Главная » 2017 » Январь » 17 » Erim meni aldadi, endi unga ishonolmayapman
16:16

Erim meni aldadi, endi unga ishonolmayapman


Er-xotinning bir-biriga ishonchi oila mustahkamliginita’minlaydigan omillardan biri. Oilaviy munosabatlarda yolg‘onishlatish qanchalik og‘ir vaziyatlarni keltirib chiqarishi sir emas.Bir-biriga yelkadosh bo‘lgan ikki inson o‘rtasidagi ishonchsizlik er-xotin munosabatlarining darz ketishiga olib kelishi mumkin… Bu galgi maktublar ana shu mavzuda.

«O‘RTAMIZDA SIR YO‘Q DEGANDI…»

Anzirat, 26 yosh, Buxoro:

— Birinchi turmushidan ajrashgan yigit bilan ancha payt do‘stona gaplashib yurdim.

— Xotinim bilan qayta yarashmayman. Agar oldingi hayotimni yuzimga solmasang, senga uylanaman, — dedi u bir kuni.

Avvaliga ikkilandim. Lekin yuragim u tomon talpinaverdi.

— Ota-onamni ko‘ndirishga o‘zim harakat qilaman. Sovchilaringizni jo‘nating, — dedim oxiri. Qishloqdan opalarini chaqirib, uyimizga yubordi.

— Qizingizni qishloqqa olib ketmaymiz, shaharda yashashadi, to‘yni ham shu yerda qilamiz, — deb ular uyimdagilarni ko‘ndirishdi.

Shunday qilib, to‘yimiz bo‘lib o‘tdi. Mana, birga yashayotganimizga ham bir yildan oshayapti. Erim birinchisidan kuygani uchunmi, menga qattiq gapirmaydi, mehribon. Bundan juda xursand edim. Lekin yaqinda uning birinchi xotini qo‘ng‘iroq qildi:

— Erimni yo‘ldan urib tegib olgansan, seni baribir u bilan birga yashattirmayman. O‘rtada bolamiz ham bor, u baribir farzandidan voz kechib ketmaydi…

Erim menga to‘ydan oldin ham, turmush qurganimizdan so‘ng ham farzandi haqida gapirmagandi.

— Farzandim borligini aytsam, menga tegmaysan, deb qo‘rqqandim, — deb o‘zini oqlamoqchi bo‘ldi.

Hayotim yolg‘on ustiga qurilganini bilib, juda xafa bo‘ldim.

— Men u bilan yarashmayman, ko‘ngling to‘q bo‘lsin, faqat bolam uchun xabar olib turaman. Seni hech qachon tashlab ketmayman, — deb takrorlaydi tinmay. Lekin unga ishonchim qolmadi. Shu paytgacha ham bolasidan xabar olib turgan ekan. Endi hayotim qanday kechadi, degan o‘y tinchlik bermayapti…

Maslahat:

— Siz avvalo eringiz bilan qat’iy gaplashib oling. Oldingi turmushi qanday bo‘lganini bilmaysiz-ku. U sizga xotinini yomonlab gapirgani bilan, balki turmushi buzilishida o‘zining µam aybi bo‘lgandir? Sobiq xotinining maqsadi sizlarning turmushingizni buzish bo‘lsa, u eringizni yomonlashdan charchamaydi. Eringiz siz bilan yashashga qat’iy aµd qilgan bo‘lsa, yolg‘on ishlatganini tan olib, kechirim so‘ragan bo‘lsa, unga ishoning. Lekin farzandidan ajratish noto‘g‘ri. Farzandidan xabar olib turganini ham ijobiy qabul qiling. Oilangizni saqlab qolish o‘z qo‘lingizda.

 

«MENGA IShONMAYDI…»

Gulchehra, Surxondaryo, 44 yosh:

— Turmush o‘rtog‘im bilan yashayotganimga yigirma yildan oshdi. Boshqa oilalarda bo‘lganidek bizning oilada ham turli tortishuvlar, mayda-chuydalar bo‘lib turadi. Yaqinda qaynsinglimni uzatdik. To‘y kuni ovsinim meni chetga tortib gap boshladi:

— Yanga, sizlar tilla zirak bilan uzuk sovg‘a qilmoqchiligingizni eshitib, qaynonam bizga «chaqirdi»da qizimga tilla zanjir taqasizlar, deb turib olgan. Eringiz yaxshi topadi. Bizning qurbimiz yetmay turibdi-da. Bilasiz, qizimiz shartnoma asosida o‘qishga kirdi. Hamma pulimiz o‘shanga ketdi. Qayningizning ham boshi qotgan. Akamdan qarz so‘rab tursammi, bittayu bitta singlim, aytgan narsasini olib bermasam bo‘lmaydi, deyapti, — dedi ovsinim.

Men hech narsadan bexabar edim, nima deyishni bilmay, kalovlanib qoldim. Chunki erim singlisiga yaxshiroq narsa to‘yona qilolmayotganini aytib, siqilgan, uydagi qizimga deb atalgan yaxshi gilamni olib borishga meni ko‘ndirgandi.    

Avval ham erim onasi bilan til biriktirib, mendan pul yashirgandi. Erimdan so‘rasam, u hech qanaqa tilla olmaganini aytib, ko‘zlarini olib qochdi. Yolg‘on gapirgani, men bilan bir og‘iz maslahatlashmagani alam qildi. Singlisiga tilla olishiga qarshilik qilarmidim? Sodda bo‘lib shuncha yildan buyon unga ishonib yurganim o‘zimga juda alam qildi. Uning boshqa ishlari ham menga yolg‘ondek tuyulaveradi.

Maslahat:

— Turmush o‘rtog‘ingizni ayblashdan oldin o‘zingizning harakatlaringizni ham bir tahlil qilib ko‘ring. Balki turmush o‘rtog‘ingizni ortiqcha so‘roqqa tutib, tergaydigan odatingiz bo‘lishi mumkin. Natijada u sizdan pullarini yashiradigan bo‘lgan. Yoki bo‘lar-bo‘lmas narsalarga ko‘p pul sarflashingiz yoqmasa kerak. Onasiga, uka-singillariga yordam berishini yoqtirmasligingizni sezib, shunday yo‘l tutayotgan bo‘lishi ham mumkin. Aksincha bo‘lsa, buning uchun qattiq kuyunmang, begona emas, o‘z yaqinlariga sarflayapti-ku. Baribir maslahatlashib qilingan ish yaxshi. Turmush o‘rtog‘ingizning ishonchini qozonishga harakat qiling.

 

 «BOLALARIMNING GUNOHI NIMA?»

Muhayyo, Samarqand, 37 yosh:

— Turmush o‘rtog‘im bilan maktabda bir sinfda o‘qiganmiz. U oldin zavodda ishlardi. Ish o‘rni qisqarib, ishsiz qoldi. Bu orada men ancha paytdan buyon savdo bilan shug‘ullanadigan qo‘shnimning gapi bilan bozorga chiqib, meva-cheva sota boshladim.

— Nega shu paytgacha savdo bilan shug‘ullanmagansiz, juda qo‘lingiz yengil ekan-ku, birpasda narsalaringizni sotib bo‘layapsiz. Men hech bunaqa savdo qilolmayman, — dedi qo‘shnim.

Ishim o‘ngidan kelayotganidan quvonib, savdoga berilib ketdim. Katta qizim qo‘limdan ro‘zg‘or ishlarini olgan, ukalariga o‘zi yaxshi qarardi. Erim ham xursand. Lekin uning ishi hech o‘nglanay demasdi. Bir necha joyga ish so‘rab borib, noumid qaytdi. Men bilan bozorga chiqing, desam ko‘nmadi. Bir kuni bozorda eshitgan gapimdan ko‘z oldim qorong‘ilashib, hushimdan ketay dedim.

— Ering nima ishlar qilib yurganidan xabaring bormi? Nega uni qaytarishga harakat qilmaysan. Bir-ikki oydan beri sinfdoshlaring Hafizanikida ko‘raman. Uning eri chetga ishlashga ketganmish. Hammaning og‘zida pichir-pichir gap. Ikkalasi hamma joyda yetaklashib yurarmish. Bulardan xabaring bormi?

Narsalarimni tashlab, uyga borsam, katta qizim yig‘lab o‘tiribdi:  

— Dugonam aytdi, dadam har kuni ularning qo‘shnisi Hafiza opanikiga borarmish. Ularning hovlisida hamma ishini qilar ekan. Ayting, ularnikiga bormasin, hamma gapirayapti, — dedi yig‘lamsirab qizim.

To‘g‘ri dugonam Hafizanikiga bordim. Uning oshxonasida yonboshlab yotgan erim meni ko‘rib qotib qoldi. Hafiza bir-ikki yumushini bajarishga yordam so‘raganini, endi unikiga qadam bosmasligini aytib, qasam ichdi. Lekin bolalarimni ham, meni ham aldab, unikiga yashirincha borib yuribdi. Bir gal kechasi o‘zim unikidan chaqirib keldim. Ajrashaylik desam, menga hech qachon xiyonat qilmaganini aytib, qasam ichadi. Unga ishonchim qolmadi.   

Maslahat:

— Ortiqcha fidoiylik qilib yuborganingiz o‘zingizga qimmatga tushayapti. Oilani moddiy tomondan ta’minlay boshlaganingizdan keyin eringiz o‘ziga yaxshigina ovunchoq topib olgan ko‘rinadi. Asosiy e’tiboringiz pul topishga qaratilgani uchun eringizga, bolalaringizga e’tibor baribir pasayadi. O‘zini o‘zi eplayapti-ku, deganingiz bilan bolalaringizga ham baribir mehr, e’tibor kerak. Pul topish vazifasini erkakning o‘ziga qoldiring. Turmush o‘rtog‘ingizni aybsiz, demoqchi emasmiz. Siz baribir uni yo‘lga solib, oilangizga qaytaring. Ajrashib ketib, bolalaringizni ham otasiz qoldirolmaysiz. Farzandlaringizning otasini ketishga qo‘ymang.

Mohitobon BUZRUKOVA yozib oldi


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Ibratli hikoyalar | | Теги: Er-xotin, Xiyonat, endi, ishonolmayapman, Erim meni aldadi, Ayol, Unga, Erim | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz