14:17 Yorim tashlab ketmasin, desangiz... 4 asosiy qoidaga amal qiling! | |
Oila qurganingizga bir necha yil bo‘ldi. Farzandlar, kundalik tashvishlar, ro‘zg‘or ikir-chikirlari... Xullas, endi asal oyidagi munosabatlarni faqat shirin xotira sifatida eslash mumkin. Siz-ku bu «zerikarli» hayotga amallab ko‘nikarsiz, ammo eringiz-chi? Ko‘chadan birortasini topib olsa-ya?!! To‘xtang! Shu joyda tushkun xayollarga chek qo‘ying. Chunki munosabatlaringizni yorqin va qiziqarli qilish imkoniyati hali mavjud. Faqat «nima qilish kerak» emas, «nima qilmaslik lozim» degan savolning javobini bilib olsangiz kifoya. 1. Bo‘lar-bo‘lmasga qo‘ng‘iroq qilavermang! Ayol kishi hayotidagi har qanday ikir-chikirni kim bilandir muhokama qilishga moyil. Avvaliga onasi, opa-singlisi, dugonalaridan iborat «tekin quloq»lar ro‘yxatiga turmushga chiqqach, o‘z-o‘zidan erini ham kiritib qo‘yadi. Ammo shundoq ham katta tashvishlar bilan band sho‘rlik er bu «mo‘’tabar» ro‘yxatga tirkalishga rozimi-yo‘qmi — bu haqda ayol o‘ylab ham o‘tirmaydi. Shunday qilib, erkakning ish vaqti ayni qizg‘in nuqtaga yetganda «Voy, dadasi, shunaqangi ajoyib yubka sotib oldimki...» deb boshlanuvchi «kutilmagan qo‘ng‘iroq» bo‘ladiyu oila boshlig‘ining sochiga yana kamida o‘nta oq oralaydi. Bu odatni tashlang! Tez-tez qo‘ng‘iroqlashib turish bizni dugonalarimizga yaqinlashtirishi mumkindir, ammo erkak kishi bilan bu umuman teskari natijaga olib kelishi hech gap emas. Axir uning uchun telefon — axborot almashish vositasi! MUHIM axborot almashish vositasi! Siz esa har soatda qo‘ng‘iroq qilaverib, uning asabiga tegasiz. Yangi sotib olingan libos — muhim axborot emas! Buni yodda saqlang! Ochig‘ini aytganda, ayollar erlariga bekorga qo‘ng‘iroq qilishmaydi (uning ovozini eshitishimiz bilan munosabatlarimiz ko‘ngildagidek ekanini yana bir bor his etib, xotirjam bo‘lamiz). Shunga qaramay, qoidani biroz o‘zgartirishga to‘g‘ri keladi. Oz muddatga «efirdan yo‘qoling». Endi xavotirlanish navbati uniki: qaerda yuribsiz, nima bilan bandsiz, nega jim bo‘lib qoldingiz, bolalar yaxshimi?.. Albatta, sizga befarq bo‘lmagan turmush o‘rtog‘ingizni vaqti kelib shu savollar bezovta qila boshlaydi. Faqat muhim jihatni unutmang: vaqtincha jimligingiz erkak kishini mensimaslik yoki undan qochishga aylanib ketmasin! Shunchaki munosabatlaringizni iliq saqlab turish tashabbusini (go‘yoki) unga bering. 2. Faqat o‘zingizni tiqishtiravermang! «Bir oilamizmi, demak, barcha bo‘sh vaqtimizni birga o‘tkazishimiz, ta’tilga bir vaqtda chiqib, birga dam olishga borishimiz, erim har oqshomni faqat oila davrasida o‘tkazishi kerak...» Bo‘lmagan gap! Mutaxassislarning fikricha, mustahkam oila siri tungi navbatchiliklarga ham bog‘liq ekan! Ular qisman haq. Qisqa ayriliq bir-biringizni sog‘inib qolish imkonini yaratadi: kechqurun telefonlashib, kunni qanday o‘tkazganingiz haqida suhbatlashish, tongda juftingizni alohida tayyorgarlik bilan kutib olish imkoni tug‘iladi. Agar tunu kun birga bo‘lsangiz, vaqt kelib, umumiy mavzular ham tugaydi, bir-biringizning joningizga tegib qolishingiz mumkin. Biror sevimli mashg‘uloti, hunari, ilmi, xullas, er va ro‘zg‘ordan boshqa tashvishi ham bor ayollar turmush o‘rtoqlarini ko‘proq maftun etadilar. Bordiyu xotinning hayotdagi yagona tashvishi eri bo‘lsa, bundan erkak kishi charchashi mumkin. Demak, eringizga rahmingiz kelsin. Uni ilohiylashtirmang. Chunki kun kelib bu «og‘ir yuk»ni ko‘tara olmay, qochib ketishi mumkin. Haftada bir marta bo‘lsa-da uning oiladan tashqarida hordiq chiqarish, oshnalari bilan choyxonada palovxo‘rlik qilish yoki futbol matchini bevosita stadionda tomosha qilishga haqqi borligini tan oling. U ketganida siz ham dam olasiz, vaqtingiz va e’tiboringizni o‘zingizga sarflaysiz. Ruxsat ololsangiz, onangiznikida yotib qoling, dugonalaringiz bilan uchrashing. Natijada bir-biringizni sog‘inasiz hamda o‘rtoqlashish uchun talay yangi mavzular bilan oila bag‘riga qaytasiz. Qolaversa, yolg‘izlikdan qo‘rqqaningiz yoki zerikkaningiz uchun emas, eringizni sevganingiz uchun u bilan birga ekaningizni isbotlaysiz. 3. Kechinmalaringizni undan yashirmang! «Gaplashib olishimiz kerak» deyishingiz hamono eringiz oyog‘ini qo‘liga olgancha qochib qolishga tayyor turadi. Siz buni yaxshi bilganingiz uchun xuddi partizanlardek matonat bilan noroziliklaringizni ichga yutib, jim yuraverasiz. «Ko‘chada tupuraveradimi? Nima bo‘pti! Xurrak otadimi? Chidasa bo‘ladi! Asosiysi, oila tinch...» deysiz. Afsuski, bunday emas. Tinch oqqan suvning tubi g‘alvali ekanini o‘zingiz ham bilasiz. Kun kelib, bu alamlaringizni ichga yutishga joy qolmaydi va hammasini vulqondek tashqariga otasiz. U esa... «Nahotki shunaqa bo‘lsam?! Nega endi tiling chiqib qoldi?» deydi. Maslahat shuki, yoringiz bilan ochiq va samimiy bo‘ling. Uning sizga yoqmaydigan, asabingizga tegadigan jihatlarini tanbeh emas, hamdardlik ohangida o‘ziga bildiring. Erkaklar munosabatlarda oydinlikni xush ko‘rishadi. Ammo o‘zlaridan nima talab qilinayotganini ochiq aytmasangiz, tushunishlari qiyin bo‘ladi. Ishora qiling! 4. Ko‘rpani o‘zingizga tortmang! Ba’zan ro‘zg‘or ikir-chikirlarini erimizga bildirmay, o‘zimiz hal qilmoqchi bo‘lamiz. «Shundoq ham ishdan charchab keldi», deymiz uni ayagan bo‘lib. «O‘zim birpasda qilib qo‘yaman, mayda-chuydalar bilan uning boshini og‘ritmay», deya olijanoblik qilamiz. Natijada ro‘zg‘or ishlariga aralashmay qo‘ygan erkak bora-bora ularga qiziqmay ham qoladi. Asosiysi, ro‘zg‘or uchun mas’ullik hissini yo‘qotib qo‘yadi. «Elektr haqqini qachon to‘laganingni qaerdan bilaman? Bu qog‘ozlaringni tushunmayman, o‘zing qaray qol», deya g‘irt erkaklarning vazifasiga kiruvchi ishlarni ham sizga yuklaydigan bo‘ladi. Ro‘zg‘or ishlarining bir qismini, masalan, kommunal to‘lovlar, bozor-o‘char kabilarni uning zimmasiga yuklang. Bunda uning bosgan har qadamiyu sarflagan har so‘mini nazorat qilish fikridan voz keching. Bir-ikki xato qilsa ham oxiri o‘z pulini aql bilan sarflashga o‘rganadi. Natijalar haqida esa so‘ramasangiz ham o‘zi axborot beradi. Mana ko‘rasiz! Eng asosiysi! «Yaxshiyam siz borsiz, dadajonisi!» deng! Yuqorida aytganlarimizga yuz foiz amal qilganingiz bilan tuyg‘ularingizni izhor eta olmasangiz, foyda berishi qiyin. Eringizga uning o‘z hayotingizda naqadar muhim ahamiyatga egaligi, sizning suyangan tog‘ingiz ekanini aytib turing. Faqat buni ham o‘rnida, me’yorida qiling. To‘tiqushdek takrorlab, joniga tegib ketmang. Asosiysi, samimiy bo‘ling, evaziga samimiyat olasiz. Mutaxassis fikri Shahnoza HALILOVA, amaliy ruhshunos: — Erim tashlab ketmasin desangiz, birinchi navbatda uni yo‘qotib qo‘yishdan qo‘rqmang. Aks holda yo‘qotish ehtimolingiz ortadi, xolos. Bugungi kun bilan yashang. Ayol butun borlig‘ini to‘laligicha eriga bag‘ishlab, o‘zini unutishi kerak emas. O‘zingizni parvarishlash, sog‘liqni tiklash, tashqi ko‘rinishingiz bilan shug‘ullanishni kundalik odatga aylantiring. O‘zini qadrlaydigan va sevgan ayolni boshqalar ham avaylab-asraydi. Erkak uyiga dam olish, ertangi kunga kuch yig‘ish va yangi muvaffaqiyatlarga ilhomlanish uchun keladi. Har qanday da’vongizni u ovqatlanib, biroz hordiq chiqarib, xotirjamlashganingizdan keyin ayting. Ayollarning turmushga chiqmagan qizlarga aytadigan bir maslahati bor: «Ideal er bo‘lmaydi, tegaver. Kamchiliklarini keyin o‘zing to‘g‘irlab olaverasan». Bu gaplarga quloq osgan kelinchak to‘ydan keyin yeng shimarib erini tarbiyalashga kirishib ketadi. O‘zini hurmat qiladigan erkak esa bunga chiday olmaydi. Juda tarbiyalashni istasangiz, farzandingiz tug‘ilishini kuting. Erni yeru ko‘kka ishonmay, ko‘ngliga hadeb qarayverish ham uning tashqaridan ayol qidirishiga sabab bo‘ladi. Ayol ona bo‘lgach, farzandi bilan birga eriga ham onalarcha g‘amxo‘rlik qila boshlaydi. Psixologik sog‘lom erkakka esa ona rolini bajarayotgan xotin bilan yashash oson bo‘lmaydi. Eringizga rafiqa bo‘ling, ona emas. Erkaklar ko‘pincha xotinlarning ko‘p gapirishidan nolishadi. Albatta, ayollarning nutqiy imkoniyatlari erkaklarnikidan yuqori. Lekin gapirishning o‘zi kamlik qiladi, eshitishni ham o‘rganing. Ichingizdagi hamma gapni to‘kib-sochavermay, eringizning ko‘nglidagilarni ham bilishga, unga birinchi raqamli sirdosh bo‘lishga harakat qiling. Shahnoza TO‘RAXO‘JAYEVA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|