Главная » 2016 » Ноябрь » 1 » Ayol va Erkak bir-birini tushunishi uchun tarjimon kerak…mi?
11:47

Ayol va Erkak bir-birini tushunishi uchun tarjimon kerak…mi?


Erkaklar va ayollar deyarli turli tillarda gapirishadi! O‘ylab ko‘rsangiz, bu gapda jon bor. Qiziq, u holda qanday qilib bir to‘xtamga kelish mumkin?

Ayol gapiradi, erkak jim…
Ayollar tili juda ko‘p «foydali» vazifalarni bajaradi. Bu — gapga kirmay, ko‘chadan beri kelmaydigan bolalarga ta’sir etish quroli, ham sichqonlar va boshqa zararkunandalarga qarshi vosita! Qanday qilib deysizmi? Axir zararkunandalar ovoz to‘lqinlari ta’sirida boshqa — o‘zlari uchun «xavfsizroq» joyga qochishadi, hech bo‘lmaganda bu «chaqmoq» to‘xtaguncha bekinishadi. Shuningdek, ayollar ovozi fikrni yo‘naltiruvchi motorcha vazifasini ham o‘taydi.

Erkaklar esa «quloqsiz» bolalarga nisbatan ham, zararkunandalarga qarshi ham ovozdan ko‘ra, «qovoq»ni, nari borsa, kuchni ishlatishlari mumkin. Tinchlanish yoki dam olish uchun esa teleekran orqali futbol matchini tomosha qilish yoki kun bo‘yi garajda kalovlanish kifoya.

Erkaklar «ayollar nimani o‘ylasa, shuni gapiradi», deb taxmin qilishadi. Aslida esa aksincha, ayol nimani gapirsa, shuni o‘ylaydi.

Kuchli jins vakillarida biror muammo haqida bosh qotirayotib, u burchakdan bu burchakka yurish odati bor. Ular shu tariqa go‘yo fikrlash jarayonini tezlashtirishadi. Ayollar-chi? Erkaklarga nisbatan sabrsizroq va ularning ozgina bo‘lsa-da e’tiborini qozonish uchun uzun poshnali oyoq kiyimlarda azob chekadigan ayollar nima qilsin? Topdingiz! Aksariyat hollarda ular o‘z fikrlarini tartibga keltirish uchun tilni ishga solishadi.

Ziddiyatlardan qochish uchun juftingizni «hozir men o‘ylayapman», deb ogohlantirib qo‘yishga dangasalik qilmang! Keyin esa uzundan-uzun monologingizni bitta jumlada bildiring. Bu unchalik murakkab emas! Іarakat qilsangiz, til topishish oson bo‘ladi.

Ayol uchun o‘yin, erkak uchun mantiq…
Erkak va ayol bahsida haqiqat kamdan-kam hollarda yuzaga chiqadi. Chunki ular turli qoidalar bo‘yicha o‘ynashadi. Kuchli jins vakillari mantiq qonunlariga tayanishga, «ishonchli» manbalarni keltirishga, obro‘-e’tiborini ro‘kach qilishga moyil bo‘lsa, xonimlar esa suhbatdoshining o‘tmishdagi xatolarini eslatib,  unda aybdorlik hissini uyg‘otish orqali «tuzoq»qa ilintirishga urinishadi. Bu «jang»da mag‘lub bo‘lsa, ayol alamini ko‘z yoshlardan oladi. Agar bu yordam bermasa, g‘oliblik esa juda zarur bo‘lsa, u hatto ataylab hushdan ketish sahnasini o‘ynashi ham mumkin. Bu oxirgi usul deyarli hamisha qo‘l keladi va erkak mag‘lubligini tan oladi. To‘g‘ri, bu vaziyatda u o‘zini aldangandek his qiladi va bu keyingi munosabatlarda o‘z aksini ko‘rsatadi. Shunday ekan, sevgilingizning xushmuomalaligini suiiste’mol qilmang va uning tuyg‘ularini hurmat qiling.

Ayol ishora qiladi, erkak aniqlashtiradi
Ayollar ustomonligi, xushmuomalaligi ko‘pincha teskari natijaga olib keladi. Erkak nafsoniyatiga tegib ketishdan qo‘rqib, xonimlar mimikani faol qo‘llaydi va gap tuzilishini yumshatadi. Sevgilingiz esa hammasini boricha tushunadi. Masalan, lablaringizni cho‘chchaytirib, kipriklaringizni pirpiratib, «azizim, men hech nimani tushunmayapman», deb, biror nimaga ishora qilsangiz, u «bunga nimani qanday bajarish kerakligini tushuntirish kerak», degan xulosaga keladi. Yaxshisi, dangaliga yordam so‘rang.

Ayol taktik, erkak strateg
Erkak oshxonaga ko‘z yugurtirib, chuqur o‘ylab, aytadi: «oshxonaga tokcha kerak!» Buni eshitib, xursand bo‘lganingizdan yugurib borib, asbob-anjomlarni olib kelasiz. Lekin qaytib kelib, hafsalangiz pir bo‘ladi: u divanga yonboshlaganicha televizordan ko‘z uzmay o‘tiribdi. Bunday «tryuk»larga duch kelmaslik uchun esda tuting: erkak o‘zini oila boshlig‘i deb hisoblab, qarorlar chiqaradi, so‘ng ularga o‘zgartirish kiritadi, keyin esa uch o‘qishda qabul qiladi. Agar tokcha ilinishini xohlasangiz, buni o‘zingiz bajarishni boshlab, undan yordam so‘rang. Yoki tokcha bo‘lmasa, ovqat tayyorlay olmasligingizni afsus bilan bildiring.

Ayol tuyg‘ularni, erkak ma’lumotlarni qo‘llaydi
Garchi erkaklar his-tuyg‘ularga boy ayollar yoqishini ta’kidlashsa-da, lekin xonimlar o‘z tuyg‘ulari haqida gapirsa, ularning bu qiziqishi so‘na boshlaydi. Sevgilingiz sizni tushunishi uchun gapni aniq ma’lumotlardan boshlang va keyingina ularga munosabatingizni bildirishingiz mumkin. Oh-vohlaringiz evaziga eringiz darrov sizni tushunib qolishidan umid qilmang. Avvaliga u vaziyat borasidagi fikrini biroz ortda qoldirishi kerak. Buning uchun esa unga quruq raqamlar va texnik tafsilotlar kerak. 
Tuyg‘ularingizni muhim vaziyatlar uchun asrab qo‘ying. Bo‘lar-bo‘lmasga hislaringizga erk beraverib, juftingizning qiziqishini so‘ndirmang. Salga «oh-voh» qilaverib, ertakdagi «yolg‘onchi cho‘pon»ning holiga tushib qolmang tag‘in!


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: bir-birini tushunish, tarjimon kerak…mi?, ayol va erkak, uchun | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz