19:05 Britaniyada koronavirusni ataylab sog‘lom odamlarga yuqtirishmoqchi | |
Buyuk Britaniyada SARS-CoV-2ning odam organizmiga ta’sir qilish mexanizmini batafsil o‘rganish uchun o‘nlab sog‘lom ko‘ngilli yoshlarga ataylab yuqtirishadi, deb yozadi «Bloomberg». Tajriba Buyuk Britaniyaning Klinik tadqiqotlar bo‘yicha etika qo‘mitasi tomonidan ma’qullandi va shu yilning mart oyi oxiriga rejalashtirilgan. Buyuk Britaniya hukumati bayonotiga ko‘ra, 18 yoshdan 30 yoshgacha bo‘lgan 90 ga yaqin sog‘lom yoshlar tadqiqotlarning ikkita yo‘nalishida qatnashish uchun qabul qilinmoqda. Birinchisi immunitet reaksiyasini keltirib chiqarish uchun zarur bo‘lgan minimal virus miqdorini aniqlashga yordam beradi. Tashkilotchilarning hisoblashicha, bu virus yuqish sharoitiga ta’sir qiluvchi omillarni aniqlashga imkon beradi. Ikkinchi yo‘nalish ko‘ngillilarni COVID-19ni davolashda samaradorligi isbotlangan dorilar bilan emlashni o‘z ichiga oladi. Shundan so‘ng ularga koronavirus «yuqtiriladi». Bu odamlarni qayta yuqtirishdan himoya qilish uchun zarur bo‘lgan immunologik javobni aniqlashga yordam beradi. Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti ushbu turdagi tadqiqotlarning muhimligini ta’kidlamoqda. Chunki ishlab chiqarilayotgan vaksinalarning samaradorligi va xavfsizligini baholashda kamroq ishtirokchilar jalb etiladi. Bundan tashqari, ular kasallik qo‘zg‘atuvchisi haqida ma’lumot olishga yordam beradi. Kasallikni chaqirish qobiliyati hamda odamlarni kasallik xavfiga duchor qiladigan omillar shular jumlasidan. Tadqiqot tashkilotchilarining aytishicha, xuddi shunday usul bezgak, ich terlama, vabo va gripp kabi kasalliklarni davolashda qo‘llanilgan.
Manba: "xabar.uz"
| |
|