18:21 Iroqda namoyishchilar parlamentga bostirib kirdi | |
Qayd etilishicha, namoyish vaqtida parlamentda bironta ham deputat boʼlmagan. “Yashil hudud” Iroq poytaxtining alohida muhofaza qilinadigan sektori boʼlib, u yerda hukumat binolari, xalqaro aeroport va harbiy aerodrom joylashgan. Namoyishchilar parlamentga hujum qilib, Muhammad al-Sudaniy nomzodining mamlakat Bosh vaziri lavozimiga koʼrsatilishiga norozilik bildirgan. Chunki ular Sudaniyni Eronning odami deb hisoblaydi. Hukumat rahbari vazifasini vaqtincha bajaruvchi Mustafo al-Kozimiy namoyishchilarni binoni tark etishga chaqirgan, ammo namoyishchilar uni eshitmagan va bayroqlarni koʼtarib, qoʼshiqlar kuylagan, raqs tushgan. RBK xabariga koʼra, namoyishlardan xabar topgan Muqtada as-Sadr oʼzining Twitter sahifasida namoyishchilarga murojaat qilgan. “Ikki rakat namoz oʼqing va uyingizga sogʼ-salomat qayting”, degan as-Sadr. “Al Arabiya” telekanaliga koʼra, namoyishchilar parlamentdan chiqib ketgach, xavfsizlik kuchlari Bagʼdoddagi hukumat va diplomatik muassasalar joylashgan “Yashil hudud”ni toʼsib qoʼyishga kirishgan hamda u yerga qoʼshimcha kuchlar yuborilgan. Telekanal manbasining qayd etishicha, bu Islom inqilobi posbonlari korpusining (IIPK) “Quds” boʼlinmasi qoʼmondoni Ismoil Kaaniyning Bagʼdodga kelishi bilan bogʼliq. IIPK Eronning elita harbiy-siyosiy tuzilmasi hisoblanadi va u mamlakat tashqarisidagi operatsiyalarni amalga oshirish uchun javobgardir. Iroqdagi siyosiy inqiroz 2021 yil oktyabr oyidan beri davom etmoqda. Deyarli bir yil davomida mamlakat parlamenti Hukumat tarkibini shakllantira olmadi, chunki siyosiy partiyalarning hech biri hal qiluvchi koʼpchilik ovozga ega emas. 2022 yil iyun oyida “Sadrchilar harakati” partiyasi koʼpchilik ovoz toʼplay oldi, biroq parlamentdan chiqib, muxolifatga oʼtdi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|