17:05 Erimning qamalishiga men aybdorman… | |
Hafiza ko‘zlarini ochganida kun yorishib, soat sakkizga yaqinlashib qolgandi. Sapchib o‘rnidan turdi-yu, yonida shiringina uxlab yotgan qizini yelkasidan turtdi. U injiqlana boshlagach, «Tez tur, bog‘chaga borishing kerak», deya o‘g‘illarining xonasiga yo‘l oldi. Bog‘chaga borishni istamaganidanmi yo onasi turtkilaganda qo‘rqib ketgani sababmi, Lola yig‘lagancha unga ergashdi. — Turinglar, to uyg‘otmagunimcha uxlab yotaverasizlar! — Hafiza ikki o‘g‘liga jahl bilan gapira boshladi. Biri beshinchi sinfga, biri ikkinchi sinfga boradigan bolalar o‘rnidan turishdi-yu, soat nechchi bo‘lganini bilish uchun devorga tikilishdi. Ko‘zlarini ishqalay-ishqalay soat millarining biri sakkiz raqamining ustida turganini ko‘rishgach, ikkisi ham yuvingani vannaxonaga yugurishdi. Aka-ukaning «men, men» deya tortishayotganini ko‘rgan ona alamzadalik bilan tanbeh berdi. — Kecha vaqtliroq uxlash kerak edi, televizorga tikilib o‘tirmasdan. Dadalaringizga o‘xshab, hech nimani vaqtida qilmaysizlar. Aksiga olib, qizi «Dadamga boraman», deya yig‘lay boshladi. — «Dada-dada» deyavermay tur sen ham! Har kuni borib ko‘rib keladigan joyda bo‘lsa ekanki dadang, yugurib olib borsam, — qizini siltaladi Hafiza. Bolalar nonushta ham qilmasdan apil-tapil kiyinishdi. Qizi yig‘idan to‘xtamagan bo‘lsa-da, Hafiza uni ham bog‘chaga ketish uchun shayladi. Bolalarini yetaklab uydan chiqarkan, qo‘shnisining mashinasi darvozlari oldida to‘xtadi. — Hafiza opa, o‘g‘illaringizni o‘zim tashlab qo‘yaman maktabga, — dedi Murod Hafiza uning salomiga bazo‘r alik olsa-da. Jamshid bilan Rashid onasining roziligini kutib o‘tirmasdanoq mashina tomon chopishdi. Murod yo‘lda ularni uchratsa, doim mashinasiga mindirib olgani uchun ham bolalar undan tortinishmasdi. Qolaversa, onasining kayfiyati yo‘qligi, to maktabga borguncha yana dakki eshitishlarini mumkinligi sezishardi. Hafiza qo‘shnisiga til uchidagina «Rahmat» dedi, xolos. «Erim ishiga puxta, pishiq bo‘lganida, hozir shunaqa qilib uch bola bilan ertalabdan sarson bo‘lib yurmasdim. Mana, Murod, ataylab o‘g‘illarimni mashinasiga mindirdi. O‘zini ko‘rsatib qo‘ymoqchi-da!» deya xayolidan o‘tkazdi juvon. Murod huquq sohasida ishlagani bois erining ishi bo‘yicha maslahat so‘rab borganida, «Opa, qonun hamma uchun barobar», deya ma’ruza o‘qishdan nariga o‘tmagandi. Bog‘chaga borgach, Hafizaning bir dardi ikki bo‘ldi. Bog‘cha pulini to‘lash muddatidan o‘tib ketayotganmish. Qizining tarbiyachisi bu so‘zlarni uni pisand qilmagan ohangda aytgandek tuyuldi. «Javohir akam mansabda o‘tirganida, oyda bir kelsam ham, atrofimda girdikapalak bo‘lib qolardingiz», degan gap ayolning tilining uchida turardi-yu, yana indamadi. Oldin birorta ham bayramda qizining tarbiyachisini sovg‘asiz qoldirmasligini, uyda ham pul faqat bir ro‘zg‘or qilishga yetgulik ekanligini o‘ylab, Hafiza qaynonasiga qo‘ng‘iroq qilishga tutindi. Yaqinda bolalarining maktab kiyimlarini olib bergan qaynonasi nafaqasi kelishi bilan yetkazishini aytganida, gapni shartta kesdi. — Qaynakamdan olib bering! Men so‘rasam, keliningiz labini buradi! — Qaynonasi «Xo‘p, bugun» deya gapinini tugatmasdanoq Hafiza ertalabdan yuragini kuydirayotgan alamlarini to‘kib soldi. — O‘g‘lingizning qo‘lida pul o‘ynab turadi, ukasining bolalaridan esa xabar olishni ham bilmaydi. O‘shanda prokurorga ozgina tutqazganida, kambag‘al bo‘lib qolmasdi. O‘lmasoy aya kelinining gaplarini eshitarkan, yuragi uvishib ketdi. Shuncha yil o‘qitgan, hamma joyda otasiga rahmat olib keladigan o‘g‘li bir kunda pora bilan qo‘lga tushdi-yu, qamalib ketdi. Ona farzandining, o‘zining, oilasining bir pul bo‘lgan obro‘-e’tiboriga kuysinmi yoki qirqqa ham kirmagan o‘g‘lining qamoqda o‘tirganigami? Javohir qamalganidan beri O‘lmasoy aya ikki kishiga qo‘shilish tugul ostona hatlab ko‘chaga chiqishga ham iymanadi. Bir-ikki kun Hafizalarnikida turib keldi. Harna nevaralarga qarab o‘tiraman, degan o‘yda. Qolaversa, Javohir ham «Oyi, bolalar yolg‘iz qolmasin, biznikida yashab turing», degandi. Biroq kelinining qosh-qovog‘i, diydiyolari, nolishlari, Javohirni go‘llikda ayblashlari ezilgan yuragini battar timdaladi. Qon bosimi oshib ketgach, kenja o‘g‘li uyiga qaytarib olib keldi. O‘lmasoy aya hozir to‘ng‘ichiga qo‘ng‘iroq qilsa, uning birinchi aytar gapi «Javohir qilmishiga yarasha oldi! Men gapirsam, qulog‘iga ilmagandi» bo‘ladi. Kattasi o‘zi yomonmas, ukasining bolalaridan hech nimani ayamaydi, faqat haqiqatni sharta-sharta aytadiganlardan. O‘zi doim mehnat qilib, halol rizq topgani uchun ham ukasining xatosini hech kechira olmayapti-da. Hafiza esa bo‘lgan voqeadan hamon o‘ziga dars olmagan. Uning peshanasi sho‘r va bunga o‘zidan boshqa hamma aybdor. Eri tuppa-tuzuk ishda ishlardi. Halolligi, uddaburonligi sabab yosh bo‘lsa ham, lavozimidan tez ko‘tarildi. Besh yil bir bankni boshqardi. Hafiza yolg‘iz, erka qiz bo‘lgani uchunmi, qaynonasining xizmatini qilishni ko‘p ham istayvermasdi. Ustiga-ustak, qaynota to‘shakka mixlangan. Uning parvarishi garchi qaynonaning zimmasida bo‘lsa ham, kunda-kunora kelib-ketuvchi qaynopalariu ovsinlariga choy-non qo‘yish ham malol kelardi unga. Erining oylik maoshi esa odatda qaynotasining dori-darmoni va ukasining shartnoma puliga ketib qolardi. Shu vajlar tufayli ham Hafiza alohida chiqishni istardi. Javohirni bunga ko‘ndirguncha har nima qilib ko‘rdi. «O‘zimiz erkin yashaymiz», deb tushuntirdi —ko‘nmadi, «Jonimga tegdi bu uyning ado bo‘lmaydigan tashvishlari» deya zorlandi — Javohir kir mashina olib berib ovutdi, oxiri qaynonasi bilan tortishib ikki bolasini yetaklab uyiga ketdi va shart qo‘ydi: «Alohida chiqsak, ketamiz!» — eri nailoj, ota-ona rozilik bergach, hali to‘liq bitmagan hovliga chiqishga majbur bo‘ldi. Er-xotin alohida ro‘zg‘orning aravasini tortish osonmasligini ko‘p o‘tmay tushunishdi. Hafiza qaynota-qaynonasining nafaqasi ham ko‘p yuklarini yengil qilib turganini ich-ichidan tan oldi. Biroq erining qo‘shimcha daromad qilish imkoni borligini bilgani uchun bundan afsuslanib o‘tirmadi. Qaytanga Javohirni niqtay boshladi. «Oldingizga iltimos qilib kelganlarning ishini siz hal qilmasangiz, boshqasi bitkazib berib, rohatini ko‘radi», deya turmush o‘rtog‘ini o‘zi o‘ylagan «qo‘shimcha daromad»ga unday boshladi. Javohir ham yosh edi, buning ustiga, irodasi ham bo‘shlik qildi, atrofida qulluq qilib, har nega shay turganlar, uyga kelsa, xotinining falonchi-falonchilar bilan solishtirishlari o‘z so‘zini aytdi. Imi-jimida mijozlarining ishini bitirib, ularning ko‘ngildan chiqarganlariga imoratining ta’mirini yakunlab oldi. Ko‘p o‘tmay «toychoq»lik ham bo‘ldi. Qarasa, hech kim bilmayapti, hamma rozi, ayniqsa, xotini ishdan qaytganida erini o‘tirg‘izishga joy topolmay qoladi. Javohir o‘zidan mamnun yashay boshladi. Otasi olamdan o‘tgach, akasi unga nasihat qildi: — Javohir, qing‘ir ishning qiyig‘i qirq yilda ham chiqadi. Shuncha o‘qiding, mehnat qilding, hurmat topding, bir-ikki so‘mni deb bir kunda hammasini boy berishing mumkin. Ko‘zingni och, harom pul hech kimga buyurmaydi, — dedi. Javohir akasining mehnatdan qavargan qo‘llariga boqib miyig‘ida kuldi. — Fermangizda ishchilarni ko‘paytirib, o‘zingiz maza qilib boshqarib yursangiz bo‘lmaydimi? — dedi nima deyishni bilmay. — Bo‘ladi, lekin o‘zim mehnat qilmasam, ko‘nglim joyiga tushmaydi. Yaxshisi, sen ham halol mehnat ortidan daromad qilishni o‘yla! — deya oxirgi gaplarini alohida urg‘u bilan aytdi akasi. Boylik ko‘zini ko‘r qilib qo‘ygan uka bir necha kun halovatsiz yurdi. Akasining gaplari ko‘ngliga qattiq botdi. O‘tgan hafta onasini ko‘rgani borganida, volidasi ham shu mavzuda biroz yozg‘irgan, otasi bir umr halol mehnat qilib, kam bo‘lmaganini, elning duosini olganini aytib, ko‘zlari yoshlangandi. Javohirning mayus tortib qolganining sababini bilgan xotini esa shang‘illashga tushdi. — Akangiz o‘zi doim shunaqa! Asli sizni ko‘rolmaydi! Imorat boshlaganimizda qo‘lida bir so‘m pul yo nimadir ko‘tarib kelmadi-ku! Endi katta ketishini qarang. Yo‘q bo‘lsa, berolmaydi, bor bo‘lsa, ko‘rolmaydi, deb shuni aytishadi. Siz harom ish qilayotganingiz yo‘q! Odamlarning hojatini chiqarayapsiz! — deya ukaga akani yomonladi. Shu voqeadan ko‘p o‘tmay Javohir pora bilan qo‘lga tushdi. Oqibatda bari kirdikorlari ochila boshladi. Poraxo‘rlik sabab esa sud qamoq jazosiga mahkum qildi. Hafiza u yoq-bu yoqdan tanish topib, yana pul bilan hammasini bosdi-bosdi qilish taraddudiga tushdi, bundan xabar topgan qaynakasi «Javohir o‘zi pora bilan qo‘lga tushgan bo‘lsa! Yana shu qing‘ir yo‘l bilan uni qutqaraman deb, battar qilmang, kelin» deya ogohlantirishini bemerhlikka yo‘ydi. Erining mashinasini sotib, «Qamoqdan qutqarib beraman», degan bir yolg‘onchining qo‘liga tutqazdi. Ammo pulning kuchi emas, qonun ustuvorlik qildi. Mana, jazo muddatining bir yildan oshig‘i o‘tdi. Hafiza erini ko‘rishga boravermaydi. Chunki bir gal Javohir «Sening ko‘zing to‘ymadi», deya o‘tgan gaplarni yuziga soldi. Shu sabab ham «Keksayganda bolalarimning rohatini ko‘raman», degan onaizor ikki o‘rtada sarson. *** Hafiza qaynonasiga achchiq qilib ham, xotirjam tortmadi. Tilida erini notavonligi sabab qo‘lga tushgan desa-da, ko‘ngli o‘zining noshukrligini tan olib, alam battar kuydirardi. Tushlikka endi unayman deb turganida, kichik o‘g‘li maktabdan yig‘lab keldi. Usti-boshi bir ahvol, kim bilandir urishgani aniq. — Oyi, dadam qamoqdami? Said shunaqa dedi! «Seni otang harom pul bilan qamalgan», deb aytdi, — dedi sakkiz yashar bolasi o‘pkasini bosolmay. Kattalar bolalarga otasini safarga ketgan deya aldashardi-da. Hafiza ertalab o‘zi urisha-urisha maktabga jo‘natgan bolasini bag‘riga bosib, qanday ovutishni bilmay qoldi. «Bolalarimiz kelajagi uchun» deb, er-xotin pul sanagan, yangi nimadir olishsa, xursand bo‘lgan kunlari ko‘z oldidan o‘tib, yuragini afsus-nadomat doimgidan-da qattiqroq kemirdi... Shoira VAFOYEVA
Manba: "darakchi.uz"
| |
|