19:33 G‘arb Rossiya olmosiga hujum boshlamoqchi | |
Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi rus nefti va gaziga haddan tashqari qaramlik bo‘yicha qadriyatlarni qayta baholashga olib keldi, ammo endilikda Rossiyaning boshqa asosiy eksporti – olmos atrofida yangi drama paydo bo‘lmoqda. Nashrning yozishicha, Rossiya mayda olmoslar yetkazib berish bo‘yicha dunyodagi eng yirik eksportyor hisoblanadi. Ko‘p yillar davomida Amerika Qo‘shma Shtatlarida va undan tashqarida sotuvga qo‘yilgan nikoh uzuklari, sirg‘alar va boshqa zeb-ziynatlar orasida Rossiya shimoli-sharqidagi abadiy muzlikdan qazib olingan olmoslar ham bo‘lgan. Endilikda AQSH va boshqa davlatlar Rossiya olmoslarini rasman “mojaroli” olmoslar sifatida belgilash choralarini ko‘rmoqda, deyiladi xabarda. Rossiya olmoslarining sotilishiga Davlat departamenti vakili Jorj Kajati qarshi chiqdi, u Kimberli jarayoni raisiga yo‘llagan maktubida shunday tashabbus bildirgan. Bu BMT tomonidan tashkil etilgan xalqaro tashkilot bo‘lib, uning maqsadi “mojaroli” yoki “qonli” olmoslarni bozorga kirishiga yo‘l qo‘ymaslikdir. “Ushbu qazilmalardan tushgan daromad qasddan va asossiz urush olib borayotgan davlatga foyda keltiradi”, deyiladi maktubda. Uning pozitsiyasini Yevropa Ittifoqi davlatlari, Kanada va boshqa bir qancha G‘arb davlatlari, jumladan Ukraina ham qo‘llab-quvvatladi, deb yozadi NYT. Rossiya-Ukraina urushi Joriy yilning 21 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Kremlda Ukraina sharqidagi o‘zini mustaqil deb eʼlon qilgan Lugansk xalq respublikasi (LXR) va Donetsk xalq respublikasini (DXR) tan olish to‘g‘risidagi farmonni imzoladi. Keyinroq RF respublikalarni shu nomdagi viloyatlar chegarasida tan olganini taʼkidlab, Ukrainaga qarshi urush xavfini oshirib yubordi. Putinning favqulodda qarori ortidan AQSH, YEI, Kanada, Avstraliya, Buyuk Britaniya va Yaponiya rasmiylari ham Rossiyaga qarshi sanksiyalar kiritdi. 24 fevral kuni Rossiya Prezidenti Vladimir Putin Ukraina sharqida Donbassda rus harbiylari "maxsus harbiy operatsiya" boshlaganini eʼlon qildi va rus qo‘shinlari Ukrainaga hujum boshladi. Putin bu harakatini Ukraina sharqidagi rossiyaparast separatist kuchlar rahbarlari shunday so‘rov yuborgani bilan oqladi. Bundan avvalroq Zelenskiy Rossiya fuqarolariga rus tilida murojaat qilib, ukrainlarga “na sovuq, na issiq, na gibrid urush kerak emas”ligini, ukrainlar hujumchilarni kutib olishga tayyorligini bildirgandi. Ko‘p o‘tmay Prezident Rossiya bilan diplomatik aloqani uzdi. Prezident Zelenskiy mamlakatda harbiy holat eʼlon qildi. 25 fevral kuni Zelenskiy Ukrainada umumiy harbiy safarbarlik eʼlon qildi. Armiyaga chaqiruv mamlakatning qator viloyat va shaharlarida amalga oshirilishi belgilandi. Rus qo‘shinlari hozirgacha Ukrainaga shimol, sharq va janubdan hujum qilib kelmoqda va qator hududlarni egallashga erishdi. Ammo bu urush Rossiyaning dunyoda yakkalanib qolishiga olib keldi. Ukrainaga hujum boshlanishi Rossiya iqtisodiga og‘ir zarba berdi. Rus kompaniyalari aksiyalari keskin arzonlashdi, Moskva birjasida savdolar mislsiz darajada pasayish bilan o‘tdi. Gazprom, LUKOYL va boshqa yirik kompaniyalar yo‘qotishlarga uchradi. Hujum boshlangach, Yevropa davlatlari va AQSH Rossiyaga qarshi bir necha bosqichli sanksiyalar joriy qildi. Rossiyaning VTB, “Rossiya” banki, “Otkrыtiya”, “Novikombank”, “Promsvyazbank”, “Sovkombank” va VEB.RF banklari SWIFT xalqaro banklararo tizimidan uzildi. AQSH va Yevropa Ittifoqi Rossiyaning oltin-valyuta zaxirasini blokladi. Yevropa davlatlari, AQSH, Kanada Rossiya uchun o‘z havo hududini yopdi. Bu sanksiyalarga neytral davlat hisoblangan Shveysariya ham qo‘shildi. Urush fonida Ukrainani Yevropa Ittifoqi aʼzoligiga qabul qilish jarayoni tezlashdi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|