16:29 Xitoylik tadqiqotchilarning koronavirusga qarshi vaksinasi makaka maymunlarida muvaffaqiyatli natija berdi | |
Shartli nomi purified inactivated SARS-CoV-2 virus vaccine candidate bo‘lgan va shu sababli qisqartma tarzida PiCoVacc deb yuritilayotgan mazkur preparat makaka maymunlarida infeksiyadan himoya chorasi sifatida yaxshi natija berdi va nojo‘ya ta’sirlarni ham keltirib chiqarmadi. Maqolada aytilishicha, mutaxassislar sakkizta makakaga 3 mg va 6 mg ko‘rinishidagi ikki xil vaksina dozasini yuborishgan. Vaksina yuborilgandan uch hafta o‘tib esa ushbu sakkiz maymunga SARS-CoV-2 virusning yengil shakli yuqtirilgan. Keyingi kuzatishlar esa olimlarni xursand qilgan. Chunki maymunlardan birortasida COVID-19 infeksion kasalligi rivojlanmagan va ular orasida infeksiya tarqalishi ham sodir bo‘lmagan. Kattaroq dozada, ya’ni 6 mg vaksina qabul qilgan makakalarda virusga qarshi reaksiya nisbatan kattaroq samara bergan: vaksina ingalyatsiya qilinganidan keyin yetti kun o‘tib qilingan tahlillarda maymunlarning na o‘pkasi va na og‘iz bo‘shlig‘ida virus namunalarini topishmagan. Uch mg dan, ya’ni kamroq dozada vaksina olgan maymunlarda esa infeksiyaning xiyol namoyon bo‘lishi kuzatilgan va u bilan ham maymun organizmi qiyinchiliksiz kurashib, bemalol yengib o‘tgan. Nazorat guruhida esa olimlar to‘rtta makakani ushlab turishgan va ularga hech qanday vaksina yubormasdan, SARS-CoV-2 infeksiyasini yuqtirishgan. Ularning barcha tana a’zolarida SARS-CoV-2 virusi RNK namunasining yuqori konsentratsiyasi aniqlangan va pnevmoniyaning og‘ir shakli yuzaga kelgan. PiCoVacc borasidagi tadqiqot natijalariga boshqa olimlar tomonidan bildirilgan munosabatlar ichida uni ma’qullaganlarni va shubha ostiga olganlarni uchratish mumkin. Xususan, COVID-19 profilaktikasi bo‘yicha ilmiy ish olib borayotgan virusolog olim Florin Kremer bu vaksinaning inaktivatsiya qilingan vaksina ekaniga urg‘u bergan holda uning samara berishiga umid bildirdi. Xususan, u “Bu – eski maktab. Eng yaxshi jihati esa vaksina ishlab chiqaruvchilarning aksariyati, shu jumladan, aholi daromadlari o‘rtamiyonadan past bo‘lgan mamlakatlarda ham uni ishlab chiqara oladi”, deb aytdi. Pittsburg universitetida ishlovchi mutaxassis, maymunlarda turli vaksinatsiya sinovlari olib boradigan tadqiqotchi Duglas Rid esa sinov uchun olingan makaka maymunlari soni juda kam bo‘lganiga urg‘u berdi. Uning aytishicha, bu miqdor vaksina sinovidek muhim statistik natijalar uchun qabul qilishga kamlik qiladi. Qolaversa, Rid keltirgan eng asosiy e’tiroz shundaki, SARS-CoV-2 virusi makaka maymunlarida odamlardagidek jiddiy simptomlarni keltirib chiqarmaydi. Shunga ko‘ra, bu borada maymunda kuzatilgan samara odamda ham takrorlanishiga ishonish qiyin degan u. Maqolada Sinovac mutaxassislari o‘zi ham tan olib aytishicha, ularning koronavirusga qarshi vaksina yaratish borasidagi ushbu modeli balki eng yaxshi model bo‘lmasligi mumkin, lekin shunga qaramay, makakalar o‘pkasida hech qanday zararlanish belgilari topilmagani ularni xursand qildi. Shuningdek, ular virusning turli mutatsiyalari vaksina samaradorligiga nisbatan qanday bardoshli bo‘lishi haqidagi savolni o‘rganib chiqdi. Buning uchun ular Xitoy, Italiya, Shveysariya, Ispaniya hamda Buyuk Britaniyadagi bemorlar orasida tarqalayotgan COVID-19 epidemiyasi infeksiya shtammlarining kalamush, sichqon va maymunlardagi antitanalari ustidan tajriba qilib ko‘rdi. Aniqlanishicha, antitanalar virusning filogenetik daraxt bo‘yicha keng tarqalgan har qanday turini samarali tarzda neytrallagan. Maqola so‘ngida aytilishicha, Sinovac laboratoriyasida mutaxassislar ushbu vaksinaning odam tanasidagi sinov jarayonlarini ham allaqachon boshlab yubordi. Sinovlarning birinchi bosqichida 144 nafar ko‘ngilli qatnashmoqda. Agar dastlabki sinovlar kutilgan samarani bersa, ikkinchi bosqich sinovlar may oyidayoq start olishi mumkin. JSST bergan ma’lumotlarga qaraganda, hozirgacha koronavirusga qarshi vaksinaning olti xili odamlarda sinovdan o‘tkazib ko‘rildi, yana 77 xil vaksina esa hali yaratilish bosqichida turibdi. Vaksinalarning katta qismini yaratish jarayonida irsiy muhandislik sohasiga oid zamonaviy vositalar qo‘llanilmoqda va faqat to‘rt xil vaksina, shu jumladan, PiCoVacc vaksinasi inaktivatsiya texnologiyasiga tayanadi xolos. (Shuning uchun ham uni Florin Kramer “Eski maktab” deb atagan).
Manba: "daryo.uz"
| |
|