Главная » 2017 » Январь » 4 » Erimning telefoni bilan kundoshmiz!
17:57

Erimning telefoni bilan kundoshmiz!


Turmushga chiqqunimcha xayolimda xuddi ertaklardagidek chiroyli kechalarga borib, o‘zimning betakror libosim va til ojiz husnim bilan hammani lol qilardim. Keyin u yerda dunyoda tengsiz bo‘lgan yigit mening ortimdan ergashar, men parvo qilmas, ammo u baribir e’tiborimni tortar va biz sehrli muhabbat qasrida yashardik.

Oila qurganimdan keyin bu xayolot olamim biroz toraydi. Endi xayolimda dugonalarim bilan bo‘ladigan «gap»ga qimmatbaho kiyim va hatto shaxsiy mashinamda boradigan bo‘ldim. Dugonalarim ortimdan rosa og‘zidan suvi oqi-i-ib qarab qolishardi.

Hozir esa...

Uch bola, ro‘zg‘or, ishdan qaytgach telefondan bo‘shamaydigan er bilan bo‘lib, xayol ham surmay qo‘ydim, shekilli. Yo‘q, suraman. Faqat xayolim ham o‘zim kabi ojiz va ko‘rimsiz. Ishonsangiz, ayni damda o‘zimni ko‘z oldimda jonlantirsam haligi multqahramon keladi. Qaysi deysizmi? Anuv-chi, sakkiz-to‘qqiztacha bolasining ortidan yugurib yuradigan maymun. Kulmang! Rostdan ham shunaqa bo‘lib qolganman. Endi o‘ylab ko‘rsam, o‘sha sho‘rlik maymunning ham eri hech qaerda ko‘rinmaydi. Xuddi mening erimga o‘xshab. Bechoraning eri ham meniki kabi oila bilan emas telefon bilan yashayotganmikan?

Telefon degan so‘zni og‘zimga ham olgim kelmaydi. Bu matoh shu qadar g‘azabimni keltiradiki, xuddi sira yo‘qolmaydigan suvarakdek. Shunchalar «allergiya»mni qo‘zitadiki, katta shaftolining tuki kabi. G‘ayirligimni shunchalik qaynatadiki, kundosh ham yo‘lda qoladi. Go‘yo men uchun telefon dunyodagi eng, eng, eng bo‘lmag‘ur, zararkunanda narsa...

U-f-f-f! Mana, gapirganim sari bo‘g‘zimga alam tiqilyapti.

Alam qilmay bo‘ladimi, axir?

Ishonasizmi, erim bilan gaplashmaganimga bugun naq... qarang hisobini ham bilmayman. Yo‘-o‘-o‘q, urishib qolganimdan emas. Shunchaki u erta tongda ham, ishdan qaytgach ham telefonidan ortmaydi. Gaplashishga vaqti yo‘q. Hali kim bilandir yozishadi, hali gaplashadi, oxirgi paytda ovozini yozib kimlargadir yuboradi, o‘sha kimdirlar ham erinmay erimga ovoz yo‘llaydi. Ja-a-a bo‘lmasa, o‘yin o‘ynaydi.

Ikki ko‘zi telefonda bo‘lgani bois, bolalarini ham ko‘rmaydi. Kuyganim, buni sizga aytishga ham uyalaman-ey! Tunov kuni nima deydi deng:

— Yosh bolaga nima uchun soch ulab qo‘yding, ahmoq!

— Kimga soch ulabman? — dedim hech narsaga tushunmay.

— Manovning sochi buncha uzunmasdi-ku, — deydi qizalog‘imizni ko‘rsatib.

— Faqat telefonga emas, bolalarga ham qarab turish kerak. Hademay, ularni tanimay ham qolasiz, — dedim tutaqib.

Anuv kuni shivirlab, hayajon bilan aytgan gapiga kulishni ham, kuyishni ham bilmaysiz.

— Yon qo‘shnimizning qizi ko‘zimga boshqacha ko‘rindi. Tinch emas-ov. Tag‘in bilmadim-u, men homiladorga o‘xshatdim. Sovchi-povchi kelyaptimikan, o‘zi? Tezda uzatmasa, ota-onasini naq go‘rga tiqadi-ya!

Avvaliga hech narsani anglamay, yuziga baqrayib qoldim. Keyin jahlim chiqdi-da:

— Qaerda yashayapsiz o‘zi? Qo‘shnimiz o‘tgan yili qizini uzatdi, bir yil yashadi, endi bo‘yiga bo‘lganida erini bir qiz bilan tutib olib, arazlab ham keldi. Shu-shu uyida...

— Ha-a-a, hartugul. Men erga tegmay homilador bo‘libdimi, debman...

— To‘yiga bordingiz-ku! O‘sha yerda ham telefonga termulib o‘tirgandingiz!

— Yo‘g‘-e, to‘yiga ham borganmidim? Menga qara xotin, yuzingni ari chaqdimi? Nega shishib ketding?

— Voy-dod! Shishmaganman, semirganman! Mazam bo‘lmagani uchun duxtir dori bergandi. O‘sha semirtirarkan. Olti oy bo‘ldi, dorini ichib, semirganimga ham.

Eng dahshatlisi, yaqinda tumov bo‘lib yotib qolganimda «Bolalarni o‘zingiz maktab, bog‘chaga olib keling», deb iltimos qildim. Ishonasizmi, bog‘chaga borib «Katta o‘g‘lim qani?» deb rosa ularning boshini qotiribdi. Oxiri, qizimizning yoniga borgach, undan akasining maktabga borayotganini bilibdi.

Shundan buyon hamma narsaga o‘zim yuguryapman. Xuddi o‘sha multfilmdagi maymunga o‘xshab. Bunaqa hayotdan keyin shirin xayol surib bo‘ladimi?

KAMINA


Manba: "darakchi.uz"

Eslatib o‘tamiz, xar yakshanba muxlislar kuni bo‘lib, o‘z muammo yoki ko‘ngil kechinmalari bilan bo‘lishib, keng omma bilan xal qilishga imkoniyatingiz bor.
tarona.net@bk.ru pochtasiga voqea yoki muammoingizni yozib yuborishingiz yoki @tarona_tv manziliga telegramdan voqeangizni yuborishingiz mumkin.
Bunda sizni telefon raqamingiz ko‘rinmasligi va sizni voqeangiz anonim tarzda chop etilishiga kafolat!
Diqqat! Saytga chop etilib bo‘lingan maktub keyin talabga binoan olib tashlanilmaydi!
Voqeangiz sayt orqali keng ommaga chiqishi va xalqdan turli maslaxatlar bo‘lishini bilib turib jo‘natdingizmi, o‘zingiz kutmagan va yoqtirmagan maslaxatni olib keyin olib tashlang deyish mantiqsiz!
Категория: Sevgi dunyosi | | Теги: Kundoshim, Erim, telifon | Рейтинг: 0.0/0

MAVZUGA OID MA'LUMOTLAR

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz