15:17 Yuridik universitet talabasi qurilish ob’yektida vafot etdi | |
Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqich talabasi Bahodir Bozorov o‘zi ham ishlab, ham yashayotgan, qurilishi tugallanmagan bino hududida yiqilib, vafot etdi. Bu haqda voqeadan bevosita xabardor manbaga tayanib Kun.uz xabar berdi. Qayd etilishicha, 1994-yilda Surxondaryo viloyati Qumqo‘rg‘on tumanida tug‘ilgan Bozorov Bahodir Xo‘shboq o‘g‘li bir necha yil qiynalib, talaba bo‘lgan. U Toshkent davlat yuridik universitetining 3-bosqichida o‘qigan. Umrining so‘nggi oylarini Bektemir tumani hokimiyatiga yaqin joydagi qurilish ob’yektida ham yashab, ham ishlab kelayotgan bo‘lgan. Kunduzi quloqchin taqib, onlayn darslarda qatnashgan, fevral oyidan yarim kun darsga borib, yarim kun ishlagan, kechalari qurilishi tugamagan binoda usta yigitlar bilan yashagan. Shanba kuni tunda (2021-yil 27-fevral) lift uchun betondan tayyorlangan, himoyalanmagan shaxtaga 2-qavatdan yiqilgan. Tez yordam kelavermagach, yaqinlari ko‘chadan patrul mashinasini to‘xtatib, yordam so‘rashgan. Shoshilinch yordam bo‘limida uning vafot etganini aytilgan. Ma’lum qilinishicha, marhum bo‘yin umurtqasining sinishi, jigar yorilishi oqibatida vafot etgan. Sog‘liqni saqlash vazirligi Tibbiy ekspertizasi Toshkent shahar filialidan olingan o‘lim haqidagi tibbiy guvohnoma nusxasida Bahodir Bozorovning bo‘yin, qorin qo‘shma to‘mtoq jarohatlari bo‘yicha oltinchi umurtqa sinishi, orqa miyaga qon quyilishi, shuningdek, jigarining yorilib ketishi va o‘tkir qon ketishi oqibatida vafot etgani ma’lum qilingan. Eslatib o‘tamiz, 27 fevral kuni Yunusobodda ijarada yashovchi besh talabaning murdasi topilgandi. Jabrlanuvchilarning o‘limi noma’lum moddadan o‘tkir zaharlanish natijasida yuz bergani qayd etilgandi. Yunusoboddagi fojiadan so‘ng O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Behzod Musayev boshchiligida favqulodda videoselektor yig‘ilishi o‘tkazilgandi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|