15:11 Tayyor qatlama xamirdan 5 xil pishiriq | |
Har tong nonushtaga tuxum qaynatish yoki qovurishdan zerikdingizmi? Unda sizga tayyor qatlama xamirdan tez tayyorlanadigan pishiriqlar resepti asqatadi! Oddiy va oson tayyorlanadigan nonushtabop yeguliklarni albatta pishirib ko‘ring! 1. Sariyog‘li. 250 gr. tayyor qatlama xamirni olib, yoying. Keyin uchburchak shaklda kesing. 2 osh qoshiq sariyog‘ va 1 osh qoshiq shakarni aralashtirib, kesilgan uchburchak shakladgi xamirlarga surting. 190 darajada qizdirilgan gaz pechida 10 daqiqada pishadi. 2. Yong‘oqli. 500 gr. qatlama xamirni un sepib, yoying-da, o‘rtasidan ikkiga bo‘ling. 100 gr. shakar, 1 osh qoshiq dolchin, 1 stakan maydalangan yong‘oq va yarim stakan mayizni aralashtiring. Keyin kesilgan xamirlarga aralashmani soling-da, rulet shaklida o‘rang. Ruletni 1,5-2 sm. kattalikda to‘g‘rab, yog‘langan patnisga tering. 190 darajada qizdirilgan gaz pechida 20 daqiqada pishadi. 3. Olcha murabboli. 250 gr. qatlama xamirni ozgina yoyib, 10-12 cm.lik to‘rtburchak shakllar kesing. Har biriga ko‘pirtirilgan tuxum surtib, 2 osh qoshiq olcha murabossidan solib chiqing. Keyin ozgina kraxmal seping-da, tuging. Atrofini sanchqi yordamida shakl bering. Ustiga tuxum sarig‘i surtib, yog‘langan qolipga tering. 200 darajada qizdirilgan gaz pechida 20-25 daqiqada pishadi. Pishgach, yuziga qand upasi seping. 4. Olmali. 500 gr. qatlama xamirni yoyib, 5 sm. kattalikdagi to‘rtburchak shakllar kesib oling. 4 ta olmani mayda to‘rtburchak shaklda to‘g‘rang. 2 osh qoshiq sariyog‘ni qizdirib, past olovda olmani qovuring. Keyin 100 gr. mayiz ham qo‘shing. Yarim stakan shakarga bir choy qoshiq dolchinni aralashtirib, qovurilgan olmaga qo‘shing. Keyin olmali aralashma kesilgan xamirlarga solib, xat shaklida tuging. 190 darajada qizdirilgan gaz pechida 15 daqiqada pishadi. 5. Pishloqli. 250 gr. pishloqni qirg‘ichdan o‘tkazing. 1 dona tuxum va 2 osh qoshiq sariyog‘ qo‘shib, yaxshilab aralashtiring. Qatlama xamirni bo‘laklarga ajratib, 10 ta to‘rtburchak shakl kesib oling. Keyin pishloqli aralashmadan solib, tuging. Yog‘langan qolipga terib, 220 darajada qizdirilgan gaz pechiga 25 daqiqaga qo‘ying.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|