09:26 Xarobadan chiqqan millionerlar. Kambag‘al oilada voyaga yetgan taniqli futbolchilar | |
Bugungi kunga kelib, futbolchilar dunyoning eng ko‘p maosh oluvchi shaxslari hisoblanadi. Ronaldu, Messi va Neymar singari charm to‘p ustalarining bir yillik daromadiga esa istalgan biznesmen yoki millioner faqat havas qilishi mumkin. Tabiiyki, ular o‘z daromadlari orqali o‘zi va yaqinlarini to‘kin hayot bilan ta’minlab qo‘yadi. Biroq ularning aksariyati doimo bunday hayot kechirmagan, hatto ayrimlari o‘ta qashshoq oilalarda voyaga yetib, qorin to‘qlash uchungina futbolga qadam qo‘ygan. Quyida aynan kambag‘al oilalardan chiqqan eng yorqin futbol yulduzlari haqida hikoya qilamiz. Aleksis Sanches Faoliyati davomida “Barselona”, “Arsenal”, “Manchester Yunayted” singari grand jamoalarda to‘p surgan “Inter” hujumchisi o‘ta og‘ir bolalikni boshdan o‘tkazgan. Sanches Chilining kichik Tokopilya shaharchasida tug‘ilgan, otasi baliqchilik qilib, oilasini tebratardi. Oilaning yagona daromad manbayi baliqchilik bo‘lgani uchun Aleksisning onasi Sanches o‘qiydigan maktabga farrosh bo‘lib ishga kiradi. Tabiiyki, yosh va hali ko‘p narsani tushunmaydigan Sanchesga bu yoqmasdi: “Onam maktabni tozalayotganda uni u yerda ko‘rishni yoqtirmaganim uchun yashirinib olardim”. Shu tufayli u maktab va mashg‘ulotlardan bo‘sh vaqtlarida mashinalarni yuvib, pul topishga harakat qilardi. Hozirda esa o‘sha mashina yuvuvchi Milan shahrida hashamatli hayot kechiradi. Agar futbolchi bo‘lmaganida Sanches katta ehtimol bilan ota kasbini tanlashi mumkin edi. Anxel di Mariya PSJ yulduzi ko‘mirchilar oilasida dunyoga kelgan. Oila to‘g‘ridan to‘g‘ri o‘z uyida ko‘mir sotish bilan shug‘ullanardi. Biroq bundan keladigan pullar faqatgina kun kechirishga yetardi, xolos. Aynan Anxel 17 yoshida oilasini ushbu mashaqqatlardan olib chiqadi va bugungi farovon hayot sari yetaklaydi. Di Mariyaning ham otasi izidan ketishi aniq edi. Boisi otasi unga futbolni yig‘ishtirib, o‘zi bilan birga konda ishlashga da’vat qiladi. Biroq uning onasi bunga yo‘l qo‘ymaydi va o‘g‘lining futbol o‘ynashi uchun qo‘lidan kelgan barcha ishni qiladi. Zinedin Zidan “Real Madrid” bosh murabbiyining ota-onasi jazoirlik muhojirlar bo‘lib, ular yaxshi hayot izlab Fransiyaga kelib qolgandi. Otasi omborda ishlar, onasi esa uy bekasi bo‘lgan. Zidanning yoshligi esa Marsel ko‘chalarida tentirash bilan o‘tgan. Oila bazo‘r kun kechirardi. Hatto yosh Zidanda futbol o‘ynash uchun ketalar ham bo‘lmagan. Zidan bir safar agar futbolchi bo‘lmaganida, portda ishlashi mumkinligini aytgandi. Karlos Teves Manchester klublari va “Yuventus”dagi yorqin o‘yinlari orqali muxlislar e’tirofiga sazovor bo‘lgan Tevesni olti oyligida onasi tashlab ketadi, 6 yoshida esa otasi otib tashlanadi. Shundan so‘ng uni nochor yashashi va o‘zining to‘rt nafar farzandi bo‘lishiga qaramay, xolasi o‘z qaramog‘iga oladi. Tevesning o‘zi bolaligini shunday eslaydi: “Bolaligimda hech qachon ko‘chaga yolg‘iz chiqmaslikka harakat qilardim, chunki bu o‘ta xavfli edi. Kechalari bizning hududimiz fuqarolar urushi paytidagi Bayrutni (Livan) eslatardi — hayqiriqlar, otishmalar va politsiya sirenalari. Derazalarimizga daydi o‘qlar uchib kelardi, biz esa yerga yiqilib tangriga ibodat qilardik. Ertasi kuni hech narsa bo‘lmagandek, maktab yoki mashg‘ulotga yo‘l olardim, ko‘pincha tunda o‘ldirilgan jasadlarni chetlab o‘tishimga to‘g‘ri kelardi. Atrofimizda hayoti spirtli ichimliklar va giyohvand moddalardan iborat bo‘lgan odamlar juda ko‘p edi. Ular asosan o‘g‘rilik bilan kun kechirardi. Maktabdan bo‘sh vaqtlarda do‘stlarim bilan ertadan to kechgacha to‘p tepardik. Bizda hatto shaxsiy to‘p bo‘lmasdi, shuning uchun uni ijaraga olardik. Poyabzalim shu qadar oyog‘imni siqardiki, bora-bora oyoq barmoqlarim o‘sishdan to‘xtadi. “Maydon”imizda o‘ynash esa o‘ta xavfli ish edi. Chunki u yer iflos shprislar va singan shishalar bilan to‘lib toshgandi. Biz Coca-Cola yoki cho‘ntak pullari uchun o‘ynardik. G‘alabadan keyin yutuqqa non yoki biror yegulik olib, maydonning o‘zida uni paqqos tushirganimizni yaxshi eslayman”. Shu tariqa Tevesning oldida ikki yo‘l bor edi: futbol yoki bezorilik. Karlos birinchi varianti tanladi va hech qachon bundan afsuslanmadi. Krishtianu Ronaldu Ronaldu Portugaliyaning Madeyra orolida kambag‘al oilada dunyoga keladi. Onasi oshxonada ishlardi, otasi esa ichkilikka ruju qo‘yib, deyarli pul topmasdi. Dastlab onasi Krishning tug‘ilishini eshitib, uni abort qildirmoqchi bo‘ladi. Boisi oila shundoq ham qiynalib yashardi. Ammo u so‘nggi pallada fikrini o‘zgartiradi va Ronalduni dunyoga keltirishga qaror qiladi. Shu tariqa dunyodagi eng yaxshi futbolchi paydo bo‘ladi va aynan u butun boshli oilani qashshoqlikdan olib chiqadi. Ronaldu bolaligidan futbol bilan yashardi, bunga qisman bo‘lsa-da, unda boshqa o‘yinchoqlarning yo‘qligi ham sabab bo‘lgan. Hozirda Ronaldu xuddi ertaklardagidek hayot kechiradi: hashamatli uylar, mehmonxonalar, mashinalar, samolyotlar va hokazo. Biroq bir kam dunyo deganlaridek, Ronaldu intervyularidan birida ko‘ziga yosh olib, shunday degandi: “Yetti yoshimda otamga Maykl Jeksonniki singari hashamatli uyim bo‘lishini aytdim, shunda u menga orzular orzu bo‘lib qolaverishini va faqat boylargina bunga erishishi mumkinligini aytdi. Men ulg‘aydim, hozir esa orzum amalga oshdi, lekin afsuski, otam bularni ko‘rmadi”.
Manba: "daryo.uz"
| |
|