17:53 Namanganda noyob Qurʼoni Karim mushafi o‘g‘irlab ketildi | |
Tahririyatga Chortoq tumanidagi Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohida saqlanayotgan Qurʼoni Karim mushafi o‘g‘irlangani haqida maʼlumot kelib tushdi. Kun.uz muxbiri holatga oydinlik kiritish maqsadida Namangan viloyati Madaniy meʼros boshqarmasi rahbari Muhammadjon Qodirov bilan bog‘landi. Muhammadjon Qodirov kitob rostdan ham yo‘qolganini tasdiqladi. Uning qo‘shimcha qilishicha, obʼekt madaniy meros agentligi ixtiyorida bo‘lsa-da, u yerni tasarruf etish alohida direksiya zimmasiga yuklatilgan va Qurʼoni Karim mushafi ham o‘sha direksiya tomonidan saqlanadi. Ziyoratgohni tasarruf etayotgan direksiya bilan bog‘lanishning imkoni bo‘lmadi. Chortoq tumani hokimligi axborot xizmati masofa uzoqligini, u yerdagi holat bo‘yicha batafsil maʼlumot bera olmasligini bildirdi. O‘g‘irlangani aytilayotgan Qurʼoni Karim mushafi to‘liq ipak matodan tayyorlangan bo‘lib, u 1874 yilda yozib tugatilgan. Kitobning bo‘yi 74 santimetr, eni 51 santimetr va qalinligi 12 santimetr bo‘lgan. 426 betdan iborat kitobning har bir betiga 13 qatordan oyatlar yozilgan. Qo‘lyozma Mavlono Xoja Lutfulloh Chustiy xonaqohi va mozoriga daxldor hisoblanadi. U 1995 yilgacha Qirg‘izistonning O‘zgan shahrida, Toshkentda imomlik qilgan va yashagan Eshonxon Oqilov xonadonida saqlangan. 1995 yilda kitobni namanganlik Kamolxon Muhiddinov o‘z yurtiga olib kelgan. 2017-2019 yillarda, Sulton Uvays Qaroniy ziyoratgohi taʼmirlangandan so‘ng qo‘lyozma o‘sha yerga olib chiqib qo‘yilgan edi. Manbaning Kun.uz’ga maʼlum qilishicha holat viloyat huquqni muhofaza qiluvchi organlariga maʼlum. Ammo xozircha masʼullar vaziyatni o‘rganishga shoshilishmayapti.
Manba: "kun.uz"
| |
|