21:36 Gulasal Abdullaeva duet kuylamasligi sabablari va kelasi yilda turmushga chiqishi haqida(eksklyuziv) | |
U o`zi haqidagi fikrlarni eshityapti, xulosa qilyapti va o`zgarishlarga tayyor. Ammo buning natijasi qanday bo`lishini hech kim bilmaydi. To`rt yillik ijodi davomida xonandaning anglaganlari ko`p. Biroq hali hammasi oldinda. O`zbek estradasining eng yosh san`atkorlaridan biri "Nihol" mukofoti sovrindori Gulasal ABDULLAEVA "So`g`diyona" gazetasi uchun intervyu berdi. —Keling, suhbatni eng oddiy savoldan boshlasak, ayni kunlarda nimalar bilan bandsiz? —Ijodiy izlanishlar ummonidaman desam, mubolag`a bo`lmaydi. So`nggi yaratilgan qo`shig`im «Yor – yor» uchun musiqiy klip suratga olib, tomoshabinlar hukmiga havola etdik. Endilikda sho`x taronalar kuylamoqchiman. —Qisqa fursat ichida xalqqa tanilgan xonanda bir yarim, ikki, ba`zan uch oy deganda yangi ijod namunasini havola etayotganini qanday izohlaydi? —Bitta qo`shiqning yaralishi ozmuncha mehnatni talab qilmaydi. Qolaversa, bugun tinglovchilarning ham didi nozik, ularning ko`ngliga yo`l topish qiyin bo`lib qoldi. Bir yilda 2-3 ta ashula yozish va ularga klip suratga olish ijodiy sustkashlik emas, nazarimda. Ijodimning ilk yillarida ko`proq qo`shiq kuylashni istardim. Hozir o`sha paytdagi taronalarni jamlasangiz, soni oltmishtadan ortadi. Biroq ko`pini muxlislar eshitishmagan. Bugun esa shoshilmasdan ijod qilish ma`qul degan fikrdaman. —Yaqinda bir xonandadan «Mavsum payti ishlab olish kerak, qo`shiqni qishda yozsa ham bo`ladi» degan gapni eshitdim. Siz bunga nima deysiz? —Haqiqatan ham aksariyat xonandalar qishda qizg`in ijod qilishadi, ketma–ket qo`shiqlar yoziladi. Ehtimol vaqtlari bemalol bo`lgani bilan bog`liqdir bu. Axir qishda xizmatlar kamayadi-ku. Menda ham bunday holat bo`lib turadi. Lekin to`y mavsumi bo`lsa-da, ijodga ham, xizmatlarga ham birdek ulgurishga harakat qilayotgan san`atkorlar kam emas. —Siz ham ular qatoridamisiz? Tadbir yoki to`y xizmatlaridan so`ng vaqt topib yangi ijod maxsuli ustida bosh qotirishga harakat qilyapman. Shoshilmasdan, o`ylab, maslahatlashib she`r tanlanyapti, musiqa bastalanyapti, xullas Gulasal harakatda! —E`tibor bersam, «shoshilmasdan» so`zini ko`p ishlatyapsiz. Bu xarakteringiz ifodasimi yoki... —(kulib) Agar menga oddiy qiz sifatida baho bersangiz, uy ishlarida ham shoshilmayman. Hovliqib ish qilsam chala qolishi mumkin-da. Lekin xonanda Gulasal tamoman boshqa. Tadbir yo xizmatlarga aytilgan vaqtidan ertaroq boraman, kech qolgandan ko`ra shunisi ma`qul. Sahna pardozi, soch turmaklarini ham tezroq bajarishni o`rgandim. Avvallari bunday emasdi, shunga ham prodyusserimdan dakki eshitgan paytlarim ko`p bo`lgan. Hozir mashinada ketayotib ham tashqi ko`rinishimni tartibga keltirib ololaman. —Xizmatlar haqida so`z borganda albattaki, moddiy manfaatni aytmay iloji yo`q. Shu ma`noda to`ylarda kim qanchaga borishiga qizaqasizmi? —Pullik masalalarni prodyusserim hal qiladi. Xizmatlaridan tushadigan pul prodyusser va xonanda o`rtasida foiz hisobidan kelishiladi. Shu paytgacha birorta to`y xizmatiga aralashmaganman. Bu masalalar bilan prodyusser hamda ma`murim shug`ullanishadi. —Tushunarli, hamkasblaringizning «maoshi»ni surishtirib turarsiz, hech bo`lmasa? —So`rab–surishtirgan joyim yo`g`-u, lekin ma`murimning telefondagi suhbatlaridan ba`zi ma`lumotlar quloqqa chalinib qoladi. «Falonchi xonandani gaplashib bering» deya iltimos qilguvchilar bo`ladi-da. Shunda eshitib qolmasam, boshqa payt kim qancha topayotgani bilan qiziqmayman. —Ayrim san`atkorlarning birrovlik xizmati kimlarningdir oylik maoshidan ham ko`p. Bu darajada narh qo`yish qanchalik to`g`ri, sizning-cha? To`y qilaman deb, qarz qavola qilinishi shartmi? —«3-4 ta qo`shiq aytdi-yu, ketdi, shunga falon so`m oldi-ya» degan gaplarni ko`p eshitamiz. To`g`ri, har kim o`z fikrini bildirishga haqli. Ammo odamlar aytayotgan 3-4 ta qo`shiqning yaratilishi uchun qancha mablag` sarflanadi. Klip, sahna liboslari, pardoz, soch turmagi ham oz munchaga tushmaydi. Bunisi ham mayli, televidenie, radioda chiqish qilaman desangiz, belgilangan tartibda to`lovini amalga oshirasiz. Xo`sh, bularga qaerdan pul olsin san`atkor? Xizmatlardan topganini ijodiga sarflaydi, oilasi, ro`zg`ori, bola–chaqasiga ajratadi. To`yga sozandalar bilan birga boradigan san`atkorlarning topgani, guruh a`zolari o`rtasida teng taqsimlanadi. Xonandalar haqida gap qilayotganlar tanganing ikkinchi tomoni borligini ham bilib qo`yishgani ma`qul. Bu bilan kimnidir oqlamoqchi emasman, har qaysi san`atkor ijodi, taniqlilik darajasidan kelib chiqib, narh qo`yadi. Ba`zan mashhur ayol san`atkorlar bilan suhbatlashib, «Unisiga etmadi, bunisi chala qoldi» degan gaplarni eshitaman va hayron bo`laman, «U ham puldan qiynalishi mumkin ekan» deb. O`zimdan qiyos kundalik foydalanish uchun kiyim sotib olmasam ham sahna liboslariga doim e`tibor beraman. Negaki, bitta tadbirga kiyib borgan ko`ylagingizni boshqasiga kiyolmaysiz. Yangisini sotib olish esa pul turadi. Ko`ryapsizmi, san`atkorlarga ham oson tutmang. Xalq xizmatida bo`lib, kezi kelsa yaqinlarimizning shodiyona kunlarida ham qatnasholmaymiz. Biror kim yordamimizga muhtoj bo`lsa-da, lafz qilganman deya tadbir yo xizmatlarni bekor qilolmaymiz. —Savolim to`g`ri nishonga tegdimi deyman, jiddiylashdingiz?.. —Yo`q, shunchaki o`z fikrimni aytdim, xolos. Men xalqni tinglash, uning fikri bilan qiziqish tarafdoriman. Ammo san`atkorlar ham hamma qatori inson, ularning ham o`zlariga yarasha xarajatlari bor. —San`atni deya yaqinlarim bilan ko`risha olmayman deyapsiz. O`sha paytlarda «Nega ham shu kasbni tanladim?» degan alam bo`lmaydimi? —Asta aytasizmi, ba`zan jahlim chiqadi, achchiqlanaman, yig`layman ham. Ammo tezda o`zimni qo`lga olib, «Noliyotganim yo`q, Xudoyim» deyman. —Tadbirlarda boshqa xonandaning qo`shig`ini ijro qilib bering deb so`rashsa, qanday yo`l tutasiz? Misol uchun bu Munisa Rizaeva, Rayhon yoki Gulsanam Mamazoitova ashulasi bo`lsin... —Ba`zan ustoz san`atkorlarning repertuarlaridan so`rab turishadi, masalan O`zbekiston xalq artisti Yulduz Usmonova, O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artist Gulsanam Mamazoitova qo`shiqlaridan, imkon qadar kuylab beraman. Lekin shu paytgacha Munisa yoki Rayhonning taronalarini so`rashmagan —Endi so`rab qolishsa-chi? —Bilgan taronamni ijro qilib beraman, «Uzr, aytolmayman» demaymanu. —Qo`shiqlarini boshqa hamkasblaridan qizg`onish kayfiyati sizga tanishmi? —Yo`q. Yaqinda bo`lib o`tgan voqeani aytaman, to`ylardan birida navbatim kelishini kutib o`tirdim. Mendan avval kelgan yosh xonandalardan biri «Gulasal chiqaversinlar men ulardan keyin» dedi. To`yda qarindoshlarim ham o`tirishgandi. 4-5 ta qo`shiq kuylab, to`yxonadan chiqib ketganimdan so`ng, haligi yaqinlarim "Sizdan keyin falon qiz xorazmcha qo`shig`ingizni kuyladi" deyishdi. "Omadini bersin" dedim eshitib. —Ya`ni sira ham g`ashlik yo`q? —Albatta! Agar mendan qo`shiqning «minus» varianti, ya`ni yozilgan musiqasining o`zini so`rashsa, jon deb beraman. —Bunaqada hamma qo`shiqlaringizni tarqatib yuborasiz-u? —Hozirga kelib, 50-60 foiz qo`shiqlarimning musiqasi turli viloyatlarga tarqab ketgan. So`rab kelishadi, yo`q demaymiz, mayliga kuylayverishsin. Ba`zan viloyatlardagi tadbirlarga kirib borsak, qo`shiqlarimdan biri ijro etilayotganiga guvoh bo`laman va bu yoqimli holat. —Tarona musiqasini yaratish uchun qancha vaqt, mablag` sarflanadi, aranjerovka qilinadi. Siz esa tayyor mahsulotni qo`shqo`llab berib yuborarkansiz? —Qo`shiq meniki ekanligini bilishadi-ku, agar musiqasiga ovoz yozib, klip ishlasa bu noto`g`ri. Qolaversa, bugun yozilgan musiqani ertagayoq berib yubormaymiz. Tarona tanilib, ommalashsagina iltimoslar rad etilmaydi. —Eshitishimcha, qaysidir xonanda sizga duet kuylash taklifini bildiribdi-yu, rad etibsiz. Shunday bo`lganmidi? —Qaysi birini aytsam ekan? —Shunchalik ko`pmi ular? —Yo`g`-e (kuladi) erkak xonandalardan duet kuylash taklifi bo`lib turadi, ammo prodyuserim hozircha bunga ruxsat bermayapti. Hali hamkorlikdagi qo`shiqlarga tayyor emasman. —Ijod qilayotganingizga to`rt yil bo`lyapti, hali ham tayyor emasman deysizmi? Bu nimasi? —Rostini aytsam, duetlar meni u qadar qiziqtirmaydi. To`g`ri, niyatlarim bor, masalan, O`zbekiston xalq artistlari Yulduz Usmonova, Ozodbek Nazarbekov bilan duet ijro etishni istayman. O`zbekistonda xizmat ko`rsatgan artistlar Ziyoda, Sevara Nazarxon bilan hamkorlik qilsam deyman, lekin shoshilmayapman. —Telekanalardan birida bo`lib o`tgan loyihada ikki soatcha s`yomka boshlanishini kutib turdingiz. Meni hayron qoldirgani biror marotaba e`tiroz bildirmadingiz, hamisha shundaymisiz? —Poytaxtga endi kelgan kezlarim, prodyuserim ko`p aytardi: «Xushyorroq bo`l, bo`shashma» deb. Salgina dadillashdim-u, ammo baribir vazminligim bor. Hamskablarim ham ko`p so`rashadi «Nega bunaqa jim turasiz?» deb. Tabiatim shunday-da nima qilay. Gohida o`ylab qolaman biologik yoshim 40 lardan oshgan-ov deya. Onamning aytishlaricha, bolalagimda ham ko`pchilikka qo`shilmas ekanman. Bilmadim nega, katta–kichik davrlarni u qadar ham yoqtiravermayman. Buning o`rniga qo`shiq yozganim yaxshi. —Namanganga borganingizda sinfdoshlar bilan ko`rishib turasizmi? —Bir necha hafta avval Namanganda bo`ldim. Qarindoshlar, sinfdoshlarim bilan ko`rishdim, albatta. Xolalarim galma-gal mehmonga chaqirishadi, do`stlarim bilan esa xuddi maktab davrigidek kulishib gaplashamiz. Ayrimlari menga «Siz» deya murojaat qilishadi-yu, uyatga qolaman. «Unday demang-e, men o`sha Gulasalman» deyman kulib. O`quvchilik yillarimiz maktabdagi har bir tadbirda qatnashardim, o`g`il bolalar boshqa qizlarning jig`iga tegishsa ham meni ayashardi. Qishda qorbo`ron o`ynasak hech kim menga qor otmasdi, bolalar «Asalga qor otmaymiz» deya bir–biriga aytib qo`yishardi. Dugonalarim bo`lsa, nega senga boshqacha muomala qilishadi, deya achchiqlangan paytlari ham bo`lgan. —Gulasal, imijni o`zgartirish fursati etmadimikan, nima deysiz? —To`g`ri aytasiz, endi o`zgarishim kerak. «Yor-yor» klipida pardozni yangilab ko`rdik, menimcha yaxshi chiqdi. —So`zingizni tasdiqlayman, haqiqatan ham yangilik bor, ammo bu s`yomka uchun obraz-da?.. —Suratga olish jarayonida yangi stilist bilan ishlab ko`rdim, menga ma`qul bo`ldi. Yaqinda singlim ham aytayotgandi, «Opa, salgina o`zgartiring imijingizni» deya. —Demak? —Imijimni o`zgartiraman! —Juda soz, kutamiz! Keling endi sovchilar haqida so`ray, to`y qachonga mo`ljallanyapti? —Namanganga so`rab borganlar ham bo`lyapti. Ota–onam, prodyusserim «Kelasi yil to`y qilamiz» deyishayotganiga qaraganda, keyingi yil turmushga chiqsam kerak. Bo`lajak umr yo`ldoshim kimligi va qaysi kasbda faoliyat yuritishidan qat`i nazar, muhimi meni tushunadigan inson bo`lsin. —To`y aniq bo`lgach, xabarlasharsiz-a, Gulasal? —Albatta, birinchi bo`lib aytaman. —Kelishdik! Ilohim o`zingiz istagandek insonni uchrating! —Rahmat! Dildora YuSUFBEKOVA suhbatlashdi.
Manba: "darakchi.uz"
| |
|