15:36 2020/2021 o‘quv yilidan Andijonda yangi institut tashkil etiladi | |
Vazirlar Mahkamasining “Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish to‘g‘risida”gi qarori loyihasi e’lon qilindi.
O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi, Qurilish vazirligi hamda Andijon viloyati hokimligining Andijon viloyati Andijon shahrida Andijon iqtisodiyot va qurilish institutini tashkil etish to‘g‘risidagi taklifiga rozilik beriladi. Quyidagilar Institut faoliyatining asosiy yo‘nalishlari etib belgilanadi: hududda iqtisodiyot, qurilish soha va tarmoqlarining rivojlanish istiqbollari va ustuvor vazifalari, shuningdek, zamonaviy texnika hamda texnologiyalarning rivojlanish tendensiyalarini hisobga olgan holda iqtisodiyot va qurilish sohasi bo‘yicha amaliy ko‘nikmalarga ega, raqobatbardosh oliy ma’lumotli mutaxassislar va ilmiy-pedagogik kadrlarni, shuningdek, ommaviy kasb mutaxassislarini tayyorlash, qayta tayyorlash va ularning malakasini oshirish; o‘quv va ilmiy laboratoriya xonalarini tashkil etish, zamonaviy texnologiyalar asosida jihozlash hamda o‘quv va ilmiy loyihalarni amalga oshirish; xorijiy yetakchi va nufuzli oliy ta’lim muassasalarining ilg‘or tajribasini tatbiq etish asosida malaka talablari, o‘quv rejalari va fan dasturlarini ishlab chiqish, o‘quv va ilmiy-uslubiy ta’minotni takomillashtirish va amaliyotga joriy etish; o‘quv jarayonida nazariy tayyorgarlikning amaliyot bilan uzviy bog‘liqligini ta’minlash maqsadida iqtisodiyot va qurilish sohasidagi tashkilotlar bilan birgalikda talabalarning amaliyotlarini tegishli soha tashkilotlarida tashkil etish, bitiruvchilarni ish bilan ta’minlash bo‘yicha maqsadli hamkorlikni yo‘lga qo‘yish; ta’lim va ilmiy izlanishlar jarayoniga malakali mutaxassislarni keng jalb etish maqsadida respublika va xorijiy yetakchi oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlar bilan hamkorlik aloqalarini rivojlantirish; iqtisodiyot va qurilish sohasini rivojlantirishning ilmiy-metodik vazifalarini hal etish, ilg‘or xorijiy pedagogik texnologiyalarni joriy qilishga yo‘naltirilgan ilmiy tadqiqotlar olib borish va iqtidorli talaba-yoshlarni ilmiy faoliyat bilan shug‘ullanishga keng jalb etish; respublika va xorijiy oliy ta’lim muassasalari hamda ilmiy markazlarga istiqbolli yosh bitiruvchilarni magistratura va doktoranturaga muntazam yuborish orqali Institutning ilmiy-pedagogik salohiyatini oshirib borish. Belgilanishicha: Institut yuridik shaxs maqomiga ega bo‘lgan davlat oliy ta’lim muassasasi hisoblanadi, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasining Davlat gerbi tasviri tushirilgan va o‘z nomi davlat tilida yozilgan muhrga va blankalarga, mustaqil balansga hamda shaxsiy g‘azna hisobvaraqlari va bank hisobvaraqlariga ega bo‘ladi; Institut O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligi tizimida faoliyat yuritadi; Institutda ta’lim faoliyati 2020/2021 o‘quv yilidan boshlanadi; 2020/2021 o‘quv yili uchun Institutga kunduzgi ta’lim shakli bo‘yicha qabul ko‘rsatkichlari ilovaga muvofiq tasdiqlanadi; Institutga talabalarni qabul qilish har yili tasdiqlanadigan respublika oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga qabul qilish parametrlaridan kelib chiqqan holda davlat buyurtmasi va to‘lov-kontrakt asosida belgilanadi. Andijon viloyati hokimligi, O‘zbekiston Respublikasi Oliy va o‘rta maxsus ta’lim vazirligining Andijon viloyati, Andijon shahri, Navoiy shoh ko‘chasi, 15a -uyda joylashgan O‘zbekiston Milliy universiteti huzuridagi texnikum (sobiq Andijon maishiy xizmat kasb-hunar kolleji) bino va inshootlarini (mavjud jihoz va mebellari bilan) tegishli hududi bilan birgalikda Institutga operativ boshqaruv huquqi asosida berish to‘g‘risidagi taklifi ma’qullanadi.
Manba: "sof.uz"
| |
|