22:03 Britaniyada yuzlab voyaga yetmagan qizlar majburan turmushga uzatilmoqda | |
«The Intependent» xabariga ko‘ra, Buyuk Britaniyada har yili yuzlab kichik yoshdagi qizlar majburan turmushga berilmoqda. Milliy statistika boshqarmasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2017-yilda 183 kishi ota-onasining istaklari bilan turmushga uzatilgan. Ularning 140 nafarini voyaga yetmagan qizlar tashkil etadi. 2006-yildan 2016-yilgacha Angliya va Uelsda voyaga yetmaganlar ishtirokida 3,3 mingga yaqin nikoh tuzildi, ularning aksariyati qizlar. Ushbu muammo ustida ish olib borayotgan xayriya tashkilotlari ma’lumotiga ko‘ra, Britaniya qonunlari ularni yetarli darajada himoya qilmagani bois shunday holat kuzatilmoqda. Aksariyat rivojlanayotgan mamlakatlarda bu ko‘pincha muammo sifatida ko‘rilayotgan bir paytda, Britaniyada voyaga yetmagan qizlarni turmushga berish avj olmoqda. Ko‘pincha bu diniy nikoh niqobi ostida sodir bo‘ladi va ro‘yxatdan o‘tkazilmasligi sabab ularning aniq sonini aytish qiyin. Bundan tashqari, Buyuk Britaniyada 16-17 yoshli qizlarni «ota-onalari ruxsati bilan» turmushga berish qonun bilan ruxsat etiladi. Lekin huquq himoyachilari ota-onalar farzandlarini ko‘p hollarda majburan turmushga beradi, deb ta’kidlashmoqda.
Manba: "xabar.uz"
| |
|