19:48 Dunyoni o‘zgartirishga muvaffaq bo‘lgan 4 odam | |
Shaxsan bitta odamning qo‘lidan hech narsa kelmaydi, deb o‘ylaydiganlar yanglishadi. 1, 2, 3, boring ana 10 kishi dunyoni o‘zgartirishga qodir emas, deydiganlar ham adashadi. Aslida hammasi shundan boshlanadi... Bilsangiz, XIX asrning o‘rtalarida qullik bekor qilinadi. Bunda dastlabki qadamni Buyuk Britaniya tashlashga ahd qilgan bo‘lsa, keyin uning safiga Rossiya va AQSh qo‘shildi. Biroq bu o‘sha paytdagi hukmdorlarning insonparvarligi yoki xayrixohligi bilan bog‘liq bo‘lmagan. Shunchaki ommaviy sanoatlashtirish boshlanib, ishlab chiqarish sohalariga mashinalar kirib kelishi, qullar mehnati orqa fonga o‘tib qolishi sharofati edi... Ammo shunga qaramay qora tanlilarning huquqlari oq tanlilar bilan tenglashtirilmadi. Ha, «rangli»lar ham erkin bo‘lishdi, lekin tenghuquqli emas. Kechagi qullarni, kim qanday xohlasa, shunday mazax qildi va xo‘rladi. Bilsangiz kerak, u paytlarda qora tanlilarga oq tanlilar bilan bitta jamoat transportida yurish taqiqlangan, ularni turli muassasalarga kiritishmagan, arzimagan sabablar ro‘kach qilinib, jarimaga tortishgan... Hatto, politsiya xodimlari avtobuslarda sobiq qullarga o‘q uzishni istaganlarga jim qarab turishgan. Biroq qopqog‘i yopiq idishni uzoq vaqt yuqori haroratda ushlab tursangiz, ertami-kech portlashi aniq. Shu kabi insonning sabr-toqati oxiri bitadi. Bunday jur’atga esa 4 nafar qora tanli yigit sabab bo‘ldi. Ular 1960-yilning 1-fevralida kutilmaganda qahvaxonaga kirib kelib, qahvaga buyurtma berishadi. Ammo joy egasi yigitlarga tezroq bu yerdan «qorasini o‘chirish»ni buyuradi. Ular esa joylaridan qimirlamay, tonggacha shu yerda qolishadi. Erta tongda tengsizlikka qarshi tinch norozilik bildirgan qullar soni o‘n ikki nafarga yetadi. Uchinchi kuni namoyishni 60 kishi, to‘rtinchi kuni 400 kishi qo‘llab-quvvatlaydi. Korxonalar egalari ishchilarining kelmayotganidan katta yo‘qotishlarga duch kelib, signallar berishdi. Keyingi kunlari tinch namoyishlar butun Amerika bo‘ylab tarqaldi. Bu harakatlarga afsonaviy shaxs – inson huquqlari faoli Martin Lyuter King rahbarlik qildi. Ularning chiqishlari natijasida AQSh hukumati tomonidan «Irqiy kamsitishni taqiqlash to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. Shu tariqa kichik, ammo dadil qadamlar ortidan katta ish hal bo‘ldi. Bu 4 kishining butun insoniyatga qilgan ulkan yaxshiligidir. P.S. Suratda o‘sha jasur afroamerikalik talabalar
Manba: "xabar.uz"
| |
|