08:45 Andijonda nabirasini qutqarmoqchi bo‘lgan otaxonning jasadi 9 kun o‘tib topildi | |
Joriy yilning 16-dekabr kuni Andijon viloyatining Baliqchi tumanida baxtsiz hodisa tufayli ikki kishi halok bo‘lgani xabar qilingandi. Suvga cho‘kib ketgan 18 yoshli nabirasini qutqarish uchun o‘zini kanalga tashlab, halok bo‘lgan 65 yoshli otaxonning jasadi oradan 9 kun o‘tib topildi. Bu haqda «Daryo» xabar berdi. Ma’lum bo‘lishicha, 2020 yil 16 dekabr kuni soat 15:00 da Baliqchi tumanida yashovchi 18 yoshli qiz o‘z joniga qasd qilish uchun o‘zini uyining yonidan o‘tgan Qoradaryo kanaliga tashlagan. Buni ko‘rgan 65 yoshli bobosi nabirasini qutqarish uchun o‘zini suvga otgan. Lekin oqim kuchliligi va suvning sovuqligi vaziyatni og‘irlashtirgan va ikkisi ham suvga cho‘kib ketgan. Viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasining ma’lumot berishicha, 65 yoshli otaxon va uning 18 yoshli nabirasini qutqarish uchun 26 kishidan iborat guruh tashkil etilib, jasadlarni suvdan chiqarib olish choralari ko‘rilgan. Qutqaruv ishlari 9 kun davom etgan bo‘lib, bobo va nabirasi cho‘kish holati sodir bo‘lgan joydan, taxminan, 10 kilometr uzoqlikdan topilgan. Hozirda qizning nima sababdan o‘zini suvga tashlagani o‘rganilmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|