12:05 Farg‘onada 4 yashar bog‘cha bola cho‘kib ketdi | |
Tarbiyalanuvchining o‘limi bilan bog‘liq holat tafsilotlariga oydinlik kiritish maqsadida, zudlik bilan kompleks tekshirish ishlari boshlangan. Tekshiruv davomida ushbu tashkilot xodimlari kasbiy faoliyati jarayonida qo‘pol qoidabuzarliklarga yo‘l qo‘ygani aniqlangan. Jumladan, bolalarning bog‘cha hududidan ruxsatsiz chiqib ketishlariga beparvo qarashgan. Baxtsiz hodisa sodir bo‘lgan kun soat taxminan 08:30 larda tarbiyalanuvchini katta opasi 23-sonli DMTT tarbiyalovchilari ixtiyoriga olib kelib tashlab ketgan. Oradan maʼlum vaqt o‘tgach, mazkur maktabgacha taʼlim tashkiloti tarbiyachilari va rahbarining beparvo, loqayd munosabati oqibatida tarbiyalanuvchi MTT hududidan ruxsatsiz chiqib, opasining orqasidan yugurgan. Baxtsiz tasodif bilan sirpanib, uyi yaqinidan oqib o‘tuvchi “Sobirjon” daryosiga yiqilib tushgan va natijada cho‘kib ketgan. Maktabgacha taʼlim vazirligi ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tekshirish jarayonida bola bog‘cha hududidan bir necha bor ruxsatsiz chiqib ketgani, biroq bog‘cha xodimlari buni yuqori idoralardan yashirib, bundan hech qanday xulosa chiqarmagani maʼlum bo‘ldi. “Yuqoridagi holatlar inobatga olinib, tashkilot pedagoglari va rahbarining ehtiyotsizligi hamda loqayd munosabati bolaning o‘limiga sabab bo‘lgani, shuningdek, ushbu maktabgacha taʼlim muassasasi rahbarining faoliyatini tashkil etishda bir qator boshqa huquqbuzarliklar aniqlandi va barcha materiallar zudlik bilan huquqni muhofaza qilish organlariga yuborildi”, deyiladi vazirlik xabarida. Natijada huquqni muhofaza qilish organlari tomonidan ushbu maktabgacha taʼlim tashkilotining barcha mansabdor shaxslari va xodimlariga nisbatan JK-167-modda 2-qismi “g” bandi va Jinoyat kodeksining 116-modda 3-qismi bilan tergovga qadar jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|