20:00 Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Prezidenti etib saylandi | |
O‘zbekiston Prezidenti saylovini yoritish bo‘yicha Respublika matbuot markazida saylovning dastlabki natijalariga bag‘ishlangan matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi. Tadbir O‘zbekiston televideniyesi orqali jonli efirda namoyish etildi. Markaziy saylov komissiyasi (MSK) raisi Mirzo-Ulug‘bek Abdusalomovning ma’lum qilishicha, 4-dekabr kuni bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston Prezidenti saylovida saylovchilar ro‘yxatiga kiritilgan 20 million 461 ming 805 nafar saylovchidan 17 million 951 ming 667 nafari ovoz berishda ishtirok etdi. Bu ro‘yxatga kiritilgan saylovchilar umumiy sonining 87,73 foizini tashkil etadi. “O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti saylovi to‘g‘risida”gi Qonunning 35-moddasiga muvofiq, ro‘yxatga olingan saylovchilarning kamida 33 foizi saylovda qatnashsa, Prezident saylovi o‘tgan, deb hisoblanadi. Prezident saylovining dastlabki natijalariga ko‘ra, · Sarvar Otamuratov 421 ming 55 nafar yoki 2,35 foiz, · Shavkat Mirziyoyev 15 million 906 ming 724 nafar yoki 88,61 foiz, · Hotamjon Ketmonov 669 ming 187 nafar yoki 3,73 foiz, · Narimon Umarov 619 ming 972 nafar yoki 3,46 foiz ovoz to‘plagan. MSK raisining alohida qayd etishicha, saylov jarayoni davomida qonunchilik talablari va normalarining buzilganligi haqida axborotlar kelib tushmagan.
Manba: "daryo.uz"
| |
|