Главная » 2021 » Март » 22 » Yana bir sohada qonunbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga pul beriladi
13:09

Yana bir sohada qonunbuzarlik haqida xabar bergan fuqarolarga pul beriladi


Normativ-huquqiy hujatlar loyihalari muhokamasi portalida “Yerdan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga qat’iy rioya etilishini ta’minlash hamda bu sohada davlat nazoratini takomillashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Prezident farmoni loyihasi joylashtirildi.

Unga ko‘ra, 2021 yil 1 sentyabrdan boshlab foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ularda noqonuniy ob’ektlar qurish hamda tegishli hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish to‘g‘risida aniqlangan holatlar haqida xabar bergan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan BHMning 10 foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi.

Qonun loyihasida belgilanishicha, 2021 yil 1 avgustdan boshlab yangi ajratilgan yer uchastkasi yoki qurilgan (qurilishi tugallanmagan) boshqa ko‘chmas mulk ob’ektining fasad qismida ularning egalari tomonidan QR-kod joylashtiriladi.

Shu maqsadda 1 avgustgacha barcha yer fondi uchastkalari, bino va inshootlar, shu jumladan yengil qurilmalar xatlovdan o‘tkazilib, davlat reyestriga QR-kod biriktiriladi.

O‘zbekiston Respublikasi Davlat soliq qo‘mitasi huzuridagi Kadastr agentligining tuman (shahar) bo‘linmasi:

•    yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish holatlari yuzasidan ushbu ob’ektga kirish uchun vaqtincha cheklash bo‘yicha dalolatnoma tuziladi va zarur hollarda uning atrofi to‘liq lenta bilan o‘rab olinadi;

•    vaqtincha cheklov o‘rnatilgan o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi (bino, inshoot)ni bo‘shatish, unda joylashgan noqonuniy qurilish ob’ektini ixtiyoriy buzib tashlash to‘g‘risida qurilishni amalga oshirgan (oshirayotgan) jismoniy shaxsga yoki yuridik shaxsning rahbariga (uning vakiliga) qat’iy hisobi yuritiladigan raqamlangan maxsus ogohlantiruvchi yozma ko‘rsatma beradi.

Yozma ko‘rsatma talabi 15 kunlik muddatda bajarilmaganda:

•    Agentlikning vakolatli mansabdor shaxsi tegishli ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risida bayonnoma tuzadi hamda noqonuniy qurilish ob’ektini majburiy buzdirish, o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkasi (bino, inshoot)ni bo‘shatish va yer maydonini o‘z holatiga keltirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritadi;

•    O‘zboshimchalik bilan imorat qurish natijasida huquqlari buzilgan shaxs(lar) yoxud vakolatli boshqa davlat organi tomonidan noqonuniy qurilish ob’ektini majburiy buzdirish bo‘yicha sudga da’vo arizasi kiritilishiga ruxsat beriladi.

Yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash hamda tegishli ruxsat beruvchi hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish holatlari yuzasidan ushbu ob’ektga kirish uchun vaqtincha cheklash talabiga bo‘ysunmaslik hokimiyat vakilining qonuniy talablarini bajarmaslik etib baholanadi va belgilangan tartibda javobgarlikka tortish uchun asos hisoblanadi.

2022 yil 1 sentyabrdan:

•    Agentlikning vakolatli mansabdor shaxslari ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni rasmiylashtirish va ko‘rib chiqish maxsus dasturiy ta’minot o‘rnatilgan mobil qurilma (keyingi o‘rinlarda – planshet) orqali ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnomani tuzadi va huquqbuzarga axborot-telekommunikatsiya tarmog‘i orqali ushbu bayonnomaning elektron yoki qog‘oz shaklini taqdim etadi;

•    bayonnomani tuzuvchi mansabdor shaxs huquqbuzarning biometrik hujjatlarini planshet yordamida yoki yuz tuzilishini rasmga olib yoxud barmoq izlarini tushirish orqali real vaqt rejimida O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi va (yoki) Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Davlat personallashtirish markazi bazasidan uning shaxsini aniqlaydi;

•    huquqbuzar bayonnomada ko‘rsatilgan ma’muriy huquqbuzarlikni o‘zi sodir etganligiga e’tiroz bildirmagan taqdirda, u bayonnomani planshetdagi maxsus skanerlovchi uskuna orqali barmoq izlarini tushirish yo‘li yoki elektron grafik imzosi bilan tasdiqlaydi. Huquqbuzar o‘zining jismoniy nuqsoni tufayli bayonnomani o‘qish yoki imzolash imkoniyatiga ega bo‘lmasa, bayonnoma unga o‘qib eshittiriladi va vakolatli mansabdor shaxs tomonidan bu haqda bayonnomaga belgi qo‘yiladi;

•    huquqbuzarga tayinlangan jarimani “Elektron hukumat”ning yagona billing tizimi orqali masofaviy to‘lash imkoniyati yaratiladi.

2021 yil 1 sentyabrdan boshlab yerga oid huquqbuzarliklar haqidagi ma’lumotlarni aniqlash, to‘plash, qayta ishlash, saqlash, shuningdek yerga oid huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish tartibotlar “E-YER NAZORAT” avtomatlashtirilgan axborot tizimi (keyingi o‘rinlarda – “E-YER NAZORAT” AAT) orqali amalga oshiriladi hamda Agentlik uning operatori hisoblanadi.

“E-YER NAZORAT” AATga yerga oid huquqbuzarliklarni o‘z vaqtida kiritish va huquqbuzarlik ishlarini ko‘rib chiqish natijalari to‘g‘risida ma’lumotlarni joylashtirish uchun Agentlik, Bosh prokuratura, Bosh prokuratura huzuridagi Majburiy ijro byurosining hududiy bo‘linmalari, Ichki ishlar vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi, Ekologiya va atrof muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi va ularning hududiy bo‘linmalari hamda tegishli mahalliy davlat hokimiyati organlari mas’ul hisoblanadi.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari, Agentlik, Qurilish vazirligi, Qishloq xo‘jaligi vazirligi hududlarda yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallash, tegishli ma’muriy hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish holatlari hamda o‘zboshimchalik bilan qurilgan imoratni aniqlash uchun shaxsan javobgar hisoblanadi.

Belgilanishicha:

•    o‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalarini monitoring qilish Agentlik tomonidan har yili 1 martga qadar tasdiqlanadigan reja asosida amalga oshiriladi;

•    yerlardan foydalanish to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga so‘zsiz rioya etilishini monitoring qilish tartibi O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan belgilanadi;

•    yerlarni monitoring qilish, ularni xatlovdan o‘tkazish va o‘lchash, shuningdek ko‘chmas mulkni davlat ro‘yxatidan o‘tkazmaslik va yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish bo‘yicha ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi ishlarni ko‘rib chiqish Tekshiruvlarni elektron ro‘yxatga olish yagona tizimida ro‘yxatga olinmagan holda amalga oshiriladi;

•    uchinchi shaxsga tegishli bo‘lmagan yoki nizo predmeti hisoblanmagan o‘z hududiga tutash yer uchastkasida shaharsozlik hujjatlari asosan umumiy yer uchastkasining 2 foizigacha bo‘lgan maydonda o‘zboshimchalik qurilish ishlarini (joylashtirish) amalga oshirganlik (egallab olganlik) har bir sotix va foydalanilgan yil davri uchun mazkur yer toifasiga belgilangan yer solig‘i stavkasiga nisbatan 100 karra miqdorida to‘lov amalga oshirgan jismoniy va yuridik shaxslarga, ushbu yer uchastkasiga bo‘lgan huquqi rasmiylashtiriladi va mulk ob’ektlariga bo‘lgan huquqlarning davlat reyestrida o‘zgartirish kiritiladi (muhofaza zonalari hududlarida o‘zboshimchalik bilan egallab olgan yer uchastkalari bundan mustasno). Ushbu mablag‘lar to‘liq Respublika byudjetiga yo‘naltiriladi;

•    2021 yil 1 sentyabrdan boshlab foto va video qayd etish texnika vositalari orqali yer uchastkalarini o‘zboshimchalik bilan egallab olish, yer uchastkalaridan maqsadsiz foydalanish, ularda noqonuniy ob’ektlar qurish hamda tegishli hujjatlarda belgilanganidan ortiqcha yerdan foydalanish to‘g‘risidagi yangi aniqlangan holatlar qayd etilgan xabar bergan shaxslar huquqbuzardan undirilgan jarima hisobidan bazaviy hisoblash miqdorining o‘n foizi miqdoridagi pul mukofoti bilan rag‘batlantiriladi;

•    Agentlikning dasturiy ta’minotini qayta ishlash, zarur bo‘lgan texnik uskunalar, server, planshet, dasturlarni va boshqa moddiy-texnika ashyolarini xarid qilish bilan bog‘liq xarajatlar Agentlikning byudjetdan tashqari jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan qopalanadi.

Ma’lumot uchun, fuqarolar noto‘g‘ri joyda axlat tashlangan holatlar, litsenziya sohasidagi qonun buzilishlari, korrupsiyaga oid huquqbuzarliklar hamda yo‘l harakati qoidabuzarligi haqida xabar berganliklari uchun ham pul mukofoti beriladi.


Manba: "qalampir.uz"
Категория: Mahalliy Habarlar | | Теги: fuqarolarga, qonunbuzarlik, Pul | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz