17:05 Erim pul topmaydi… | |
Har qanday ayol yonida omadli, toparmon-tutarmon, ishonchli erkak bo‘lishini istaydi. Lekin istaklarimiz doim ham amalga oshavermaydi. Ba’zida erlar ishsiz, pulsiz qolishadi, ishlari yurishmaydi. Aqlli ayol buni vaqtincha holat deb sabr qiladi, dono ayol esa turmush o‘rtog‘ini yangi marralarni zabt etishga ilhomlantiradi. Xo‘sh, erkak yaxshi pul topishi uchun ayol nima qilishi kerak? Erkak bir ayolning oldida omadsiz, boshqa bir ayol bilan yashaganda esa muvaffaqiyatli bo‘lib qolishi ko‘p kuzatiladi. Bu yerda ayollarning erlariga ta’siri, uni yuksak maqsadlar sari undashi, ilhomlantirishi, rag‘batlantirishi haqida gap ketayapti. Ular qanday ayollar? Nima qiladilarki, erlari omadsiz insondan tog‘larni talqon qilishga qodir supermenlarga aylanib ketadilar? Qars ikki qo‘ldan chiqadi deganlaridek, masalaning yechimi ham er, ham xotinga birdek bog‘liq. Quyida biz er ko‘p pul topishi uchun nima qilish kerak degan masalani har ikki tomon nuqtai nazaridan ko‘rib chiqamiz. «O‘zim ishlamasam bo‘lmaydi!» Ayollar erlari ko‘p pul topishini istagan holda, ularni muvaffaqiyat sari rag‘batlantirishni bilmaydilar. Masalan, oilada moddiy qiyinchilik boshlangan payt bir toifa ayollar sabr qilib, har narsani tejab, ro‘zg‘or yukini zimmasiga oladi, ikki-uch joyda ishlaydi, tunlari uxlamaydi, xullas, oilani o‘zi ta’minlashga harakat qiladi. Boshqa toifa ayollar esa, aksincha, bunday erning boridan-yo‘g‘i deya ajrashish va yangi oila qurish fikriga tushadilar. Bu ikki chegara ham ma’qul emas, o‘rta yo‘lni tanlash kerak. Ya’ni aql bilan erni yo‘naltirish, joyidan qo‘zg‘atish lozim. Ha, birovni ishlatish o‘zingiz ishlashdan ko‘ra qiyinroq. Biroq erkak ishlab pul topib kelmas ekan, oilada baraka bo‘lmaydi. Xo‘sh, nima qilmoq kerak? Xohlang. Yangi ko‘ylak kerak emas, eskisi ham bo‘laveradi desangiz, eringiz hech qachon sizga ko‘ylak olib berish uchun ishlashi kerakligini o‘ylamaydi. Siz so‘ramasangiz, u bermaydi. Demak, istash va so‘rash kerak. Rag‘batlantiring. Xohlamoqning o‘zi yetarli emas. Istakni amalga oshirish uchun imkon ham topmoq kerak. Bu o‘rinda imkonni siz emas, turmush o‘rtog‘ingiz topishi kerak. Siz esa uni shunga rag‘batlantirmog‘ingiz lozim. To‘g‘ri tejang. Albatta, eringizning butun oyligiga bitta tufli sotib oling demaymiz. Ammo «Arzon beillat bo‘lmas» degan maqolni ham unutmang. Sifat va narx mezonini to‘g‘ri ushlang. Qolaversa, xaridingizdan mamnun bo‘lsangiz, bu juftingizning ham o‘ziga bahosi va ishonchini oshiradi. Unga nima uchun ishlashi kerakligini ko‘rsatadi. Orzularingizni amalga oshiring. «Ayfon»ni orzu qilyapsizmi? Sotib oling! Mayli, boshlanishiga u eskiroq versiyasi, mayli ishlatilgan telefon bo‘laqolsin. Lekin bu amalga oshgan orzu sifatida qimmatli bo‘ladi. Orzularimizning ro‘yobga chiqishi esa bizga ishonch, quvvat va xushkayfiyat beradi. Eskiroq, ammo istalgan avto, narxi tushirilgan, biroq bolalikdan orzu qilingan mebel – bularning bari xonadoningizni ijobiy energiya bilan to‘ldiradi. Qarabsizki, pullar nasibaga yarasha oqib kelaveradi. Niyatni butun qiling. Eringizga o‘rgatavermang. Uning yelkasida o‘z kallasi bor. Unday qiling, bunday qiling deyaversangiz, uning ijodiy fikrlash, fahmlash qobiliyatini so‘ndirib qo‘yasiz. Siz vazifa qo‘ying, marrani ko‘rsating, bo‘ldi, uni qanday zabt etishni esa o‘zi hal qilsin. Shundagina u g‘alaba zavqini his etadi. Turmush o‘rtog‘ingizni qadrlang. Bu uning siz uchun qilayotgan ishlarini qadrlash demakdir. Agar ayni damda uni maqtashga asos topa olmayotgan bo‘lsangiz, o‘tmishga qarang, albatta, g‘alaba qozongan, ishi o‘xshagan, muvaffaqiyatga erishgan paytlari bo‘lishi kerak, o‘shalar uchun uni qadrlang. Ko‘kka ko‘taring. Bu erkaklar oriyati uchun malhamdek narsa. Har qanday erkak ayoli nazarida yuksak baholanishni istaydi. Ayollarga muhabbat va e’tibor qanchalik kerak bo‘lsa, erkaklar uchun maqtov va ko‘klarga ko‘tarilishi shunchalik zarur. Hurmatini joyiga qo‘ying. Albatta, har narsani eringizdan yaxshiroq bilib va qilib turgan holatingizda uni hurmat qilish biroz qiyinroq. Unga qaror qabul qilish imkonini bering, ishoning va qarorini hurmat qiling. Unga boshqaruvni bering. Lider, himoyachi roli erkaklarga tegishli, bu ularning huquqi va imtiyozidir. Siz erim oilani boqa oladi, deb yuz foiz ishongan kuningizdan boshlab u ro‘zg‘orni ta’minlay oladi. Bu bilan umr yo‘ldoshingiz o‘zining naqadar kerakli inson ekanini ham his etadi. Oila byudjetini unga topshiring. Er ro‘zg‘or uchun javobgar ekan, pulni qanday topish yo‘llarini o‘zi hal qilarkan, demak, qanday sarflashni ham u biladi. Unga g‘aznani ishoning. Agar topganini tiyinigacha sanab olib, o‘zingiz sarf-xarajatlarni nazorat qilar ekansiz, hech qachon ro‘zg‘or uchun mas’uliyat butunlay uning zimmasiga o‘tmaydi. U oyligini olib kelib beradi, xolos. Yetmagan joyini o‘zingiz to‘ldirishga majbur bo‘lasiz. O‘zingizda ayollik sifatlarini rivojlantiring. Ayollar egiluvchan, noziktabiat va ayyor mavjudotdir. Yaratgan ayolga inja farosat va tezkor fahm bergan. Erni ta’nalar, talablar bilan arralamaslik, aksincha aylanma yo‘llar bilan o‘z istagingizni uning maqsadiga aylantirishingiz kerak. Siz hovlili bo‘lish haqida orzu qilayapsizmi? Demak, oilangiz, farzandlaringiz va eringizning o‘zi uchun ham bu zarur ekaniga uni ishontirishingiz kerak. Erkaklar ham o‘z haqiqatlari bor! Yuqorida keltirilgan maslahatlarga erkaklar umuman e’tiroz bildirmasalar kerak. Ular ayoldan doim hamdardlik, hamjihatlik, ishonch va mehr kutadilar. Ayollari ularni har ishda qo‘llab-quvvatlashini va doim maqtab, rag‘batlantirib turishini istaydilar. Umr yo‘ldoshlari o‘z ehtiyojlarini qondirish uchun faqat o‘zlariga murojaat etishini, birovga zor bo‘lmasligini istaydilar. Ayolining ehtiyojlari erkak uchun asosiy rag‘bat manbaidir. Erkaklar ko‘pincha birinchi mag‘lubiyatdan so‘ng tarvuzlarini qo‘ltiqdan tashlab, kamhafsala bo‘lib qoladilar. Shunday paytda ayol kishi uni kuch bag‘ishlay olishi kerak. Lekin erkaklarning ayollar fikriga qo‘shilmagan jihatlari ham bo‘lsa kerak. Axir har masalada yakdil bo‘lganlarida oilaviy nizolar umuman kelib chiqmasdi-ku. Erkaklar ayol tufayli muvaffaqiyatga erishdim degan fikrni umuman qabul qilmaydilar. Ular uchun barcha zafarlar faqat o‘z mehnatlari, aqqlari va jasoratlari natijasidir. Tamom, vassalom! Shunga qaramay, har qanday erkak ham uylangach, bola-chaqa orttirgach, ko‘proq pul topa boshlaganini tan oladi. Bu holni erkaklar juda oson, shu bilan birga, qiziqarli tarzda izohlaydilar. Erkaklar bolasi uchun har narsaga tayyor! Ayol homilador bo‘lib, bu haqida eriga ma’lum qilgan kundan boshlab unda ro‘zg‘or ta’minlovchisi mas’uliyati ortadi, u imkon qadar ko‘proq pul ishlab topish harakatiga tushib qoladi. Qo‘shimcha ish topish, mansabda ilg‘orlash yo‘llarini izlash, o‘z biznesini ochish payiga tushadi. Ayol uyini sarishta, bolalarni ozoda tutib, o‘zini parvarishlamas, ya’ni o‘z vazifalarini bajarmas ekan, erkak ham uyga pul olib kelishni kamaytara boshlaydi. Yoki aksincha, er ko‘proq topib keladi, xotin ro‘zg‘orni shinamroq qiladi. Xullas, bir-biriga bog‘liq yopiq halqa. Bu haqiqatlar yetuk insonlarga tegishli. Jisman o‘ssa ham, aqlan bola bo‘lib qolgan, mas’uliyatni zimmaga olishni istamaydigan, hamon onasining chizgan chizig‘idan chiqmaydigan erkaklarga hech nima rag‘bat bo‘la olmaydi, afsus! Xulosa qiladigan bo‘lsak, ro‘zg‘or but, farovon bo‘lishi uchun har kim o‘z o‘rnida o‘z vazifasini bajarishi kerak. Ayol eri ko‘p pul topishini istaydimi, erini ko‘p pul topishga rag‘batlantirsin. Erkak uyda tinchlik, xotirjamlik bo‘lishini, bolalari hech nimaga zoriqmasligini xohlaydimi, demak, harakatini qilsin. Ish topolmayapman deb divanga yonboshlab olish erkakka, erim ishlamayapti, oilani o‘zim boqishim kerak, deb hamma yukni nozik yelkalarga olish ayolga yarashmaganidek, oila uchun ham koni zarardir. O‘zaro ta’nalarni, ayblovlarni yig‘ishtirib, har ikki tomon ham islohni o‘zidan boshlashi kerak. Shahnoza SOATOVA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|