Главная » 2022 » Ноябрь » 5 » O‘zbekistonda noyob operatsiya amalga oshirildi
11:54

O‘zbekistonda noyob operatsiya amalga oshirildi


Akademik V.Vohidov nomidagi Respublika ixtisoslashtirilgan xirurgiya ilmiy-amaliy tibbiyot markazida bir vaqtning o‘zida yurak koronar-shuntlash va buyrak transplantasiyasi amaliyoti o‘tkazildi. Bu haqda Sog‘liqni saqlash vazirligi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, bu milliy xirurgiya tarixidagi ilk noyob operasiya o‘zbek kardiojarroh va transplantologlari tomonidan mustaqil bajarilgan.

Bemor D.Gʻoyibov 47 yoshda. Yuqori qon bosimi, bosh og‘rig‘i, ko‘z xiralashishi va doimiy charchoq kabi asoratlardan aziyat chekib, o‘zida surunkali buyrak yetishmovchiligi borligidan xabar topadi va dializ muolajalarini ola boshlaydi.

Qolaversa, u ko‘p yillardan beri qandli diabet, gipertoniya kasalligi sabab kardiolog va endokrinolog nazoratida ham turgan. Bularning barchasi uning ahvolini yanada og‘irlashtirgan.

Natijada joriy yilning sentyabr oyida Xirurgiya markaziga buyrak ko‘chirib o‘tkazish bo‘yicha murojaat qiladi. Bemorga o‘z qizi Z.Gʻoyibova donorlik qiladigan bo‘ldi.

“Buyrak transplantasiyasi juda uzoq vaqt davom etishi sababli buni xastaning yuragi ko‘tara olmasligi mumkin edi. Chunki tekshiruvlar davomida bemor yuragining uchta joyida jiddiy muammo aniqlandi. Operasiya davomida yurak tanaga qon yetkazib bera olmasdan, infarkt yuzaga kelishi xavfi bor edi. Shuning uchun ham rejalashtirilgan amaliyot ikki bosqichda o‘tishi belgilandi”, – dedi markazning bo‘lim mudiri, professor Fazliddin Bahriddinov.

Ta’kidlanishicha, birinchi bosqichda yurakda koronar-shuntlash amaliyoti bajarilib, unga parallel ravishda buyrak ko‘chirib o‘tkazishga qaror qilingan.

Mutaxassislarning fikriga ko‘ra, bunday murakkab amaliyot dunyo bo‘yicha yiliga atigi 5-10 marta amalga oshiriladi. O‘zbekiston hududida esa hali bunday operasiya bajarilmagan. Xirurgiya markazida tashkil etilgan komissiya a’zolarining ruxsati bilan boshlangan ushbu yuqori texnologik noyob muolaja muvaffaqiyatli yakunlangan.

Hozir bemor va donorning ahvoli yaxshi, ularni tibbiy standartlar bo‘yicha davolash jarayoni davom ettirilmoqda.


Manba: "xabardor.uz"
Категория: Salomatlik | | Теги: O‘zbekistonda, noyob, oshirildi, amalga, Operatsiya | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz