19:30 Imomali Rahmonning jiyanlari onasining vafotidan keyin Sog‘liqni saqlash vazirini do‘pposladi | |
Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning uch nafar jiyani shifokorlar va mansabdorlarni qattiq do‘pposladi. Bu haqda “zakon.kz” yozmoqda. Ma’lum qilinishicha, Prezidentning singlisi uchun ataylab Germaniya, Rossiya va O‘zbekistondan tajribali mutaxassislar taklif qilingan. Uning o‘limidan ikki soat avval xalqaro mutaxassislar tojikistonlik shifokorlarning bemorni davolash uslubini noto‘g‘ri, deb atagan.
Nashrga ko‘ra, Tojikiston Sog‘liqni saqlash vaziri Jamoliddin Abdullozoda va davlat rahbari ijro apparati qoshidagi tibbiyot markazi rahbari Xolmahmad Rahimzoda eng ko‘p jabrlangan: vazir jag‘iga kuchli zarba qabul qilib olgan, markaz rahbarining esa boshi qattiq lat yegan, qolgan shifokorlar yengilroq jarohat olgan. Shu o‘rinda, nashr SSV rahbari 26 iyul kuni AQSH tomonidan Tojikistonga 1,5 million doza Moderna vaksinasi yetkazib berilishi munosabati bilan o‘tkazilgan matbuot anjumanida qatnashmaganini shubha ostiga olgan. Vazir o‘rinbosari Shodixon Jamshid esa jurnalistlarga Jamoliddin Abdullozoda xizmat safari bilan chet elga ketganini aytgan. Tojikiston IIV voqea yuzasidan surishtiruv boshlagan, hozircha hech kim qo‘lga olingani yo‘q. Ma’lumotlarga qaraganda, Imomali Rahmonning o‘ndan ortiq yaqinlari koronavirusga chalingan. Eslatib o‘tamiz, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmonning singlisi — 64 yoshli Qurbonbiy Rahmonova joriy yilning 20 iyul kuni koronavirus sabab hayotdan ko‘z yumgandi. Undan sal avval, 5 iyul kuni Prezidentning qaynonasi O‘zbekbiy Asadulloyeva ham COVID-19 oqibatida vafot etgan. Tojikiston SSV statistikasiga ko‘ra, 27 iyul holatiga ko‘ra, mamlakatda pandemiya boshidan buyon 14 673 kishida koronavirus aniqlangan, shularning 118 nafari vafot etgan. Ammo tibbiyot xodimlari va ekspertlar rasmiy statistikani shubha ostiga qo‘ymoqda.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|