18:57 O‘zbekistonda yangi o‘quv yili ham masofaviy boshlanishi kutilmoqda | |
O‘zbekistonda oliy ta’lim muassasalariga kirishdagi ijodiy imtihonlar joriy yilning 1 avgustidan keyin boshlanadi. Bu haqda O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vaziri Inomjon Majidov Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida o‘tgan brifingda ma’lum qildi.
O‘zbekistonda pandemiya kun sayin avj olmoqda. Vaziyat qachon barqarorlashishi noma’lum. Bu esa ta’lim jarayoniga ham o‘z ta’sirini ko‘rsatadi. Vazirning qayd etishicha, OTMlarda ta’lim jarayoni onlayn shaklda ham davom etishi mumkin.
O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq ilk holat qayd etilganidan keyin – joriy yilning 16 mart kunidan boshlab mamlakatdagi barcha ta’lim muassasalari yopildi. Ular faoliyatini onlayn tarzda davom ettirdi. Biroq, mamlakatda internet sifatining pastligi, ayrim hududlarga umuman internet yetib bormagani bu sohada qator muammolarni suv yuzasiga chiqardi. Agar muammolar bartaraf etilmas ekan, o‘quvchilar va o‘qituvchilar sentyabrdan yana xuddi shu muammolarga duch keladi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|