15:56 25 dekabrdan O‘zbekistonda karantin choralari kuchaytirilishi rostmi? | |
So‘nggi vaqtlarda ijtimoiy tarmoqlarda O‘zbekistonda koronavirus pandemiyasi bilan bog‘liq karantin chora-tadbirlari joriy yilning 25 dekabridan e’tiboran kuchaytirilishi haqida xabarlar tarqalmoqda. Ularda asosan maktab va bog‘chalar, yirik savdo majmualari, kinoteatr, go‘zallik salonlari o‘z faoliyatini to‘xtatishi yozilmoqda. Xo‘sh, bu qanchalik rost? Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan mish-mishlarga O‘zbekiston Respublikasi Sanitariya-epidemiologik osoyishtalik va jamoat salomatligi xizmati boshlig‘i o‘rinbosari, tibbiyot fanlari doktori Nurmat Otabekov munosabat bildirdi.
Ma’lumki, noyabr oyidan boshlab O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq vaziyat barqarorlashdi. Poytaxt Toshkentda va viloyatlar markazlarida tashkil etilgan koronavirus bemorlarini aniqlash va taqsimlash markazlari faoliyati to‘xtatildi. Bosh vazir o‘rinbosari Musayevdan tortib, O‘zbekiston Respublikasiga koronavirus kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan chora-tadbirlar dasturini tayyorlash bo‘yicha Respublika maxsus komissiyasi a’zolarigacha mamlakatda vaziyat barqarorligini bot-bot takrorlamoqda. Nurmat Otabekov ham so‘zida davom etarkan, vaziyat barqarorligini yanada bir bor urg‘uladi.
Eslatib o‘tamiz, O‘zbekistonda koronavirus bilan bog‘liq karantin choralari joriy yilning 16 martidan e’lon qilingan edi. Bu orada mamlakatda ikki marta kuchaytirilgan karantin tadbirlar hukm surdi. So‘nggi bor kuchaytirilgan karantin cheklovlari 10 iyuldan 15 avgustgacha davom etdi. Sentyabr oyiga kelib, Respublika maxsus komissiyasining qarori bilan birin-ketin o‘rnatilgan cheklovlar olib tashlandi. Ayni vaqtda niqob taqish, qo‘llarni yuvish va dezinfeksiya vositalaridan foydalanish, ijtimoiy masofa saqlash, ko‘pchilik bo‘lib to‘planmaslik, 30 kishidan ortiq oilaviy tadbirlar o‘tkazmaslik asosiy karantin qoidasi bo‘lib qolmoqda. Shuningdek, joriy yilning 25 dekabridan boshlab xorijdan kirib kelayotgan fuqarolar mamlakat xalqaro aeroportlarida antigen testini topshirishi majburiy etib belgilandi. 21 dekabrdan 2021 yilning 10 yanvarigacha Buyuk Britaniya, Italiya, Germaniya, Daniya, Avstriya, Avstraliya, Niderlandiya va Janubiy Afrika Respublikasi davlatlari bilan xalqaro aviareyslar (kirish, chiqish va tranzit reyslar orqali respublikaga kirish) to‘xtatildi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|