Главная » 2016 » Ноябрь » 9 » Hayotiy hikoya: Turmush o‘rtog‘im ishsiz qoldi
14:17

Hayotiy hikoya: Turmush o‘rtog‘im ishsiz qoldi


Bunday vaziyatda ba’zi oilalar darz ketsa, boshqalari esa aksincha, hamjihatlashadi. Ayni holatda ayol kishining o‘zini qanday tutishi ko‘p narsani hal qiladi. 

Hayotiy vaziyat. Bir dugonam bor: o‘qimishli, faol, ikki farzandning onasi. 25 yoshida nomzodlik dissertatsiyasini yoqlaganida hamma uning kelajagiga katta umid bog‘lagani yodimda. Hozir shu ayol ishlamay, uyda o‘tiribdi. Sababi eri ishsiz qolganmish. Agar u hozir ishga tushib ketsa, turmush o‘rtog‘i tamoman boqimanda bo‘lib olarmish. Bu shundoq ham uzzukun cho‘zilib yotib, hatto o‘zini ish izlayotgandek qilib ko‘rsatishga ham erinayotgan erni tarbiyalash uchun, yumshoq qilib aytganda, g‘alati tadbir, to‘g‘rimi?! Yana kim biladi deysiz? To‘n ilig‘i egasiga ma’lum, deyishadi-ku!

O‘zingizni qo‘lga oling!

Avvalo, eringizdan ham oldin o‘zingizni tinchlantiring. Juda dahshatli halokat sodir bo‘lgani yo‘q, axir! To‘g‘ri, bu jiddiy ko‘ngilsizlik. Ammo bo‘lar ish bo‘ldi. Asabiylashgan bilan hech nimani o‘zgartira olmaysiz. Aslo juftingizga jahl qila ko‘rmang. Uni koyish haqida esa gap ham bo‘lishi mumkin emas. Erkaklar, odatda, omadsizliklarni juda yomon qabul qilishadi. Shuning uchun yonlarida hadeb vahima qilaveradigan, dam-badam uf tortib, «endi nima qilamiz?» deya javrayveradigan emas, ovutib, tinchlantiradigan va ayni vaziyatda eng to‘g‘ri qarorni qabul qilishiga sharoit yaratadigan ayolni ko‘rishni istashadi. Sizdagi o‘ziga nisbatan ishonchni oqlash va farzandlaringizning kelajagini ta’minlash uchun ham eringiz dast o‘rnidan turib, yangi ish izlashi tayin. Izlagan esa hamisha imkon topadi!

Erni «o‘z qobig‘i»dan chiqaring

Ko‘pchilik erlar, odatda, ish haqida gapirishmaydi. Ishsiz qolganda esa bir og‘iz so‘z aytmay, o‘z qobiqlariga o‘ranib olishlari mumkin. Natijada chuqur tushkunlik holatidan uzoq vaqtgacha qutula olmaydilar. Bu esa yangi ish topish va hammasini qaytadan boshlashga imkon qoldirmaydi. Ayni vaziyatda erkak kishini o‘z qobig‘idan chiqarishga harakat qilish kerak. Biroq qanday? Oz-ozdan uni suhbatga torting. O‘zingiz, umumiy tanishlaringiz haqida gap boshlang. Asta-sekin gapni uning o‘zi tomon buring. Agar juftingiz jahl qila boshlasa, shu joyda gapni to‘xtatasiz. Demak, u hali bunday suhbatga tayyor emas. Biroq hafsalangizni pir qilib, uni o‘z holiga tashlab qo‘ymang. Har kuni oz-ozdan harakat qilsangiz, oxiri u «ochiladi».

Hech nima o‘zgarmadi

Aksar erkaklar ishdan bo‘shagach, atrof-muhit iloji boricha eskicha qolishini istashadi. Siz ortiqcha xatti-harakatingiz bilan eringizning shundoq ham tarang asab torlarini tortmang. Agar uy bekasi bo‘lsangiz, o‘zingizcha «erimga yordam beraman» deb, ish izlashga tushib ketmang. Buni u bilan bamaslahat qiling. Aks holda eringiz, «endi xotin, bola-chaqamni boqa olmas ekanman-da, bunga hatto ayolim ham amin bo‘libdi. Ana, o‘zi ish izlayapti», deb, battar tushkunlikka tushadi. 

O‘zingizni hech nima bo‘lmagandek tuting. Lekin ro‘zg‘orda tejamkorlikni unutmang. Buni birinchi navbatda o‘zingizdan boshlang: uyali telefon o‘rniga uy telefonidan foydalanish, sochingizni sartaroshxonada emas, uyda turmaklash, gap-gashtaklaru ziyofatlardan vaqtincha voz kechish kabilar shular jumlasidandir. Qolaversa, «gap»dagi dugonalaringizga ahvolni tushuntirsangiz, balki keyingi oyning pulini sizga navbatsiz yig‘ib berishar. Lekin bularning barini eringizga minnat qilib emas, boshqalarga bildirmay amalga oshirganingiz ma’qul. O‘zini yo‘qotmay, ro‘zg‘orni eplayotgan, avvalgidek kulib-yashnab yurgan, shunday qiyin vaziyatda unga madad bo‘layotgan ayoli uchun erlar hamma narsaga tayyor bo‘lishadi. Tez orada ishlari yurishib ketsa, yana rohatini o‘zingiz ko‘rasiz.

Eringizdan ko‘proq pul topsangiz…

Shunday bo‘ladiki, turmush o‘rtog‘ingiz ishsiz qolgan bir paytda sizning ishlaringiz yurishib ketadi. Bu juda nozik holat. Avvalo, unutmang, er-xotin — qo‘sh ho‘kiz, deyishadi. Qiyin vaziyatga tushib qolganda «seniki-meniki» yo‘q. Buni qulog‘ingizga quyib oldingizmi?! Endi juftingizning ham qulog‘iga quying. Toki «xotinimning topganiga qaram bo‘lib qolamanmi», deya ich-etini yemasin. Siz nafaqat oilani moddiy jihatdan ta’minlashingiz, balki umr yo‘ldoshingizga ma’naviy madad ham bo‘lishingiz kerak.

Xolis maslahatchilardan uzoqroq yuring

Biror qiyinchilik qarshisida qolgan oilalarga maslahat beruvchilar ko‘p bo‘ladi. Eringizni qanday qilib pul topishga majbur qilish (boshqacha aytganda, munosabatlaringizga darz ketkazish) haqida yo‘l-yo‘riq ko‘rsatuvchilar ko‘payadi. Himoyada qattiq turing. Chunki erkak kishi qasoskor bo‘ladi: inqirozdan eson-omon o‘tib, ishlari yurishib ketganidan so‘ng kunda «pul toping» deya uning asablarini egovlaganingizni unutmasligi, endi sizga kamroq tayanib, boshqalarga e’tibor qaratishi ham mumkin. Bu esa sizning sinovdan yaxshi o‘tolmaganingizni bildiradi.

Me’yorni unutmang

Biz ayollar biror ishga kirishsak, mukkasidan ketish odatimiz bor. Eringizni stresdan himoya qilaman deb, ortiqcha erkalatib yubormang. Ro‘zg‘orni bir kishi eplashi qiyin. «Xotinim hammasini o‘zi eplayapti-ku», deb televizor qarshisini «ishg‘ol» qilib olsa, nima qilasiz? Xudo asrasin! Asta-sekin uni ishlashga rag‘batlantirish kerak. Masalan, «falonchi o‘rtog‘ingiz «Matiz»ini «Neksiya»ga almashtiribdi», yoki «pistonchi onasini hajga olib ketayotgan emish», kabi erkaklarda poyga hissini uyg‘otadigan gaplardan qiling. Xullas, juftingizga qanday ta’sir qilishni o‘zingiz yaxshi bilasiz. Ko‘rasiz, ko‘p o‘tmay, u ishga otlanib qoladi.


Manba: "darakchi.uz"
Категория: Mutoala sahifa | | Теги: Hayotiy hikoya, ishsiz, Turmush o‘rtog‘im, qoldi | Рейтинг: 0.0/0

Copyright © Tarona.net Media 2014-2024 | Все права защищены | Реклама |
Мы не несём ответственности за содержание. | Права на фильмы принадлежат их авторам. Все фильмы представлены только для ознакомления. |
Администрация не несет ответственности за размещенные пользователями нелегальные материалы! Любой фильм будет удален по требованию правообладателя

Создать бесплатный сайт с uCoz