20:14 Chilonzorda ro‘y bergan ziddiyatli vaziyat haqida ma’lumot berildi | |
Internet tarmog‘ida IIO xodimlari va fuqarolar o‘rtasidagi ziddiyatli vaziyat aks etgan videotasvir tarqaldi. Mazkur holat yuzasidan Toshkent shahar Ichki ishlar bosh boshqarmasi quyidagilarni ma’lum qildi. 2021-yil 12-sentyabr’ kuni taxminan soat 12:20 larda Chilonzor tumanidagi Bunyodkor va KXAY ko‘chalari kesishmasida Toshkent shahar IIBB YHXB YPX inspektorlari «Cobalt» (davlat raqami 01 Z 418 FB) avtomobil haydovchisi 35 yoshli B.Ulug‘bekni yo‘l harakati qoidalarini buzganligi uchun to‘xtatgan. Ma’muriy huquqbuzarlik sodir etgan shaxsga bayonnoma rasmiylashtirish jarayonida yo‘l chetida to‘xtab turgan avtomobil’ haydovchisi 29 yoshli T.Ramazon aralashgan va xodimlarning qonuniy faoliyatiga to‘sqinlik qilib, janjal ko‘targan hamda ichki ishlar organi xodimiga faol qarshilik ko‘rsatib, tan jarohati yetkazgan. Huquqbuzarning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yish maqsadida yaqin orada xizmat olib borayotgan PPX xodimlari yetib kelishgan. IIO xodimlari T.Ramazonni yaqin oradagi IIBga olib ketish uchun transport vositasiga o‘tqizish jarayonida aks etgan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan. Janjal ishtirokchilari Chilonzor tumani IIO FMBga olib borilgan. Mazkur holat yuzasidan tergovga qadar tekshiruv olib borilmoqda. Tekshiruv yakuni bo‘yicha ichki ishlar organlari xodimlarining qonuniy faoliyatiga qarshilik ko‘rsatgan barcha fuqarolarning shaxsi aniqlanib, ularning qilmishiga huquqiy baho beriladi va ularga nisbatan qonuniy chora ko‘riladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|