17:59 Japarov Ukraina masalasida Putinga yoqmaydigan gap aytdi | |
Sadir Japarov sammitda Ukrainadagi vaziyat bo‘yicha Qirg‘iziston tomoni har qanday mojaro muzokaralar stolida hal qilinishi kerakligi tarafdori ekanini bildirgan. “Biz bu urushni tugatish uchun o‘zaro maqbul yechim izlashga hissa qo‘shadigan vositachilik harakatlari va tinchlik tashabbuslarini olqishlaymiz”, deb gap boshlagan Japarov. U, shuningdek, boshqa postsovet davlatlari rahbarlaridan farqli o‘laroq, kosa tagida nim kosali gap aytib, boshqa davlatlarning hududiy yaxlitligiga daxl qilinishi va ichki ishlariga aralashilishini qoralagan. “Qirg‘iziston hududiy yaxlitlik, suverenitet, davlatlarning ichki ishlariga aralashmaslik tamoyillariga qat’iy amal qiladi hamda xalqaro huquqning umume’tirof etilgan tamoyillari va normalariga rioya etilishi tarafdori hisoblanadi", deydi Sadir Japarov. Shuningdek, Qirg‘iziston Prezidenti Afg‘onistondagi ayollarning ta’lim va mehnat huquqlarining poymol etilishi muammosidan xavotirda ekanini ham aytib o‘tgan. “Afg‘onistondagi amaldagi hokimiyat vakillari bilan ikki tomonlama muloqotlar chog‘ida va xalqaro maydonlarda o‘tkaziladigan tadbirlarda ishtirok etish doirasida Qirg‘iziston Respublikasi afg‘on ayollarining ta’lim olish va mehnat qilish huquqini, shu jumladan, diniy tushunchaga asoslanganligini qayd etadi. Shu munosabat bilan, biz bu masalaga ortiqcha bosimsiz, balki Afg‘onistonning yangi hokimiyati bilan konstruktiv muloqot orqali hal qilish yo‘li bilan yondashish zarur, deb hisoblaymiz”, deydi Prezident. Japarov Afg‘oniston masalasi gumanitar jihatdan alohida e’tiborni talab qilishini va shu munosabat bilan xalqaro hamjamiyatning insonparvarlik missiyasini davom ettirish muhimligini ta’kidlagan. Ma’lumot uchun, bugun, 2 iyun kuni Issiqko‘lning shimoliy qirg‘og‘idagi Cho‘lponota shahrida Qirg‘iziston Prezidenti Sadir Japarov raisligida “Yevropa Ittifoqi – Markaziy Osiyo” sammiti bo‘lib o‘tdi. Unda Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev, Tojikiston Prezidenti Imomali Rahmon, O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyev, Turkmaniston Bosh vaziri o‘rinbosari Nurmuhammet Amannepesov va Yevropa kengashi rahbari Sharl Mishel ishtirok etdi.
Manba: "qalampir.uz"
| |
|