15:07 Xorazmdagi “samosud”: ayol nega kaltaklangani aniqlandi | |
Avvalroq, Xorazm viloyatining Qo‘shko‘pir tumanida bir guruh ayollar boshqa bir ayolni urib, do‘pposlab, sochini kesib, “samosud” qilgani haqida xabar bergan edik. Hodisa yuzasidan Xorazm viloyati IIB rasmiy ma’lumot bergan va jinoyat ishi qo‘zg‘atilganini ma’lum qilgandi.
Ichki ishlar vazirligi huzuridagi Tergov departamenti holat bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumot berdi va mojaroning sababini ochiqladi. Bildirilishicha, 9 iyun kuni taxminan soat 22:40 da Qo‘shko‘pir tumani “Ittifoq” mahallasida yashovchi 20 yoshli H.O. dugonalari D.A., L.M., M.M., D.K. bilan birgalikda yashash uyiga kelayotgan bo‘lgan. Shu vaqtda oldidan 31 yoshli S.D. boshqaruvidagi Nexia rusumli avtomashina kelib to‘xtagan va undan shu mahallada yashovchi K.D., R.D, va O.D. tushib, “Sen nima uchun o‘g‘lim va kelinimni turmushini buzib, buzg‘unchilik qilib yuribsan” deb har xil so‘zlar bilan haqorat qilib, urib tan jarohati yetkazgan. Bu holatni shu yerda bo‘lgan S.D. o‘zining uyali telefon apparatiga videotasvirga olib turgan. Surishtiruv davomida X.O. shu mahallada yashovchi K.D.ning o‘g‘li S.D. bilan 2016 yildan buyon yashab kelayotganligi, hozirda bir nafar farzandi borligi aniqlangan. Sud tibbiy ekspertiza xulosasida X.O. chap bilak, chap-o‘ng yelka, boldir, chap son va ko‘krak qafasini qontalashlari bo‘lib, yengil tan jarohati olganligi aniqlangan. Mazkur holat yuzasidan Qo‘shko‘pir tumani bo‘yicha IIO FMB xuzuridagi tergov bo‘linmasi tomonidan K.D., R.D., O.D. va N.R.ga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 277-moddasi 2-qismi “b,g” bandlari (bir guruh shaxslar tomonidan, o‘z mazmuniga ko‘ra umum e’tirof etgan axloq qoidalarini namoyishkorona mensimaslikda ifodalanuvchi o‘taketgan behayolik bilan bezorilik sodir etilsa) bilan jinoiy ish qo‘zg‘atilgan. Sunnatilla Abdullaev
Manba: "qalampir.uz"
| |
|