Главная » 2020 » Сентябрь » 26 » Xushnudbek Xudoyberdiyev: «Super kontrakt» narxi qancha va kimlar uchun?
17:17

Xushnudbek Xudoyberdiyev: «Super kontrakt» narxi qancha va kimlar uchun?


Test natijalari chiqishni boshlagach, abituriyentlardan qo‘shimcha kontrakt (xalq tilida «super kontrakt») haqida savollar ko‘paydi. Shularni inobatga olib, qo‘shimcha kontrakt haqidagi ayrim savollarga javob berishga harakat qilaman, deb yozadi Xushnudbek Xudoyberdiyev o‘zining telegram kanalida.

Qo‘shimcha kontrakda o‘qish uchun necha ball olish kerak?

Farqi yo‘q. Testga kirgan bo‘lsa, kifoya. 1 ball olgan bo‘lsa ham, qo‘shimcha kontraktda o‘qishi mumkin. Faqat narxi baliga qarab farq qiladi.

Qo‘shimcha kontraktda o‘qishni xohlaganlar qachon ariza berish kerak?

O‘qishga kira olmagan abituriyentlar qo‘shimcha kontraktda o‘qish uchun 26-sentyabr — bugundan boshlab ariza bersa bo‘ladi. Lekin maslahatim, bugun-erta (shanba-yakshanba) borib o‘tirmang. Dam olish kuni. Dushanba kunidan borsangiz ma’qulroq. Arizani 1 oy ichida bersangiz bo‘laveradi, shoshilish shartmas. Kim birinchi ariza bersa, o‘sha birinchi qabul qilinadi degan qoida yo‘q. To‘plangan ballga qarab tartibga solinadi.

Ariza qayerga beriladi?

Qo‘shimcha kontraktda o‘qish istagida bo‘lganlar OTM rektori nomiga ariza beradi.

Beshta yo‘nalishdan qaysi birida o‘qish mumkin?

O‘tgan yili istalgan 3 ta yo‘nalishdan birida super-kontraktda o‘qishga ruxsat berilgandi. Olingan ma’lumotlarga ko‘ra, joriy yilda ham istalgan beshta yo‘nalishdan birida (xohlasa birinchi, xohlasa beshinchi) o‘qishga ruxsat beriladi.

O‘qishga kirganlar boshqa yo‘nalishga super-kontraktni tanlay oladimi?

Masalan, birinchi yo‘nalishga bali yetmadi, lekin ikkinchi yo‘nalishga o‘qishga kirdi. Abituriyent ikkinchida o‘qishni istamay, birinchi yo‘nalishda super-kontraktda o‘qiy oladimi? Yo‘q, o‘qiy olmaydi. Agar abituriyent beshta yo‘nalishdan qaysidir biriga xoh grant, xoh kontraktga kirgan bo‘lsa, unda boshqa yo‘nalishlarda super-kontrakt qilolmaydi.

Qo‘shimcha kontraktning narxi qancha?

Qo‘shimcha to‘lov-kontrakt miqdori amalda o‘rnatilgan to‘lov-kontrakt miqdoriga nisbatan quyidagi miqdorlarda belgilanadi:

1-toifa

Kirish chizig‘iga 4 ball yetmaganlar nisbatan ancha arzon kontrakt to‘laydi. Jumladan:

1 ballgacha yetmagan abituriyentlar uchun — 1,5 barobar;

1.1 balldan 2 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,0 barobar;

2.1 balldan 3 ballgacha yetmaganlar uchun — 2,5 barobar;

3.1 balldan 4 ballgacha yetmaganlar uchun — 3,0 barobar.

Masalan, kirish bali 140 bo‘lgan deylik. 139 ball to‘plagan abituriyent kontraktning 1,5 barobarini to‘laydi. Masalan, asli 10 mln so‘m kontrakt bo‘lsa, 15 mln so‘m to‘lasa, kifoya.

138,9 ball olgan abituriyent esa 2 barobarini to‘laydi, ya’ni 20 mln so‘m. Va h.k.

2-toifa

56,7 balldan ko‘p to‘plagan, lekin kirish chizig‘iga 4 balldan ko‘proq yetmay qolgan abituriyentlar kontrakt summasining 10 baravaridan oshiq miqdorda to‘laydi.

 

Masalan, yana o‘sha kirish 140 ball bo‘lgan yo‘nalishni misol qilsak, 135,9 balldan kam 56,7 balldan ko‘p to‘plaganlar 2-toifaga tushadi.

Joriy yilda 2-toifa uchun narxlar hali tasdiqlanmadi. O‘tgan yildagi narxlarni quyidagi manzildan (t.me/xushnudbek/3180) ko‘rib olishingiz mumkin. Shuningdek, joriy yildan super-kontrakt narxlarini OTMlar o‘zlari belgilashadi.

3-toifa

56,7 balldan kam to‘plaganlar (masalan, 1 ball bo‘lsa ham) 2-toifadagi super-kontrakt miqdorining 2 barobarini to‘lab o‘qishlari mumkin. Masalan, oddiy super-kontrakt 15 barobar bo‘lsa, 56,7 balldan kam to‘plaganlar 30 barobar to‘lab, super-muper kontraktda o‘qishi mumkin.

Qo‘shimcha kontrakt har yili to‘lanadimi yoki bir marta?

Bir marta to‘lanadi. 1-o‘quv yilini tugatgandan so‘ng keyingi yillarda el qatori oddiy kontraktni to‘lab o‘qishadi.

Magistraturada ham qo‘shimcha qabul bormi?

Ha, bor. Faqat magistraturada bakalavrga o‘xshab tabaqalashtirilgan qimmat kontrakt to‘lanmaydi, oddiy kontrakt narxi qancha bo‘lsa, qo‘shimcha qabul qilingan magistrlar ham shuncha to‘lashadi.

Super-kontraktni bo‘lib-bo‘lib to‘lasa bo‘ladimi?

O‘tgan yili super-kontraktni yil davomida ikkiga bo‘lib yoki hattoki oylarga bo‘lib to‘lash imkoniyati ham berilgan edi. Joriy yilda ham berilsa kerak.

Super-kontrakt uchun ta’lim krediti olsa bo‘ladimi?

Yo‘q, super-kontrakt uchun ta’lim krediti berish amaldagi qonunchilikda belgilanmagan. Lekin banklar bozor narxlarida o‘z kreditlarini taklif etishi mumkin.


Manba: "xabar.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: Super Kontrakt, Xushnudbek Xudoyberdiyev, narxi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz