Главная » 2016 » Декабрь » 9 » Erim ishdan beri kelmaydi!..
17:26

Erim ishdan beri kelmaydi!..


«Erim uchun ish doim birinchi o‘rinda. Ishxonasida yarim kechagacha qolib ketadi, dam olish kunlarini ham iloji bo‘lsa, o‘sha yerda o‘tkazadi. Mabodo uyda qolgudek bo‘lsa, kayfiyati tushib, asabiylashadi. Bolalarning shovqini yoqmaydi. Biz na to‘y-hashamga, na dam olishga birga boramiz. U doim ish bilan band. Yaqinda besh yashar o‘g‘lim otasiga taqlid qilayotganini ko‘rib qoldim: dadasining ish kabinetiga kirib, eshikni yopdi va men ishlayapman deb telefonni qulog‘iga tutgancha tund qiyofada o‘tirib oldi... Erim shuncha ishlaganga yarasha zo‘r pul topadi deya olmayman. Ammo faqat ish bilan band bo‘lganda o‘zini baxtiyor sezadi. Oilasi uning uchun keyingi o‘rinda turadi. Shundan tashvishdaman…»

Asila, 35 yosh

Turmush o‘rtog‘ingiz deyarli tunu-kun ishda bo‘ladi, uning uchun faqat yangi loyihalar va ishga oid g‘oyalar qiziqarli, ta’tilga chiqmaydi, sizlarni dam olishga yolg‘iz jo‘natadi, shundaymi? Xo‘sh, ishdan beri kelmaydigan er bilan qanday baxtli yashash mumkin? Bugun shu savolga javob qidiramiz.

Boshqa ayol paydo bo‘ldimi?

Bunday vaziyatda ayrimlar erimning hayotida boshqa ayol paydo bo‘lgan degan shubhaga ham boradi. Biroq vaqt o‘tib, yagona kundoshi erining ishi ekanini bilgach, xafsalasi pir bo‘ladi. To‘g‘ri-da, kundoshdan erni bir amallab qaytarib olsa bo‘lar, ammo ishga mukkasidan ketgan erkakni oilaga qaytarish amri mahol. Chunki bunday odam uchun ish hayotda eng muhim ahamiyat kasb etadi. Boshqacha qilib aytganda, u – ishiga qaram bo‘lib qolgan.

Belgilar va sabablar

Turmush o‘rtog‘ingizda shunday psixologik muammo borligini quyidagi belgilarga qarab, aniqlasa bo‘ladi.

Ishga bog‘lanib qolgan inson vaqtining asosiy qismini, ya’ni me’yordan ortig‘ini unga bag‘ishlaydi.

Haddan ortiq ishlayverish oqibatida uyqusizlik, asabiylik, xotira sustligi, tez-tez shamollash holatlariga chalinadi.

Ish bilan shug‘ullana olmasa, xavotirga tushadi, vahimalanadi, iloji boricha tezroq o‘z ish joyiga qaytgisi keladi.

Yakshanba kunlarini tushkun kayfiyatda o‘tkazadi.

Va asosiysi: eringiz o‘zida bunday muammo borligini mutlaq rad etadi.

Nega turmush o‘rtog‘ingiz shunday?

Chunki...

Vaqtini to‘g‘ri rejalay olmaydi.

Ish bahona alamlarini unutadi.

Oila davrasida rohatlanmaydi.

Ishxonada o‘zini tengi yo‘q xodim hisoblaydi va hamkasblari vazifalarni usiz ham eplashlaridan qo‘rqadi.

U ko‘p pul topishni istaydi, moddiy manfaatdorlik hammasidan ham qiziq.

U muvaffaqiyat qozonishga o‘rganib qolgan, omadsizlikni o‘ziga ravo ko‘ra olmaydi.

Xullas, u muvaffaqiyatli shartnoma, omadli ish, kutilgandek amalga oshgan loyiha sabab oladigan qoniqish hissiga bandi bo‘lib qolgan. Bu o‘sha qoniqish payti organizm ishlab chiqaradigan gormonlar (oksitoksin, adrenali, endorfinlar)ning kasri. Statistikaga ko‘ra 12-15 foiz odamlarda bu holat haqiqiy tobelikni keltirib chiqaradi. Ya’ni, ishga tobelikni.

Oqibatlar

Kareradagi muvaffaqiyatlar evaziga inson sog‘ligini boy berishi mumkin. Chunki doimo safarbarlik va tayyorlik holatida turgan organizm tez charchaydi, quvvat kutilgandan ko‘p sarflanadi, uning o‘rni esa o‘z vaqtida to‘ldirilmaydi. Bundan tashqari, yaxshi karera qilaman, ishda muvaffaqiyatga erishaman degan odam o‘rni kelganda muloyim, bosiq va salobatli bo‘la olishi kerak. Charchagan va asabiy odam esa buning uddasidan doim ham chiqa olmaydi. Natijada ishdagi muvaffaqiyatlar o‘rnini asta-sekin muvaffaqiyatsizliklar egallab boradi.  Ishga mukkasidan ketgan erkakdan ham yomonrog‘i nima, bilasizmi? Ishga mukkasidan ketgan omadsiz erkak. Ishlayveradi, ishlayveradi, ammo ishi orqaga ketaveradi. Oqibatda uning tushkunligi va asabiyligi ortadi, bu oilaviy munosabbatlarga ham salbiy ta’sir o‘tkazadi. Qolaversa, shaxsning o‘zi tanazzulga yuz tuta boradi.

Nima qilmoq kerak?

Ishga va oilaga nisbatan mos munosabatni shakllantirish oson emas, ammo buni uddalasa bo‘ladi. Ko‘p narsa sizga – ishga mukkasidan ketgan erkakning yonidagi ayolga bog‘liq. Sizdan sabr va o‘rni kelganda matonat ham talab qilinadi.

Uni seving va tushuning. Ko‘p ishlash yomon odat emas, buning uchun er o‘zini hech kimning oldida oqlashga majbur emas. Shuning uchun bir narsani anglang: siz avval boshdanoq ish va muvaffaqiyatni birinchi o‘ringa qo‘ygan insonga turmushga chiqqansiz. Demak, uni qanday bo‘lsa, shundayligicha seving, umr yo‘ldoshingiz har doim siz uchun suyukli inson ekanini anglab tursin.

Hordiq chiqarishga o‘rgating. Ishga mukkasidan ketgan odamni faqat ishdagi muvaffaqiyatlari orqali sun’iy ravishda emas, oila, yaqinlar bilan muloqot, sayohat, hordiq kabi vositalar orqali tabiiy ravishda hayotdan zavq olishga o‘rgatish kerak. Buning uchun eng avvalo eringizga baxt hissining boshqa manbalarini ko‘rsating. Dam olish kunlari uyda tushkun kayfiyatda zerikmasligi uchun faol xordiq chiqarish usullarini taklif qiling: masalan, bouling o‘yinini. Umuman, shunday musobaqalashadigan o‘yinlar ularga yaxshi ta’sir ko‘rsatadi.

Murosa qiling. Ishga mutelik holatidan eringizni faqat bir shart bilan xalos qila olishingiz mumkin: buni uning o‘zi istashi kerak. Ziddiyatlar, munosabatlarni oydinlashtirish, ta’na-dashnomlar – bularning hech biri to‘g‘ri yechim emas. Albatta, eringiz sizni sevadi va qadrlaydi, bo‘lmasa sizga uylanmagan va shuncha yil birga yashamagan bo‘lardi. Qani, unga bo‘lgan ta’siringiz kuchini sinab ko‘ring! Shunday qilingki, yoningizda u chindan ham o‘zini baxtiyor his etsin. Shunda u sizni yo‘qotishdan qo‘rqadi. Uyga qaytganida shirin so‘z va mazali taom bilan kutib oling, uyingizni orasta tuting. Yana yoshligida nima bilan shug‘ullanishni yaxshi ko‘rgan, shuni bilib oling-chi. Masalan, velosipedda uchishni yoqtirgan bo‘lsa, o‘g‘lingiz yoki o‘zingiz bilan velopoyga uyushtiring. Xullas, sizning vazifangiz unga ishdan tashqari yana boshqa zavq manbalarini topib berish. hammasini asta-sekin boshlang. Masalan, birdaniga uni zo‘rlab bir oylik ta’tilga olib keta olmaysiz. Oldiniga birga o‘tkazilgan bir kunginaga shukr qiling.

Nima bo‘lganida ham chekingizga mehnatkash er tushganidan xursand bo‘lavering. Har holda ishyoqmasdan ko‘ra tuzukroq. Faqat unga haqiqiy baxt nimada ekanini ko‘rsata olsangiz kifoya.

ShAHINA tayyorladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Fikr Mulohaza | | Теги: Xiyonat, Er-xotin, Pul, Erim, Ish, Ayol | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz