13:22 Yosh bolalar qanday xaridlarni amalga oshirishi mumkin? | |
Norma nashri 6 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar qanday xaridlarni amalga oshirishi mumkinligi, qanday xaridlar esa ular uchun qonun bilan cheklanganligiga aniqlik kiritdi. Nashr ta’kidlashicha, 6 yoshdan kichik bolalar umuman hech qanday oldi-sotdini amalga oshira olmaydi, ular uchun xaridlarni ularning nomidan ota-onasi, asrab oluvchisi yoki vasiylari amalga oshirishi mumkin. 6 dan 14 yoshgacha bo‘lgan bolalar mustaqil tarzda faqat quyidagi xaridlarni amalga oshira oladi: mayda maishiy xaridlar; notarial tasdiqni yoki davlat ro‘yxatidan o‘tishni talab qilmaydigan, beg‘araz daromad olishga qaratilgan oldi-sotdilar (masalan, hadya va bepul foydalanish shartnomalari); qonuniy vakil yoki uchinchi shaxs tomonidan ma’lum maqsadda yoki erkin sarf qilish uchun taqdim etilgan mablag‘larni ishlatish yuzasidan xaridlar. Yuqorida tilga olingan boshqa oldi-sotdilarning barchasi 14 yoshga yetmagan bolalar uchun amal qilmaydi. Bunday oldi-sotdi bo‘yicha tomonlarning har biri ikkinchi tomonga oldi-sotdi bo‘yicha olingan narsalarning barchasini qaytarib berishi kerak. Nashr ta’kidlashicha, bolalar tomonidan xaridlar amalga oshirilishining cheklanishi, avvalo, bemulohaza va behuda sarf-xarajatlar riskini bartaraf etish maqsadidadir.
Manba: "daryo.uz"
| |
|