10:25 Jazmanning xotindan farqi | |
"Shunday go'zal xotini bo'la turib, jazman orttirib olibdi", degan gapni ko'pchilik eshitgan bo'lsa kerak. Nega erkaklar jazman orttirib oladi? Yonidagi turmush o'rtog'i ayol sifatida u jazmani oldida ming barobar ustunroq bo'lishi mumkin, lekin erkak o'sha boshqasini oldiga boraveradi. Albatta bunga ko'plab sabab bo'ladi, ularning orasidagi biri haqida gapirib o'tishni lozim deb topdik. Turmushning ilk yillarida er-xotinning munosabatlari 10-15 yil birga yashagan er-xotinnikidan tubdan farq qiladi. Bunga asosan turmush, uy-yumushlari, farzandlarning katta bo'lishi, ularning muammolari va oilada bo'ladigan boshqa muammolar sabab bo'ladi. Undan tashqari turmushning ilk yillarida erkak va ayol orasidagi ehtiros kuchliroq bo'ladi, bu esa ko'p narsaga boshqa ko'z bilan qarashga undaydi. Yillar o'tgan sari ayollarning eriga bo'lgan "talabi" ortib boraveradi. Agar oldin "Ishdan kelayotganingizda 2 dona muzqaymoq olib keling, birga yeymiz" deb so'ragan bo'lsa, keyinchalik bu iltimosni o'rniga ayolning aptekadan dori, bolaga taglik, bozordan go'sht olib kelish, "chiroq o'chdi, to'lash kerak", "oshxonada suv oqmayapti", "bolamizning maktabiga borib kelish kerak" kabi "talab"lari ko'payib boradi. Turmushda bu tabiiy holat. Lekin ba'zi bo'shroq erkaklar bundan asta charchashni boshlaydilar. Ularga uyga kelganida muzqaymoq yeb o'tirish yoqimliroqdek tuyuladi. Bunday erkaklar avallambor ma'suliyatdan qochadilar. Ana shu ma'suliyatsizlik uni jazman orttirishga undaydi. Jazmaniga borsa qanday? Doim bayram! Hech kim nolimaydi. "Bolaga yangi kiyim olish kerak", deb ming'irini qilmaydi. Faqat ba'zida o'ziga bir muzqaymoq-sovg'a so'ralib turiladi, xolos. Bunda qandaydur romantik tuyg'u bor, erkakka yoqimli bir vaziyatdir. U jazmaniga sovg'a olib keladi, jazmani unga "minnatdorchiligini" ayamaydi. Uyda-chi? Uyda talablar tugamaydi-ku, chiroqqa har oy to'lash kerak, go'shtni har xafta olib kelish kerak, qo'shni bilan bir muammoni hal qilish kerak. Minnatdorchilik-chi? Deyarli sezilmaydi! Turmushda er-xotin oila uchun qilgan ishiga minnatdorchilik bildirmaydi-ku. Shunday uy-yumushlaridan bezillab erkak jazmaniga boradi va u yerda o'zini supererkakdek his qilib keladi. U yerda u hech qanday muammoni hal qilmasa ham, qahramon bo'lib yuradi. Yonidagi ayoli jazmaniga nisbatan qanchalik yoqimli, oqila, pazanda va go'zal ekanligini ko'rmay qoladi. Erkakka doim qahramon bo'lish hissi kerak. Uydagi yumushlaridan nolivurgan ayolini eshitib o'zini qahramon etib his eta olmagani uni bu uydan bu ayoldan bezillatib qo'yishi hech gap emas. Albatta kuchli erkak o'z ayoli uchun qahramon bo'la oladi. O'sha uy-yumushlarini ko'paygan sari hal eta olib haqiqiy qahramon bo'la oladi va bunga minnatdorchilik sifatida esa baxtiyor umr kechiradi, farzandlarini baxtu-kamolini ko'radi, bo'sh erkak esa osongina jazman orttirib uning "kichik" talablarini hal qilib o'zini qahramondek his etib yuraveradi. Nailoj, eri bo'sh ekan deb ajralmaydiku. Ayol o'z erini uyida qahramon bo'lishiga unday olishi kerak. Ishdan charchab kelganida gapni muammolardan emas, kun bo'yi yuz bergan, hatto yuz bermagan bo'lsa ham, to'qib chiqarilgan yaxshi yangiliklardan boshlash lozim; Farzandlarning faqat yaxshi tomonlarini gapirish; Pul haqidagi gaplarni erkakning yaxshi kayfiyatida, qorni toq'ligida aytish; Eri hal qila olmaydigan muammoni hal qilsa bo'ladigan davrgacha surib qo'yish; Eriga yoqimsiz mavzularni aylanib o'tish; Farzandlarning muammolaridan erkakni bezillatmaslik darkor, ko'payib ketsa, vaqt topib asta-sekinlik bilan aytish; Uy-yumushdagi muammolarni birma-bir sanab o'tmay, faqat bittasidan boshlash kerak. Hal qilingach ikkinchisiga o'tish lozim. Boshida bir turishda 10ta muammo bilan erkakni boshini og'rtimaslik; Er ayolini talab va ehtiyojlarini qondirib muammolarini hal qilayotgan bo'lsa, albatta bunga urg'u berish. "Er o'z bo'ynidagi ma'suliyatni bajaryapti", deb emas, katta ish qilayotgandek bunga qarash kerak. Oilada erning qadri yuqori ekanligini his ettirish; Oilada ham er-xotin bir-birlariga minnatdorchilik bildirishni o'rganishi kerak. Minnatdorchilik "Rahmat" so'zi bilan emas, shirin muomila, shirin ovqat, sayr, farzandlarning kulgusi ko'rinishida ham bo'lishi mumkin. Hal qilingan uy-yumush muammolari qanchalik kichik bo'lmasin, ayol eriga u naqadar qiyin masalani hal eta olganini ko'rsata bilishi lozim. Ahir ayol ham ovqat pishirganida erkak maqtab yeyishini istaydiku! Ayol nimai qilsaki, eri oilada, turmushda, hatto to'shakda ham o'zini qahramondek his eta olishi kerak! Ahir erkaklar butun umr boladek. Ayollar esa avallambor onadir. Erkakni bir yo'ldan boshlab, boshini silab turish bu tabiat talabi.
Manba: "uzbaby.uz"
| |
|