18:52 Xonanda Farrux Ahmedov do‘stining o‘limiga sababchi bo‘ldi | |
Oxirgi ikki uch yilda o‘zbek kinorejissyorlari tomonidan taqdim etilayotgan filmlar son jihatidan ortsa ham, sifat jihatidan tobora sayoz bo‘lib ketganiga guvoh bo‘lyapmiz. Davlat buyurtmasi asosida suratga olinayotgan kartinalar bundan mustasno. Xususiy studiyalar tomonidan suratga olinayotgan kartinalarning ham yaxshilari yo‘q, deb bo‘lmaydi, biroq bori ham yomonlarining ortida ko‘rinmay qolyapti. Kecha, 17 may kuni Toshkentdagi Alisher Navoiy nomli kinosaroyida rejissyor Lochin Oxunovning “Asragil” nomli filmi premerasi bo‘lib o‘tdi. Mazkur kartina mavzu jihatidan bugungi kunda ishlanayotgan ko‘plab filmlardan farq qilmasa-da, aktyorlar jamoasi va voqealarning uzviy bog‘liqligi bilan boshqalardan ajralib turibdi. Film ssenariysi Rustam Jabborov va Dilmurod Masaidovga tegishli. Ssenariy avval boshidan puxta bo‘lgani seziladi, ammo montaj, tasvirga olish jarayonidagi ba’zi noqulayliklar sabab tushunarsiz qismlarga duch kelasiz. Umuman olib qaraganda esa filmda uzuq-yuluq lavhalar, tugallanmay qolgan voqealar ko‘zga tashlanmaydi. Rejissyor bunda detallar va voqealarning dinamikasiga alohida e’tibor qaratgani seziladi. Farrux Ahmedov o‘ziga berilgan vazifani shu qadar ishonchli uddalaganki, tomoshabin to filmning oxiriga qadar uning sotqin ekani va barcha voqealar u bilan bog‘liqligini payqamaydi. Ayni paytda kartina shahar kinoteatrlarida namoyish etilmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|