19:27 Namanganda 16 yashar bola bir kunda ikkita avtomobil o‘g‘irladi | |
Qayd etilishicha, joriy yilning 8 sentabr kuni soat 01:00 larda Chust tumani Maʼrifat ko‘chasida yashovchi 33 yoshli B.D. Chust tumani IIB navbatchilik qismiga qo‘ng‘iroq qilib, shu kuni soat 00:30 da unga tegishli bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinasi nomaʼlum shaxs tomonidan, yashash uyi oldidan o‘g‘rilab ketilganini maʼlum qilib, ushbu shaxsga nisbatan qonuniy chora ko‘rishni va avtomashinasini topishda amaliy yordam berishni so‘ragan. Mazkur holat yuzasidan Chust tuman IIB huzuridagi Tergov bo‘linmasi tomonidan nomaʼlum shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksning 267-moddasi 1-qismi (transport vositasini olib qochish) bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Olib borilgan tergov-tezkor harakatlari natijasida, mazkur jinoyatni Chust tumani “Dasht” ko‘chasida yashovchi 16 yoshli A.A. sodir etgani aniqlanib, jabrlanuvchiga tegishli bo‘lgan Matiz rusumli avtomashinani Namangan shahar Navoiy ko‘chasi hududiga tashlab, nomaʼlum tomonga qochib ketgani aniqlangan. Voyaga yetmagan A.A.ni ushlash choralari ko‘rilib, u Chust tumani markazida “VAZ-2106” rusumli avtomashinani boshqarib yurgan vaqtida IIB xodimlari tomonidan ushlangan. Ushbu avtomashina kimga tegishli ekaniga oydinlik kiritilganda A.A. shu kunning o‘zida Matiz rusumli avtomashinani tashlab, soat 08:00 larda Chust tumani “Pansada” MFYga borib, shu mahallada yashovchi 22 yoshli K.A.ga tegishli bo‘lgan “VAZ-2106” rusumli avtomashina yashash uyi oldida eshigi ochiqligi va kaliti o‘zida ekanligidan foydalanib olib qochgani aniqlangan. Shu kunning o‘zida voyaga yetmagan A.A. Jinoyat kodeksning 267-moddasi 2-qismi “a” bandida ko‘rsatilgan jinoyatni sodir etganlikda gumon qilinuvchi tariqasida ishtirok etishga jalb qilinib, unga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Tergov harakatlari davom etmoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|