningiz bir kuni chin, sadoqatli yoringizga aylansa, o‘zingizni baxtli insonman deb hisoblasangiz bo‘ladi. Do‘stlarim juda ko‘p deb aytolmayman. Ammo yuragimga yaqin insonlarim borligidan boshim ko‘kka yetadi. 

«Yaxshilik, albatta, qaytadi!»
— Hayotda turli insonlarga, turli vaziyatlarga duch kelamiz. Turfa qiyofalarni uchratimiz. Kimgadir qachondir bilib-bilmay qilgan kichkinaga yaxshilingiz bir kuni juda katta mukofot bo‘lib qaytadi! Ezgu niyatlarga qancha oshno bo‘lsak, shuncha yo‘llarimiz yorishaveradi. Men har tongni nafaqat kun davomidagi rejalar, balki minnatdorchilik hissi, yaxshi niyatlar va tabassum bilan qarshi olaman. Shunda hayotingiz yanada ko‘rkamlashib boraverarkan.

Ra’no ALIMOVA


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Shou-biznes habarlari | | Теги: Shahzoda | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz