19:45 2018 yilning ohirigacha O‘zbekiston to‘liq raqamli televideniyaga o‘tadi | |
O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2017 yil 17 iyulda qabul qilingan “Raqamli teleeshittirishlarga o‘tish va yer usti analog teleeshittirishlarni to‘xtatishga doir amalga oshiriladigan chora-tadbirlar to‘g‘risida”gi qaroriga muvofiq mamlakatimizning barcha viloyatlarida yer usti analog teleeshittirishlarni efirga uzatish belgilangan jadval asosida bekor qilinadi. Birinchi navbatda, eski shaklda signal uzatish dastlab Toshkent shahrida, 2018 yilning 5 dekabriga qadar esa yurtimizning barcha hududlarida bosqichma-bosqich to‘xtatiladi, deb yozadiO‘zA. Raqamli formatning afzalligi shundaki, bunda stereotovush va tovush 5.1 formatda uzatiladi. Televizorga beshta oddiy va bitta past chastotali kolonka ulaniladigan bo‘lsa, uy kinoteatri sifatiga erishish mumkin bo‘ladi. Ayni paytda ikkita milliy telekanal ko‘rsatuvlarni HD formatida efirga uzatmoqda. Boshqa telekanallar ham sifatli HD formatiga bosqichma-bosqich o‘tadi. Mamlakatimizda barcha aholi punktlarini raqamli televidenie bilan qamrab olishni ta’minlash maqsadida 90 quvvatli va 404 kamquvvatli uzatish qurilmalarini o‘rnatish rejalashtirilgan. Bundan tashqari, sun’iy yo‘ldosh aloqa operatorining ma’lum segmentini ijaraga olish hisobidan mahalliy aholining raqamli televidenie xizmatlaridan keng foydalanish imkoniyati yaratiladi, davlat teleradio dasturlari olis aholi punktlariga ham yetkaziladi. Raqamli televidenieni ko‘rishni istagan oddiy tomoshabin o‘z televizorining DVB-T2 standartiga mos kelishini tekshirib ko‘rishi lozim. Ayni paytda O‘zbekistonda ishlab chiqarilayotgan aksariyat zamonaviy televizorlar mazkur standartdagi raqamli tyuner bilan jihozlangan. Yurtimizda nafaqat raqamli signalni qabul qiladigan, balki Smart-TV va IP-TV texnologiyalariga ham mos keladigan zamonaviy televizorlar ishlab chiqarilmoqda.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|