09:26 Yangi o‘quv yilidan boshlab OTMlarda 100 ballik tizimdan voz kechiladi | |
2018-2019 o‘quv yilida oliy ta’lim muassasalarida o‘quv jarayoni yangidan takomillashtirilgan me’yoriy hujjatlarga ko‘ra tashkil etilishi belgilandi. Bu haqida Milliy matbuot markazida Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vazirligi va OAV vakillari bilan bo‘lib o‘tgan uchrashuvda Oliy va o‘rta-maxsus ta’lim vaziri birinchi o‘rinbosari Odil Abdurahmonov batafsil ma’lumot berib o‘tgan. «Yangi o‘quv yilida bir qancha islohotlarni amalga oshirishga harakat qildik. Xususan, bu yilda talabalar o‘zlashtirishini baholash tizimi takomillashtirilgan ko‘rinishda joriy etiladi. Bunda avvalgi 100 ballik tizimdan voz kechiladi va 5 ballik baholash kiritiladi. Shu jumladan, pedagogning yakuniy nazorat imtihonlaridagi ishtirokini istisno etish amaliyoti qo‘llaniladi. Navbatdagi o‘zgarishlardan biri «ustoz-shogird» an’anasini joriy etish maqsadida o‘quv yuklamalarini hisobga olgan holda professor-o‘qituvchilar «vaqt me’yorlari»ning yangi mexanizmlari tasdiqlanadi. Oliy ta’lim muassasalarida pedagog xodimlarni tanlov asosida ishga qabul qilish yangi tartibi belgilanadi. Bitiruvchi talabalar topshiradigan yakuniy davlat attestatsiya imtihonlari optimallashtiriladi va asosan bitiruv malakaviy ishlari yoki mutaxassislik fanlaridan davlat imtihonlariga e’tibor beriladi», deya Abdurahmonovning so‘zlarini keltirgan «Kun.uz» muxbiri. Anjumanda, shuningdek, bir qator yangiliklar aytib o‘tilgan. Respublikadagi 5ta oliy ta’lim muassasasida 2018-2019 o‘quv yilidan qo‘shma diplom dasturi asosida bakalavr va magistratura bosqichlarida kadrlar tayyorlash boshlanadi. Bunda xorijiy va mahalliy OTMlar bilan «2+2» va «3+1» dasturi asosida o‘quv jarayonini tashkil etish yuzasidan o‘zaro kelishuv amalga oshiriladi. Ikki tomonlama shartnoma asosida talabalar xorijda mutaxassisliklari bo‘yicha maksimal 4 semestr davomida amaliyot o‘tashlari mumkin. Ayni paytda vazirlik tomonidan xorijiy oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorlikda 8ta filial, 22ta qo‘shma fakultet, 46ta ikki tomonlama qo‘shma dasturlarni joriy etish asosida kadrlar tayyorlashni yo‘lga qo‘yish bo‘yicha muzokaralar o‘tkazilyapti.
Manba: "kun.uz"
| |
|