17:19 Farg‘onada qaynata tuhmat qilmoqchi bo‘lgan kelinini o‘ldirdi | |
Farg‘ona viloyati Dang‘ara tumanida qaynata kelinini so‘yib tashladi. Bu haqda «Qonun va ijro» gazetasi veb-saytida xabar berilgan. Unga ko‘ra, voqea sodir bo‘lgan kuni D. ismli kelin uyiga ketib, o‘sha yerda davolanmoqchi ekanini R.S.ga aytgan. Qaynata esa «Qaynanangiz kelsa, ruxsat so‘rab boraverasiz», deya keliniga ruxsat bermagan. Bundan jahli chiqqan kelin darhol eriga qo‘ng‘iroq qilib, uyga kelishini so‘ragan. Eri esa ishdaligini, borolmasligini aytgan. Shundan so‘ng R.S. kelini D.ga kech bo‘lganda ketmasligini, dorilarni shu yerda ham olaverishini aytgan. Biroq kelin ruxsat ololmagach, «Qaynatam menga tegajog‘lik qilyapti», — deb ko‘chaga chiqib jar solmoqchi ekanin aytgan. Bu gapni eshitgan R.S. qassobchilik qilib yurganida ishlatadigan pichog‘ini olib, kelinining ortidan uning xonasiga kirgan. «Qayerga ketasan, kim senga javob berdi, nimaga menga tuhmat qilasan?» — deya kelini D.ga qo‘lidagi pichoqni ko‘rsatgan va uydan chiqib ketsa, o‘ldirib yuborishini aytib, tahdid qilgan. D. esa «O‘ldirish qo‘lingdan kelmaydi», — deya qaynatasini haqorat qilgan. Shundan so‘ng R.S. kelinini qassoblik pichog‘i bilan o‘ldirgan. Jinoyat ishlari bo‘yicha Dang‘ara tuman sudi qotillik jinoyatini ko‘rib chiqib, R.S.ga 10 yil muddatga ozodlikdan mahrum qilish jazosini tayinladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|