14:18 HAMAS Isroil bilan yarashish uchun asosiy shartini aytdi | |
HAMAS harakatining Falastin tashqarisidagi siyosiy byurosi rahbari Xolid Mash’al Isroil bilan yarashish uchun asosiy shartlarni ma’lum qildi. Yahudiylar birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatishi shart, dedi u. «Turkiya, Qatar va Misr G‘azo sektori va Quddusda deeskalatsiyaga erishish va isroilliklarning hujumlarini to‘xtatish uchun urinishmoqda. Birinchi navbatda o‘t ochishni to‘xtatish kerakligi haqidagi talabni vositachilarga yetkazdik», — dedi Mash’al. Turkiyaning «TRT Arabic» telekanalida bergan bayonotida u, shuningdek, HAMAS isroillik harbiylar Al-Aqso masjididan olib ketilishi, namozga keluvchilarning erkin kirib-chiqishiga ruxsat berilishi, so‘nggi eskalatsiya paytida qo‘lga olinganlarni ozod etish, Shayx-Jarroh aholisi ko‘chirilishini bas qilish talabini ilgari surganini aytdi. G‘azo sektori chegarasi va Isroil o‘rtasidagi ziddiyat 10-may kechasi keskinlashib ketgandi. Isroil armiyasi birinchi bo‘lib Falastin tomonidan raketalar uchirilganini ma’lum qilib, G‘azoga yuzlab raketa zarbalari berdi. So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilda yetti nafar fuqaro va bir askar halok bo‘lgan. Falastin sog‘liqni saqlash vazirligi xabariga ko‘ra, 126 kishi halok bo‘lgan, 950 kishi yaralangan. Falastinliklar Isroil harbiylarini zaharli gazlar qo‘llashda ham aybladi.
Manba: "xabar.uz"
| |
|